O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga ukasi Islomxon Alimovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan marhumning chekkan zahmatlari, tortgan dardlarini gunohlariga kafforat qilib, barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning ahli-ayoli, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan muftiy hazratlariga va marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi Samarqand viloyati Ishtixon tumani Orlot qishlog‘idagi “Orlot” jome masjidida juma namozidan so‘ng o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Bugun, 30 iyul kuni Toshkent shahrida Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Davlat rahbarining qutlovini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov yetkazdi.
Prezident o‘z tabrigida ushbu ayyom yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik kabi ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil yashab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani eng katta boyligimiz ekani qayd etildi.
Tabrikda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan g‘oya asosida millatlararo munosabatlar sohasi yangi bosqichga ko‘tarilgani aytib o‘tildi. Bugungi kunda yurtimizda 153 ta milliy madaniy markaz va 36 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda, ta’lim 7 tilda olib borilib, OAVda 12 va 14 tillarda ko‘rsatuv va nashrlar yo‘lga qo‘shilgan.
Shuningdek, davlat rahbari madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida professional «Do‘stlik» ansamblini tashkil etish hamda «Alisher Navoiy» telekanalini yangi formatda yo‘lga qo‘yish rejalarini ma’lum qildi.
Tabrik yakunida Prezident yurtimizdagi tinchlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini asrab-avaylash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini uqtirib, sihat-salomatlik va ezgu ishlarda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati