Sizni “Faqirlik ayb emas. Alloh faqirlarni ko‘proq yaxshi ko‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham faqir bo‘lganlar. Qanoat tuganmas xazinadir. Zohidlik fazilat, tama’ razolatdir. Samimiylik faqirlarning dastmoyasidir. Boylar birovlarning qonini so‘ruvchi kishilardir. Boylik giyohvand moddaning bir turidir” deb, shu gaplarga ishontirishadi. Ular sizni faqirligingizdan rohatlanadigan, ehtiyojmandligingizdan lazzatlanadigan, zaiflikka va tadbirning ozligiga rozi bo‘ladigan qilib qo‘yishadi.
Biroq, hech kim sizga Usmon va “Jayshul Usra”, Talha va uning saxovati, Zubayr va uning ko‘chmas mulklari, Ibn Avf va uning tijoratlari, Ibn Abu Vaqqos va uning sadaqalari haqida hargiz gapirmaydi. Alloh taolo barcha sahobalardan rozi bo‘lsin!
Hech kim sizga sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning kufrdan va faqirlikdan panoh so‘raganlari, “Yuqori qo‘l (beruvchi qo‘l) pastki qo‘l (oluvchi qo‘l)dan yaxshiroqdir”, “Kuchli mo‘min Allohning nazdida zaif mo‘mindan yaxshiroqdir” degan hadislarini hargiz aytmaydi. Balki ular sizga “Faqir, zaif, muhtoj bo‘lsangiz, hech qisi yo‘q” deyishadi.
Siz moddiy imkoniyat yaxshi bo‘ladigan boylik bosqichiga o‘tmang. Aks holda faqirlikdan qutulib, o‘zingizni tiklab olganingizdan so‘ng atrofingizdagi yetishmovchilik, nochorlik, kamsitish kabi holatlar haqida surishtira boshlaysiz. Bunday savollaringiz bilan sizni faqir holda ko‘rishni istaganlarni noqulay ahvolga solib qo‘yasiz.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
قُلْ مَنْ حَرَّمَ زِينَةَ اللّهِ الَّتِيَ أَخْرَجَ لِعِبَادِهِ وَالْطَّيِّبَاتِ مِنَ الرِّزْقِ قُلْ هِي لِلَّذِينَ آمَنُواْ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا خَالِصَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَذَلِكَ نُفَصِّلُ الآيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ
“Sen: “Alloh O‘z bandalariga chiqargan ziynatlarni va pokiza rizqlarni kim harom qildi?!” deb ayt. “Ular hayoti dunyoda iymon keltirganlarga, qiyomat kunida esa faqat o‘zlariga xosdir”, deb ayt. Biladigan qavmlar uchun oyatlarni mana shunday mufassal bayon qilamiz” (A’rof surasi, 32-oyat).
Yuqorida “Jayshul Usra” degan jumlani keltirib o‘tdik. Xo‘sh, o‘sha voqea qanday bo‘lgan edi?
Bu g‘azot tarix kitoblarimizda Tabuk g‘azoti nomi bilan mashhur. Bu urushda musulmonlar rumliklarga qarshi yo‘lga chiqadilar. Hiraql boshchiligida 40 mingdan ortiq rumliklar qo‘shini to‘planadi. Masofa uzoq, safar og‘ir, ob-havo issiq, suv va ozuqa kam, musulmonlar soni 30 ming atrofida bo‘lgani uchun yetishmovchiliklar bor edi. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam kishilarni qo‘shinni kerakli jihozlar bilan ta’minlashga chaqirdilar. Odamlar o‘zlaridagi bor narsalarini olib kelib, ta’minlash ishiga hissa qo‘sha boshladilar. Hatto ayollar ham o‘zlaridagi tilla taqinchoqlarni keltirib berardilar. Ana shu paytda Usmon ibn Affon roziyallohu anhu qo‘shinni mingta tuya bilan ta’minladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga o‘ng ming dinor olib keldilar. Bu pul bilan qo‘shinning uchdan birini ta’minlash mumkin edi. Mana shu tarzda buyuk sahobiy ikki olam sarvari taraflaridan bunday e’tirof etildilar: “Usmonga bugundan keyin qilgan amali zarar bermaydi”.
Quduq hodisasi
Madinadagi barcha quduqlar qurib qolgan, faqat birgina quduqda suv bor edi. Odamlar suvga muhtoj, tashnaliklari ziyoda bo‘lgan bir holatda edilar. Lekin quduq bir yahudiyga tegishli bo‘lib, musulmonlarga suvni tekinga bermasdi. Suvga ehtiyojmand musulmonlar orasida moddiy imkoniyati kamlar ham bor edi. Ular suv uchun to‘lov qilolmasdilar.
Ichadigan suving yahudiyning qo‘lida bo‘lsa nima qilasan?
Musulmonlar suvdan bemalol bahramand bo‘lishlari uchun biror musulmon o‘sha quduqni sotib olishi kerak. Ana shu sotib olgan inson Usmon roziyallohu anhu bo‘ldilar. U kishi quduqni sotib olib, musulmonlarga vaqf qildilar. Shundan keyin musulmonlar tekinga bemalol suv ichadigan bo‘lishdi. Ha, Usmon roziyallohu anhu musulmonlarni qiyin vaziyatdan chiqishlariga sabab bo‘lgandilar.
Menga Madina bozorini ko‘rsatib qo‘y
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu Madinaga hijrat qilib bordilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam muhojirlar bilan ansorlarni birodar qilib qo‘yayotgan lahzalarida Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuni ansorlardan Sa’d ibn Robiy’ roziyallohu anhu bilan birodar qilib qo‘ydilar. Sa’d ibn Robiy’ roziyallohu anhu molining yarmini, pulining yarmini, yerining yarmini va ayollaridan ba’zisini Abdurahmonga taklif qildi. Shunda Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu bu taklifni qabul qilmadilar, balki, “Alloh taolo molingga va ahlingga baraka bersin! Menga Madina bozorini ko‘rsatib qo‘y!” dedilar. Shunday qilib u zot roziyallohu anhu Madina bozorlarida savdo ishlari bilan shug‘ullanib, tez fursatda sahobalarning eng boylaridan biriga aylandilar. Vafot etganlarida o‘zlaridan juda ko‘p mol meros bo‘lib qolgani, ayollarining har biriga merosdan 80 ming dinordan ulush tekkani tarix kitoblarida keltiriladi.
Demak, dinimizda boy bo‘lishdan qaytarilmagan, hadisi shariflarda musulmonning qo‘lidagi halol mol naqadar yaxshi ekanligi ta’kidlangan.
Unutmang, faqirlik ayb emas, shuningdek, boylik ham. Jannatga faqirlar kiradi, boylar ham.
Boylar ham jannatga kirishi uchun qo‘llaridagi boylik Alloh rozi bo‘ladigan ishlarga sarf etilishi, oxiratga ajr sifatida zaxira bo‘lishi kerak. Bundan tashqari boylik insonning qalbini egallab olib, yashashdan maqsadi boylik yig‘ish bo‘lib qolmasligi, balki boylikni oxiratda ulug‘ maqom topish uchun bir vosita qilib olishi kerak.
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tarjima qildi
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi “Haj – 2026” mavsumida ziyoratchida “Nusuk” platformasidan olingan tibbiy sog‘lomlik to‘g‘risida guvohnoma bo‘lgan taqdirda unga haj vizasi berilishi haqida bayonot e’lon qildi.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi haj safari bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralarga har bir ziyoratchini sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va haj safariga borish layoqatiga mos kelmaydigan kasallik bor-yo‘qligini aniqlash majburiyatini yukladi. Bu talab hojilar xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan.
Haj-2026 hojilari diqqatiga:
Tibbiy ko‘riklardan o‘tmasdan va tegishli guvohnoma olmasdan haj vizasini rasmiylashtirish imkoni yo‘q.
Bayonotda, quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilar haj safariga yuborilmasligini ma’lum qildi:
Dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;
Minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;
Davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi o‘pkaning surunkali kasalliklari;
Jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi jigar sirrozining og‘ir bosqichi;
Og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;
Qarilik demensiyasi kasalliklari;
Homiladorlikning oxirgi uch oyi, shuningdek, yuqori xavfga ega bo‘lgan har qanday homiladorlik;
Faol yuqumli kasalliklar (shu jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va hokazo);
Kimyoterapiya yoki boshqa immunitetni susaytiruvchi muolajalardan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar;
Saudiya Haj vazirligining mazkur talablari buzilgan yoki yolg‘on ma’lumot berilgan taqdirda, Haj vazirligi tomonidan chora ko‘rilishi bildirilgan.
“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika jamoatchilik kengashi ziyoratchilarni ushbu talablarga to‘liq amal qilishga chaqiradi, hamda ushbu talablar haj ishtirokchilarining hayotini va salomatligini saqlashga qaratilganini ma’lum qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Haj va Umra markazi