Barchamiz yaxshi bilamizki, Qadr kechasi yilning eng ulug‘ kechasidir. Bu kecha eng ulug‘ oy ichiga yashirilgan. U kechada qilingan ibodatlar, duolar, zikrlar Qadr kechasi mavjud bo‘lmagan boshqa ming oydan yaxshiroqdir. Bu haqida Qur’onda ochiq aytib qo‘yilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِّنْ أَلْفِ شَهْرٍ
“Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat).
Qur’on nozil bo‘lgan bu kechada duolar ijobat bo‘ladi, amallarning savobi juda ulug‘ bo‘ladi. Bu kechada qilinadigan duo haqida hadisi shariflarda kelgan.
عن عائِشةَ رَضِيَ اللهُ عنها قالت: قلتُ: يا رسولَ اللهِ، أرأيتَ إنْ عَلِمْتُ أيُّ ليلةٍ ليلةُ القَدرِ، ما أقولُ فيها؟ قال: قُولي: اللَّهُمَّ، إنِكَّ عَفُوٌّ تُحِبُّ العَفوَ فاعْفُ عَنِّي
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u kishi aytdilar: «Ey Rasululloh, agar Qadr kechasi qaysi kecha ekanini bilsam (ya’ni, qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam), unda nima deb duo qilay?» dedim. U zot: «Allohumma innaka Afuvvun tuhibbul afva fa’fu ’anniy» deb ayt!» dedilar». Imom Ahmad, Termiziy, Ibn Moja, Nasoiy, Hokim, Bayhaqiy rivoyat qilishgan.
Duoning ma’nosi: «Yo Alloh, albatta, Sen Afuvvsan (gunohlarni kechiruvchi, afv qiluvchisan), kechirishni yaxshi ko‘rasan, meni afv qilgin, kechirgin».
Ulug‘ kechada Oisha onamizga tavsiya qilinayotgan duoni ko‘ryapsizmi?
Oisha onamiz barcha onalarimiz ichida eng yoshi bo‘lganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollari ichidan faqat u kishiga bokira hollarida uylanganlar.
Onamizga bo‘hton qilishganda Alloh taoloning O‘zi oyatlar nozil qilib, onamizning pokliklarini e’lon qilgan. Bu oyatlar qiyomatga qadar tilovat qilinadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam umrlari oxirida betob bo‘lganlarida Oisha onamizning uylarida qolishga boshqa onalarimizdan ruxsat olganlar.
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrlari ham Oisha onamiz roziyallohu anhoning hujralarida bo‘ldi.
Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimni ko‘proq yaxshi ko‘rishlari haqida so‘rashganida u zot alayhissalom “Oishani” deganlar. “Erkaklardanchi?” deyishganda, “Uning otasini” deb javob berganlar.
Mana shu aytilganlar onamizning fazilatlari naqadar ulug‘ligini ko‘rsatadi. Mana shunday maqomdagi kishiga Qadr kechasida Alloh taolodan afv, kechirim so‘rash buyurilmoqda.
Endi biz ko‘zimizni kattaroq ochaylik! Qadr kechasini g‘animat bilib, bu kechada ko‘proq ibodat qilishga, Robbimizdan ko‘proq mag‘firat so‘rashga harakat qilaylik! Zero, har bir inson xatokordir. Xato qiluvchilarning yaxshisi esa tavba qiluvchilardir.
Alloh taolo bizga rahm qilsin! Gunohlarimizni kechirsin! Qadr kechasida ixlos bilan ibodat qilib, gunohlarimiz kechirilishini nasib etsin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
#ta'ziya
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax shahar "Imom Buxoriy" jome masjidi imom-xatibi Ma’rufxon domla Hoshimxonovning padari buzrukvori Muhsinxon eshon boboning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Ma’rufxon domlaga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi ertaga, 27 iyul kuni soat 09:00 da Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidagi o‘z xonadonida o‘qiladi.
Manzil lokatsiyasi
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz