Ramazon oyida hammamiz taqvodor bo‘lishga urinamiz. Namoz o‘qish, sadaqa berish, yetimlar, beva-bechoralar holidan xabar olishga intilib, qarindoshlar bilan bordi-keldini kuchaytiramiz. Oila, farzandlarga ko‘proq e’tibor beriladi.
Ammo Ramazon oyidan keyin ba’zi kishilar bu ulug‘ oydagi taqvolarini ushlab qololmay, Ramazondan oldingi xatolarini yana davom ettirayotganlari ko‘zga tashlanib qoladi.
Xo‘sh, biz Ramazon oyidagi ruhiy holatimizni, ibodatlarga bo‘lgan intilishimizni bu oydan keyin ham davom ettirishimiz uchun nima qilishimiz kerak?
Javobi oddiy: biz taqvoli bo‘lishga faqat Ramazon oyida emas, balki butun umrimiz davomida buyurilganimizni unutmasak va shunga ko‘ra harakat qilsak bo‘ldi.
Alloh taolo bizni faqat Ramazonda emas, balki doim kuzatib turadi. Amallarimizni doim hisob-kitob qilib boradi.
Namoz doim farz. Zakot doim farz. Solih amallarni qilish va gunohlardan tiyilish bizdan doim matlubdir. Ota-ona ziyorati, silai rahm, yaxshi qo‘shnichilik, namozlarni masjidda jamoat bilan ado etish doim muhimdir. Ramazonda astoydil urinib qiladigan solih amallarimizni, aslida, doim qilib yurishga buyurilganmiz. Farishtalar bizning amallarimizni vafot etgunimizcha yozib borishadi. Ehson, infoq, muruvvat hamisha qilinishi kerak. Alloh taolo solih amallarimizga hamma vaqt savob beradi. Xato va ma’siyatlarimiz hamisha gunoh deb yozib boriladi. Biz gunohdan umrimiz oxirigacha chetda bo‘lishimiz kerak.
Alloh taolo bizni umr bo‘yi taqvo qilishga amr etgan. Shu amrida bardavom bo‘lishimizni, Ramazondan keyin ham Ramazon oyi shukuhida, oxiratga tayyorgarlik ko‘ruvchi inson bo‘lib yurishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov
Bugun, 22 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida mamlakatimiz diniy-ma’rifiy hayotidagi muhim voqea – Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk magistrantlariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli ulamolar, imom-xatiblar, ustoz-talabalar va OAV xodimlari ishtirok etadi.
E’tiborlisi, Toshkent islom instituti tarixida ilk bor 2024 yilda tashkil etilgan magistratura bosqichini iqtidorli talabalar muvaffaqiyatli tamomladi.
Marosim "Hazrati Imom" jome masjidi yonidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi binosining katta majlislar zalida bo‘lib o‘tadi.
Tadbir tafsilotlari va bitiruvchilarga kutilmagan xushxabarlarni sahifalarimiz orqali kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati