Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam betobliklarida hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuga imom bo‘lib, mehrobda namozga o‘tib berishni buyurdilar. Abu Bakr jamoat bilan namozni boshlaganlarida masjidga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham kirib kelib, namozga qo‘shildilar. Nabiy Akram sollallohu alayhi vasallam kelganlarini payqagan jamoat qo‘l silkib, hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuni ogohlantirmoqchi bo‘lishdi. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu namozni davom ettiraverdilar. Shunday qilishlari ham kerak edi. Alloh taologa ibodat etuvchi har bir kishi yon-atrofga qaramasligi, boshqa narsalarga chalg‘imasligi lozim. Ammo qo‘l siltashlar to‘xtamagach, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam kelganlarini fahmladilar.
Yuzlarini qibladan burmagan holda ortga tisarila boshladilar. Birinchi safga kelganlarida Rasuli Muhtaram sollallohu alayhi va sallam oldinga siljib, namozni davom ettirdilar. Salom berilgandan so‘ng jamoaga yuzlandilar. Namozda qo‘l ko‘tarish ayollarga xos xususiyat ekanligini, agarda imomga biror narsani bildirish kerak bo‘lsa,"Subhanalloh" deb ovoz berish kerakligini aytdilar. Keyin: "Ey Abu Bakr, senga ishora qilsam ham nima uchun joyingda turib, namozni davom ettiravermading?" deya so‘radilar. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu: "Abu Quhofaning o‘g‘liga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilarida namoz o‘qish yarashmaydi", deb javob berdilar.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi