Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yugurdim xohishlarim ortidan, ular etdilar meni qul,
Gar qilsam edi qanoat men bo‘lardim hur, bo‘lmasdim bir pul.
E’tibor qiling, qanchadan-qancha avlodlar almashdi, ularning birortasi yiqqan mol-dunyosi, qurgan qasrlari, egallagan mansablarini o‘zi bilan olib ketdi-mi? Yiqqan oltin-u kumushlari bilan dafn etildi-mi yoki oxirat diyoriga o‘zlarining mashinalari-yu samolyotlari bilan ko‘chib o‘tishdi-mi? Yo‘q, albatta! Hatto kiyimlaridan ham mahrum qilinishdi va qabrga faqatgina kafanlari bilan kiritilishdi. So‘ngra ulardan so‘rov boshlandi: Robbing kim? Payg‘ambaring kim? Dining nima?
Shunday ekan siz ana shu kun uchun tayyorgarlik ko‘ring. Dunyo matohlarini deb mahzun bo‘lmang, afsus chekmang. Chunki ular o‘tkinchi, sizning faqatgina solih amallaringizgina qoladi. Alloh taolo aytadi:
﴿مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَجْرَهُمْ بِأَحْسَنِ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ﴾
“Erkagu ayol, kim mo‘min holida yaxshi amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz va albatta, ularni qilib yurgan amallarining eng go‘zaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
Shu’la: Kasallik – unda xushxabari bo‘lgan maktub, salomatlik esa badali to‘lanishi kerak bo‘lgan bezakdir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan