
So‘z – konferensiya ishtirokchilariga
“O‘zbekiston – Buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” madaniy meros haftaligi doirasida Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Asrlar qa’ridan taralayotgan nur” mavzuida islomshunos olimlarning xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi.
Markaz matbuot xizmati anjuman ishtirokchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.
Muhammad Iltof Shayx,
Konservativ musulmon forumi prezidenti (Buyuk Britaniya):
– O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman. O‘zbek xalqining mehr-muhabbati, mehmonnovozligi menga juda yoqadi.
Bugun O‘zbekiston dunyoga yangicha nigoh bilan boqmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro anjuman va konferensiyalarda faqatgina O‘zbekistonni emas, balki butun dunyoni o‘ylantirayotgan muammolar haqida gapirmoqda. Shuning bilan birga ularning yechimi borasida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Xususan, Prezidentingizning islom dinining nufuzini oshirish, millatlararo totuvlikni ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman va buning uchun o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Men asli hindistonlik bo‘lganim uchun O‘zbekiston diyoridan yetishib chiqib, Hindistonda 300 yil hukmronlik qilgan Boburiylar sulolasi tarixini chuqur o‘rganganman. Hindistonda ilm-fan, madaniyat va ma’rifatni rivojlantirishda Boburiylarning xizmati beqiyos.
Bundan tashqari, temuriylar davri tarixini ham juda ko‘p o‘qiganman.
Hozir bemalol aytishim mumkin, mening tomirimda ham Amir Temurning qoni oqmoqda.
Sali Shaxsivari,
“Al-Furqon” islomiy meros fondi direktori (Buyuk Britaniya):
– “Al-Furqon” islomiy meros fondi Buyuk Britaniyadagi eng nufuzli muassasalardan sanaladi. Fond islomiy yozma merosni hujjatlashtirish va asrab-avaylash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, asosan tadqiqot, tasvir, kataloglashtirish, tahrir va nashr etish bilan shug‘ullanadi.
Biz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan anchadan buyon hamkorlik qilamiz. Markazga ko‘plab qo‘lyozma va toshbosma asarlarning katologlarini hadya qildik. Kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida qanday tashabbus va takliflar bo‘lsa, barchasini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Shoyista Bedar xonim,
Xudo Baxsh Sharq kutubxonasi direktori (Hindiston):
– Kasbim yuzasidan ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati bilan tanishganman. Shunday esa-da, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidagi ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlarini ko‘rib hayratlandim.
Kutubxonamizda Sharq mamlakatlaridan yetishib chiqqan ko‘plab alloma va mutafakkirlarning minglab qo‘lyozma va toshbosma asarlari saqlanadi. Bu merosning qanchadan-qanchasi haligacha o‘rganilmagan. Bugun islomshunos olimlar bilan muloqotda ularga kuchimizni birlashtirib, shu ulkan ma’naviy boylikni tadqiq etish bo‘yicha takliflarimni bildirdim.
Bizdagi ilmiy-tadqiqotchilar orasida o‘zbekistonlik yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular tadqiqot ishlarida kutubxonada mavjud adabiyotlardan keng foydalanmoqda. Hindistonliklar ham Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarning hayoti va ijodi haqida yaxshi biladi. Lekin kutubxonamizda ularning hali o‘rganilmagan ko‘plab asarlari e’tibordan faromush holda yotibdi. Kelgusida o‘zbekistonlik ilmiy-tadqiqotchilar bilan ularni tarjima qilish va zamonaviy kitob holida keng jamoatchilikka yetkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Javod Abbosiy,
Firdavsiy nomidagi Mashhad universiteti doktori (Eron):
– 3 yil avval Toshkent shahrida bo‘lgan edim. Bu safar madaniy meros haftaligi doirasida Toshkent bilan birga, Buxoro hamda qadim va navqiron Samarqandni ziyorat qildim. Konferensiya ishtirokchilari qatorida bu shaharlardagi madaniy meros obyektlari, me’moriy obidalarni, muqaddas qadamjolarni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lganimdan juda xursandman.
Uch yil oldingi O‘zbekiston bugun umuman boshqacha qiyofa kasb etgan. Xususan, buyuk muhaddis Imom Buxoriy nomi bilan ataluvchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rivojlangan mamlakatlardagi muassasalardan ham a’lo darajada bunyod etilibdi. Bu yerda tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoit faqat havas uyg‘otadi. Markazdagi tarjimonlik ishlari bilan ham tanishdim.
O‘ylaymanki, yaqin yillarda bu mehnat mahsuli butun dunyo musulmon olami uchun ulkan ma’naviy va ma’rifiy asos vazifasini o‘taydi.
O‘zA