Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasida anjuman tashkil etildi

4.07.2019   4519   4 min.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasida anjuman tashkil etildi

Shu yilning muborak Ramazon oyida muhtaram yurtboshimiz “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majmuasining ochilish marosimida bu joyda ulamolar,  diniy soxa xodimlarining ilmiy suhbatlarini uyushtirish, ularning malakasini oshirish hamda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ilmiy meroslarini o‘rganib, keng targ‘ib qilish yuzasidan tavsiyalar bergan edilar. Zero, umrini din xizmati, ilm ravnaqi yo‘lida sarf etgan buyuk alloma rahmatullohi alayh o‘zlari hayotlik chog‘larida ilm ahli, ulamolar, shogirdlari bilan ko‘plab ilmiy suhbatlar, anjumanlar o‘tkazar edilar. Ana shu ezgu an’ana yana davom ettirilmoqda. Endilikda, shayx hazratlari nomlari bilan atalguvchi mazkur majmuaning maxsus majlislar zalida mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar, munavvar suhbatlar, dinimiz, xalqimiz uchun manfaatli tadbirlar o‘tkaziladi.

Bugun, 4 iyul kuni birinchi bor ushbu majmuada “Hanafiylik – mo‘tadil mazhab” nomli diniy soxa xodimlarining anjumani tashkil etildi.

Avvalo anjuman aynan mazhablar mavzusida o‘tkazilishi bejiz emas. Zero Shayx hazratlari musulmonlarni doim buyuk ulamolar, ulug‘ mujtahid zotlar yo‘lini mahkam tutishga, ummatning birligi, totuvligini ta’minlashga, ixtiloflarga barham berishga chaqirib kelganlar. Bu yo‘lda yirik asarlar ta’lif etgan edilar.

Chindan ham bugun ana shu merosni o‘rganish, nafaqat diyorimiz, balki mintaqamizda keng tarqalgan Hanafiy mazhabida mustahkam bo‘lib, ixtilof va fitnalarning oldini olish har qachongidan ham zarur bo‘lib qoldi. Bugun har yerdan turli vositalar orqali musulmonlarni chalg‘itib, mazhablarni inkor qilayotgan, ulamolarni rad etib, Qur’on va sunnatdan o‘zicha mustaqil hukm chiqarish da’vosini qilayotgan savodi chala kimsalar islom ummatini adashtiryapti, tafriqa va ixtiloflarga sabab bo‘lyapti.

Anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va boshqa notiqlar o‘z chiqishlarida “Mujtahid ulamolarning ta’rifi”, “Mazhablarning kelib chiqishi va islom olamidagi ahamiyati”, “Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayhning hadis ilmidagi o‘rni” kabi mavzularda ma’ruza qildilar.

Shuningdek tadbirda O‘MI raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurov "Islom dinida mo‘tadillik" mavzusida, O‘MI Kotibiyat bo‘limi mudiri Muhammadayyub Xomidov "Imom Abu Hanifaning hadis borasidagi o‘rni" mavzusida ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Ulamolar mujtahid darajasiga yetmagan kishilar muayyan mazhabni ushlashlari lozim, deb aytganlar. Doktor Vahba Zuhayl: “Fiqhiy mazhablarning ixtilof va fitnalarga, qonli to‘qnashuvlarga olib kelganini bilmaymiz. Yirik to‘qnashuvlar aqidaviy masalalarda bo‘lgan”, deb aytgan.

Ba’zilar Abu Hanifa rohmatullohi alayhni kam hadis bilganlikda noo‘rin ayblaydi. Vaholanki ul zot hadislarni aniqlshda talablari shu darajada yuqori ediki, uni faqat muhaddislar anglay olardilar. O‘zlarining talablariga ko‘ra eng ishonchli deb bilgan hadislarinigina “Musnad”ga kiritgan va fiqhiy masalalarda qo‘llagan edilar. Abu Hanifa hadisni tushunishda, idrok etishda ko‘p muhaddislar yetib bormagan nuqtaga yetib bordilar. Bu borada ul zot shunday degan edilar: Allohning dinida o‘z ra’yingiz bilan hech bir so‘z ayta ko‘rmang. Hadisga ergashing. Kim hadisdan chetga chiqsa adashadi.

Ana shu mukammal fiqh maktabiga asos solgan, ilm va taqvoda peshqadam bo‘lgan zotlarga hurmatsizlik qilayotgan, islom olamining mujtahidi mutlaqlaridan o‘z fikrini ustun qo‘yib, musulmonlarni chalg‘itayotgan, mazhabga tosh otayotgan kimsalarga xolis, ilmiy, asosli raddiya berish, diniy savodsizlikka barham berish, fitnalarning oldini olish bugun har bir imom-xatib, islomshunos mudarrisning vazifasi ekanligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qur’onni esda saqlanglar

14.01.2025   1803   1 min.
Qur’onni esda saqlanglar

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: «Qur’onni o‘qish va yodlashda bardavom bo‘linglar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Qur’on ipini yechib, qochib ketish borasida  tuyadan ham tezroq», dedilar (Imom Buxoriy, 5033; Imom Muslim, 791).

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni yod olgan (Qur’onni o‘ziga do‘st tutgan) kishining misoli bog‘lab qo‘yilgan tuyaning misoliga o‘xshaydi. Agar qattiq turib, uni bog‘lashda bardavom bo‘lsa, tuyasini saqlab qoladi. Agar bo‘sh qo‘sa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, 5031; Imom Buxoriy, 789).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimningdir men falon-falon oyatni sedan chiqardim, deb aytishi qanday ham yomon. Balki, u sedan chiqartirildi. Qur’onni (o‘qish bilan uni) esda saqlanglar. Chunki u kishilarning qalbidan  ketib qolishda tuyalardan ham tez”, dedilar.

"Qur’on fazilatlari haqida qirq hadis" kitobidan