Seni sog‘inaman! Sen barokatlar, ne’matlar, yaxshiliklar sochiladigan oysan. Sen kirib kelishing bilan Jannat eshiklari ochilib, Do‘zax eshiklari yopilishi hamda shaytonlar zanjirband qilinishi mo‘minlarni ruhan ko‘klarga ko‘taradi.
Ammo kelganingda, essiz, g‘aflatda qolayotganimni his qilib ich-ichimdan tushkunlikka tushaman. Lekin kelmasingdan astoydil quyidagicha reja qilaman:
Zero, nafsimni yengolmay, irodasizlik qilayotganim uchun ich-ichimdan alam nidosida yashayapman, Ramazonim!
Ro‘zadorman, ammo qabuli bormi-yo‘qmi bilmayman. Chunki bilib-bilmay uni u deyman, buni bu. Sening bag‘ringda o‘zimni shunchalar sokin va xotirjam sezamanki, senga to‘yish uchun g‘aflat xalaqit beradi.
Shunchaki, savoblarsiz sendan ayrilish – oilam uchun ham katta yo‘qotish. Birinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim, alhamdulillah, seni anglagan shekilli, seni tutmoqchi bo‘ldi. Birinchi tashrifing kunida biroz mazasi ham bo‘lmadi, hamda yosh deb uyg‘otmadik. Ammo ikkinchi kun, farzandlarimni uyg‘otayotib: “Turinglar, xayr va savobni qo‘ldan boy bermanglar”, dedim. O‘g‘lim esa uyg‘onmadi. Ammo Sensiz kuni o‘tayotganidan rosa xafa bo‘lib:
– Nega meni uyg‘otmadingiz? – dedi.
– Jon bolam, uyg‘otsam turmading-ku? - dedim.
– Axir men ham ro‘za tutmoqchi edim.
Opasi:
– Sen hali yoshsan, – dedi.
Men esa uning Senga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib shunday sevindim-ki, buni izohlash qiyin. U yana:
– Meni albatta, uyg‘oting, ro‘zani tutishim kerak, agar uyg‘onmasam, tepib-urib bo‘lsa-da uyg‘oting, xo‘pmi? – dedi.
Qalb ko‘ziga yosh keldi, bu sevinchdan. Ramazonim, seni yosh murg‘ak shunchalar ardoqlasa, biz kattalardan g‘aflat ketmasa...
Yana so‘zini davom ettirdi u:
– Saharda uyg‘onishim uchun 10 marta “Fotiha” surasini, 10 marta “Ixlos” surasini o‘qiyman, shunda Xudo xohlasa, bir uyg‘otganingizdan turaman, – dedi.
Haqiqatan, bu suralarni o‘qigandan keyin o‘g‘lim bir uyg‘otganimdan sakrab turdi va shu kuni Seni tutishga musharraf bo‘ldi. Uning gapi rost amalga oshganidan unga savol berdim:
– Bolajonim, shu suralarni 10 martadan takrorlasang, tura olishing mumkinligini qayerdan bilding, biz senga unday o‘rgatmagan edik-ku?
– O‘zim shunday deb o‘yladim, chunki yomon tushlar ko‘rganimda o‘sha suralarni uch martadan o‘qisam, yaxshi, tinch, qo‘rqmasdan uxlar edim, shunday qilishimni o‘zingiz o‘rgatgan edingiz – dedi ishonch bilan.
To‘g‘risi, ba’zida bolajonimning fikrlari meni juda ajablantiradi. Nafaqat bu uchun, balki hammasi uchun Yaratganga behisob, beadad shukrlar aytaman. Alloh va uning Rasulidan bo‘lak yordamchim yo‘q. Shunday ekan, tavakkalim – Allohga, muhabbatim esa –Rasulullohgadir.
Azizlar, savob amal va ibodatlarimizga ziyodasi bilan ajr beradigan Mohi Ramazonni jami hikmat va xayrlari bilan qo‘lga kiritishni barchamizga nasibu ro‘z aylasin. Aksincha, g‘aflatimiz uchun oxiratda nadomatlar girdobida qolmaylik. Qilayotgan amallarimizni riyo va ko‘z-ko‘z uchun qilishdan yoki Ramazon kunlarini ro‘zasiz, duolarsiz o‘tkazish qiyomatda o‘zimizga qarshi dalil sifatida qo‘llanilishi mumkinligini ham unutmaylik.
Barchangizga yana bir bor, Ramazoni sharif muborak bo‘lsin.
Nilufar BOZORBOY qizi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Rabbilari azza va jalladan hikoya qilib aytadilar: “Bir banda gunoh qilib qo‘ydi va: “Allohim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Shunda Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi. Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” dedi”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
“Va gunoh uchun jazolaydigan”, ya’ni o‘sha gunohni qilgan kishini azoblashga qodir ekanini bildi. Imom Buxoriy rivoyatida: “Bandamni mag‘firat qildim” degan ziyodasi bor.
Ulamolar bu hadisni ikki xil izohlaganlar:
Birinchisi, kim bir gunohiga xolis tavba qilib, unga qaytmaslikka qat’iy qaror qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Shundan keyin nafsi yoki shayton g‘olib kelib, yana o‘sha gunohni qilib qo‘ysa-yu, so‘ng ikkinchi bor pushaymon bo‘lib, yana qaytmaslik ahdi bilan xolis tavba qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Bu jarayon shu tarzda davom etaveradi. Hadisdan murod – har gal tavba qilayotganda “unga boshqa qaytmayman” degan azmu qarorda bo‘lish. Chunki tavba faqat quyidagi ikki asosiy shart bilan mukammal bo‘ladi: gunohni darhol to‘xtatish va unga boshqa qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Agar inson shu niyat bilan, ya’ni har safar “boshqa qilmayman” degan chin ahd bilan tavba qilsa-yu, lekin insoniy ojizlik yoki shayton g‘olib kelib, gunohni takrorlasa ham, uning tavbasi qabul qilinaveradi. Bu holat yuz, hatto ming marta takrorlansa ham. Modomiki, har tavbasini boshqa unga qaytmaslik azmu qarori bilan qilsa, Alloh uni kechiradi.
“Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” Banda, modomiki, har safar gunoh qilganida pushaymon bo‘lib, istig‘for aytib, tavba qilar ekan, Alloh taolo uni kechiraveradi. Bu aslo gunohda davom etish degani emas, balki har gal xatodan so‘ng yangi tavba bilan poklanish demakdir.
Ikkinchisi, bu o‘rinda faqatgina istig‘for – Alloh taolodan mag‘firat so‘rash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istig‘for tushunchasi tavbadan ko‘ra kengroqdir. Istig‘forda, tavbadan farqli o‘laroq, gunohni darhol to‘xtatish yoki unga qaytmaslik ahdi shart qilinmaydi, balki mag‘firatning o‘zi so‘raladi, xolos. Kim shu ma’noda istig‘for aytsa, uning gunohi kechirilishiga kafolat berilmaydi. Faqat Alloh taolo unga O‘z lutfi va marhamati bilan muomala qilib, kechib yuboradigan holatlar mustasno.
Shulardan ma’lum bo‘ladiki, hadisga berilgan birinchi izoh to‘g‘ridir. Chunki gunohda davom etaturib, tilida istig‘for aytadigan kimsalar shariatda qoralangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Gunohidan tavba qilgan kishi go‘yo gunohi yo‘q kishi kabidir. Gunohni to‘xtatmay turib istig‘for aytuvchi kimsa esa Rabbisini masxara qilayotgan kishi kabidir” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Gunohni to‘xtatmasdan aytilgan istig‘for – yolg‘onchilarning tavbasidir”.
Hadisda “tavba” emas, “istig‘for” lafzi ishlatilgan bo‘lsa-da, bu lafz ko‘pincha tavba ma’nosida qo‘llaniladi. Garchi lug‘atda “istig‘for” faqatgina “kechirim so‘rash” ma’nosini bildirsa ham, shar’iy istilohda u ko‘pincha tavbani ham o‘z ichiga oladi.
Imom G‘azzoliy va boshqa ba’zi olimlar quyidagi fikrni ilgari surganlar: “Agar inson biror sababga ko‘ra biror gunohni butunlay tark etishga o‘zida kuch topa olmayotgan bo‘lsa, istig‘forni butunlay tashlab qo‘ygandan ko‘ra, pushaymonlik va istig‘for aytish bilan Allohga yuzlanib turishi afzaldir. Garchi bunday istig‘for mag‘firatni kafolatlamasa-da, inshoalloh, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, bu istig‘for vaqti kelib, bandaning o‘sha gunohni haqiqiy tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kishi istig‘forni aslo tark etmasligi kerak”.
Tavbadagi nozik nukta shuki, banda tavba qilayotgan paytida o‘z ixtiyori bilan bu gunohga qaytmaslikka qalban azmu qaror qilishi kerak. Garchi uning qalbida “nafsim g‘olib kelib, men yana shu gunohni qilib qo‘ysam-chi?” degan xavotir bo‘lsa ham, tavbaning sahihligiga putur yetmaydi. Muhimi – tavbani chin ko‘ngildan gunohga qaytmaslik azmu qarori bilan qilish va unda sobit turishni Alloh taolodan so‘rash.
Tavba orqali banda o‘zining ojizligini va Parvardigorining mag‘firatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Mana shu haqiqiy bandalikdir. Shu yo‘l bilan u Alloh taoloning mag‘firatiga, marhamatiga erishadi, inshoalloh.
“Takmilatu Fathil mulhim” asari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan