Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2026   |   2 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:39
Bismillah
17 Iyun, 2026, 2 Muharram, 1448

Duo va zikrlar fazli

14.09.2019   7670   9 min.
Duo va zikrlar fazli

Alloh zikrini ko‘p qilgan kishi butun hayotida, hatto uyqusida ham ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan hisoblanadi:

«Men insonlar va jinlarni faqat menga ibodat qilishlari uchun yaratdim» (Zoriyot, 56). وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنْسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ

Allohni ko‘p zikr qilgan kishi har qanday qiyinchilik va mashaqqatdan najot topadi: Alloh subhonahu va taolo imon keltirgan, O‘zining amrlariga itoatda bo‘lib, qaytargan narsalaridan saqlanib, parhez qilgan insonlar haqida bunday marhamat qiladi:

«Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘ling, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur» (Ra’d, 28).

الَّذِينَ آَمَنُوا وَتَطْمَئِنُّ قُلُوبُهُمْ بِذِكْرِ اللَّهِ أَلَا بِذِكْرِ اللَّهِ تَطْمَ

Qur’oni karimning o‘n uchta surasi o‘n oltita oyatida zikr qilishga buyurilgan. “Zikr”ning lug‘aviy ma’nosi “Allohni yodlash”dir. Allohni ko‘p zikr etgan bandaning qalbi poklanadi, imoni mustahkamlanadi, duolari ijobat bo‘ladi, ixlosi ortadi. Abu Said Xudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: «Qaysi bir qavm (jamoa) Allohning zikri uchun yig‘ilsa, ularni farishtalar tavof qiladilar, ularga Allohning rahmati yog‘iladi, ularning davrasiga sakinat (osoyishtalik) tushadi, Alloh ularni O‘ziga yaqin farishtalar bilan birga yod etadi» (Imom Muslim). Allohga tasbeh, takbir, tahlil aytish, hamd, shukr keltirish, duo va salavotlar aytish, Qur’on tilovat qilish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot, sadaqa va infoq qilish hamda haj va umra qilish ayni zikrdir.Alloh taoloning zikrini ado etish uchun zokir ma’naviy va jismoniy jihatdan pok bo‘lishi shart. Dil va til bilan bajariladigan zikrlar, masalan, tasbeh, tahlil, tahmid, takbir,

Payg‘ambarimizga salavotlar va duolarni tahoratsiz, junub, hayzli, nifosli holda ham aytaverish joiz. Junub kishi, poklanmagunicha Qur’on oyatlaridan xoh uzun, xoh qisqa oyat bo‘lsin, tilovat qilishi haromdir. Yo‘lda yurib ketayotgan va hammomda yuvinayotgan holda zikr qilish mumkin. Zikr Allohga tazarru bo‘lgani uchun, eng go‘zal holda, qiblaga yuzini burgan, haqiqiy muhtoj kishilardek, yalinib-yolvorgan holda qilinsa, savobi ulug‘ bo‘ladi.

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Mufarridlar zafarga erishdilar». Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, “mufarridlar” kimlar?» deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga: «Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va Allohni ko‘p zikr etuvchi ayollar mufarridlardir», deb javob berdilar. Ahzob surasining 35-oyati karimasi

 إِنَّ الْمُسْلِمِينَ وَالْمُسْلِمَاتِ وَالْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَالْقَانِتِينَ وَالْقَانِتَاتِ وَالصَّادِقِينَ وَالصَّادِقَاتِ وَالصَّابِرِينَ وَالصَّابِرَاتِ وَالْخَاشِعِينَ وَالْخَاشِعَاتِ وَالْمُتَصَدِّقِينَ وَالْمُتَصَدِّقَاتِ وَالصَّائِمِينَ وَالصَّائِمَاتِ وَالْحَافِظِينَ فُرُوجَهُمْ وَالْحَافِظَاتِ وَالذَّاكِرِينَ اللَّهَ كَثِيرًا وَالذَّاكِرَاتِ أَعَدَّ اللَّهُ لَهُمْ مَغْفِرَةً وَأَجْرًا عَظِيمًا

Albatta, muslim va muslimalar, mo‘min va mo‘minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo‘y erkaklar va rostgo‘y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozeli (kamtar) erkaklar va tavozeli ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro‘za tutuvchi erkaklar va ro‘za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr etuvchi ayollar – ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir.

 

 Bu oyat madinalik Ummu Amora roziyallohu anhuning Rasul sollallohu alayhi vasallamga: “Qur’onda faqat erkaklar to‘g‘risida ahkomlar nozil bo‘lmoqda. Ayollar zikr qilinmayotir”, – deganida nozil qilingan .

«Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va Allohni ko‘p zikr qiluvchi ayollar – ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofot (ya’ni, jannat)ni tayyorlab qo‘ygandir» tafsirida ulamolar turli fikrlar bildirishgan. Ya’ni, «Allohni ko‘p zikr qiluvchilar» deb kimlarni aytiladi? Said ibn Jubayrning so‘zlariga ko‘ra, har bir kishi biror amalni bajarishda Allohga itoat, Uning roziligini topish niyatida bo‘lar ekan, u odam zokirdir. Abu Said Xudriy rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Erkak kishi yarim tunda o‘z ayolini uyqudan uyg‘otsa, ikkovlari ham ikki rakat namozni o‘qisalar, ular «Allohni ko‘p zikr etuvchi erkaklar va Allohni ko‘p zikr etuvchi ayollar» qatoriga yoziladi (Imom Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja).

Imom Abul Hasan Vohidiy Ibn Abbosdan eshitib, aytgan fikrlaricha, ular besh vaqt namozdan keyin ham, ertalab ham, kechqurun ham, yotgan joylarida ham, uyqudan uyg‘ongan vaqtlarida ham, uylaridan ketayotgan va qaytib kelayotgan vaqtlarida ham Allohni zikr etuvchilardir. Mujohid aytadi: «Tik turganida ham, o‘tirganida ham, yotganida ham Allohning zikrida bo‘lmagan erkaklar va ayollar «Allohni ko‘p zikr etuvchilar»dan bo‘lmaydilar». Ato ibn Raboh aytadi: «Besh vaqt namozning haqlarini mukammal ado etgan kishilar «Allohni ko‘p zikr etuvchilar»dan sanaladi» (Imom Navaviy. “Al-Azkor”, 10-bet).

«Qasamkiagar sizlar (Mening bergan ne’matlarimga) shukr qilsangizlaralbatta (ularni yanada) ziyoda qilurman» (Ibrohim surasi, 7-oyat);

Garchi ushbu oyatda shukr qilish va noshukrlik oqibatlari Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, lekin uning hukmi umumiy bo‘lib, to qiyomatga qadar keladigan barcha insonlarga tegishlidir. Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma’naviy ne’matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne’matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in’om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

 Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in’om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne’matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi .

Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o‘zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo‘lsa qaytarish aynan olijanoblikdir.

«Hamdu sano …Allouchundirdeb ayting»  (Isro surasi,
111-oyat);

 Jannat ahli biror narsa yeyishni istab qolsalar tasbeh aytar ekanlar. Ya’ni “Subhonakallohumma” deyishlari bilan ko‘ngillari istagan taom va boshqa noz-ne’matlar muhayyo bo‘lar ekan. Muakkal xizmatkorlar ularning tasbehlarini eshitishlari bilan dasturxonlarda yetmish ming xil bir-biriga o‘xshamagan taomlarni keltirar ekanlar.

Taomdan forig‘ bo‘lib Allohga hamd aytishlari bilan xizmatkorlar dasturxonlarni yig‘ishtirib olib ketar ekanlar. Oyatning boshqacha tafsiri – jannat ahli Allohning zotu sifatlariga loyiq hamdu sano va tasbehlarni aytishdan rohatlanar ekanlar. Demak, bu zikrlari xursandlik va mamnuniyat alomatlari ekan. Hadisda: “Jannat ahli yeb ichadilar, lekin ulardan hech qanday chiqindi, axlat kabi narsalar chiqmaydi. Balki yegan ovqatlari mushku anbar hidi kabi bug‘ va yel shaklida chiqib ketadi”, – deyilgan.

 Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Isro kechasi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga ikkita qadah keltirildi. Birida sharob, ikkinchisida sut bor edi. Rasululloh (s.a.v.) ularning ikkoviga qarab turib sutni oldilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Allohga hamd bo‘lsin. U sizni haq bo‘lgan Islom fitratiga hidoyat qildi. Agar sharobni olganingizda, ummatingiz zalolatga ketar edi», dedilar. Imom Muslim rivoyati. Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Har bir muhim ish Allohga hamd aytish bilan boshlanmasa, oxiri kesikdir», dedilar. Abu Dovud va boshqalar rivoyatlari.

 Abu Muso al-Ash’ariydan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar biror kishining farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalariga: «Bandamning farzandi (joni)ni oldinglarmi?» deydi. Farishtalar: «Ha», deb javob berishadi. Alloh: «Bandam qalbining mevasini oldinglarmi?» deydi. Farishtalar yana: «Ha», deyishadi. Alloh taolo: «Bandam nima dedi?» deb so‘raydi. Farishtalar: «Senga hamd va istirjo’ (ya’ni, «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», deb) aytdi», deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Bandam uchun jannatda bir uy quringlar va uni hamd uyi, deb atanglar», deydi», dedilar. Imom Termiziyrivoyati. Anasdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)   «Agar bir banda har luqma tanovul qilayotganida va har ho‘plam ichimlik ichayotganida Allohga hamd aytsa, Alloh taolo o‘sha bandasidan albatta rozi bo‘ladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti Axborot resurs markazi rahbari M. Saidjalolova 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Giyohvandlik: oila, jamiyat va kelajakka tahdid

16.06.2026   3499   3 min.
Giyohvandlik: oila, jamiyat va kelajakka tahdid

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ba’zan birgina noto‘g‘ri qadam insonning butun hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Afsuski, shunday xatolar borki, ularning og‘ir oqibatlari nafaqat insonning o‘ziga, balki uning oilasi, farzandlari va yaqinlariga ham ta’sir qiladi. Giyohvandlik ana shunday illatlardan biri bo‘lib, u insonni jismonan va ma’nan yemirib, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf soladi.

Bugun dunyo miqyosida giyohvandlikka qarshi kurash dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki bu illat sabab minglab insonlar o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotmoqda, oilalar parokanda bo‘lmoqda, yoshlarning orzu va maqsadlari barbod bo‘lmoqda. Bir qarashda shaxsiy muammodek ko‘ringan giyohvandlik aslida butun jamiyatning dardi hisoblanadi.

Dinimiz Islom inson hayoti, sog‘lig‘i va aqlini muhofaza qilishga alohida ahamiyat qaratadi. Alloh taolo Qur’oni karimda insonni halokatga olib boruvchi ishlardan qaytargan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa har qanday mast qiluvchi narsa man etilganini ta’kidlaganlar. Zero, aql insonga berilgan eng buyuk ne’matlardan biri bo‘lib, uni zaiflashtiruvchi yoki yo‘q qiluvchi har qanday vosita insonning o‘ziga ham, jamiyatga ham zarar keltiradi.

Giyohvandlikning eng og‘ir zarbasi inson salomatligiga tushadi. Bu illat asab tizimini izdan chiqaradi, ichki a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ruhiy muammolarni keltirib chiqaradi. Vaqt o‘tishi bilan inson mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotadi, hayotga bo‘lgan qiziqishi so‘nadi, o‘zining oilaviy va ijtimoiy mas’uliyatini anglashdan uzoqlasha boshlaydi.

Biroq masalaning yanada xavotirli tomoni shundaki, giyohvandlik faqat bir insonning emas, butun oilaning fojiasiga aylanadi. Ota-onalar farzand dog‘ida qolishi, turmush o‘rtoqlari orasida mehr-oqibat so‘nishi, farzandlar e’tibor va tarbiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. Bunday muhitda voyaga yetayotgan bolalarning kelajagi ham xavf ostida qoladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, giyohvand moddalar inson nasli va sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa kelajak avlodning jismoniy va ruhiy kamolotiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu ma’noda giyohvandlik nafaqat inson hayotini, balki millat kelajagini ham tahdid ostiga qo‘yadi. Zero, sog‘lom avlod har qanday mamlakatning eng katta boyligi hisoblanadi.

Bugungi kunda yoshlarni bu illatdan asrash har birimizning burchimizdir. Avvalo, oilada farzand tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Ota-ona farzandining do‘stlari, qiziqishlari va bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganidan doimo xabardor bo‘lishi kerak. Shuningdek, ta’lim muassasalari, mahalla va keng jamoatchilik ham yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.

Yoshlar qalbida ezgulik, Vatanga muhabbat, halol mehnatga hurmat va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish giyohvandlikka qarshi eng samarali choralardan biridir. Chunki ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lgan joyda turli yot g‘oyalar va zararli odatlar ildiz otishi oson kechadi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, giyohvandlik inson hayoti, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyoti uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi og‘ir ijtimoiy illatdir. Uning oqibatlari bir inson taqdiri bilan cheklanib qolmaydi, balki butun millat kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois har birimiz bu baloga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz, farzandlarimizni ogohlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashimiz zarur. Zero, sog‘lom avlod yurtning tayanchi, millatning kelajagi va Vatan taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.


Nurulloh MAHKAMOV, 
Chust tumani bosh imom-xatibi.

MAQOLA