O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari AQSHga qilgan safarlari davomida Vashington shahridagi eng qadimiy masjid hisoblangan “Muhammad” nomli jomeda mo‘min-musulmonlar bilan dildan muloqot qildilar.
Muftiy hazratlari AQSHlik mo‘min-musulmonlarni Ramazon oyi bilan muborakbod etib, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning ilmiy meroslarining jahon ilm-fani rivojidagi o‘rni, muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, yurtimiz mo‘min-musulmonlarining turmush hayoti, yangi ochilayotgan masjid-madrasalar va ilmiy maktablar faoliyati haqida batafsil so‘zlab berdilar.
Ushbu jome imom-xatibi Tolib Sharif janoblari o‘zaro muloqotda o‘tgan yili O‘zbekistonga tashrif buyurgani, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani, haqiqatan, musulmon olamida O‘zbekiston yetakchi davlatlardan biri ekanini bildirdi.
“Muhammad” nomli jome masjid joylashgan hududda Islom ma’rifatini keng yoyish, mo‘min-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish va tashkilotlarda islomiy tushunchalarni yetkazishda Imom Tolib Sharif janoblarining xizmatlari juda katta ekani ko‘pchilikka ma’lum.
Ma’lumot o‘rnida, “Muhammad” masjidi 1930 yilda barpo etilgan AQSH poytaxti Vashingtondagi eng qadimiy masjid hisoblanadi. Ushbu masjid joylashgan hududda juda ko‘p musulmonlar istiqomat qiladi. Shahar chetida masjidga qarashli yordamchi xo‘jaliklar va vaqf yerlari ham mavjud bo‘lib, tushgan daromadlar ushbu masjid va mo‘min musulmonlar ehtiyojlari uchun sarflanadi. Juma kunlari masjidga 500-600 namozxon tashrif buyuradi. Mashhur bokschi, jahon chempioni Muhammad Ali ham ushbu masjid qavmidan bo‘lgan.
Ushbu jome “Millat masjidi” va “Vashington masjidi” nomlari bilan ham mashhurdir. Masjid uzoq yillar shahar, tuman va Kolumbiya okrugining, qolaversa qator masjidlarning eng yirigi hisoblangan. Din Muhammad ismli alloma ushbu masjidga dastlabki imomlik qilganlardan biridir. U faoliyati davomida millionlab musulmonlarning og‘irini yengil qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi ishlarni bajargan.
O‘zbekiston delegatsiyasining AQSH safari davom etmoqda, jarayonlarni saytimizda kuzating.




O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu kunlarda Samarqand viloyati Urgut tumanidagi "Qozi Oblayorbek" jome masjidini yangi qurilgan tahoratxonasi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, masjid imom-xatibi Dilmurod domla Qo‘shaqov boshchiligidagi xodimlar va jamoat ahli hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirda Zayniddin domla masjid ahlini zamonaviy tahoratxona bilan tabriklab, Haq taoloning bayti obodligiga hissa qo‘shishning ajru mukofoti haqida so‘zlash barobarida saxovatpesha insonlar, ustalar va hasharlarda faol qatnashgan kishilar haqqiga xayrli duolar qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati