Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Avgust, 2026   |   23 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:28
Shom
19:39
Xufton
21:09
Bismillah
06 Avgust, 2026, 23 Safar, 1448

Iftorlik

14.05.2019   40233   2 min.
Iftorlik

Tanlovga!

—  Faqat ro‘zadorlarni da’vat qilaylik, ayajon. Tadbirning nomi iftorligu, qorni to‘qlarni chaqiramizmi?..

—  Yaqin qarindoshlarni aytmasak, ayb bo‘ladi, qizim!.. Butun mahalla-ko‘y, qarindoshlar taklif qilinadi-da!

“Odamlardan andisha qilamizu, Alloh va Rasulidan hayo qilmaymizmi, ayajon? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan  “Dasturxonlarning eng yomoni, ochlar qolib to‘qlar da’vat qilinganidir” mazmunda hadis rivoyat qilinadi. Ro‘za tutmagan, Allohning buyrug‘iga itoat qilmaganlarga dasturxon yozishning nima keragi bor, ayajon?!”... Bu so‘zlar yuragidan otilib chiqib, bo‘g‘zida tugunlandi. Onasiga e’tiroz bildirolmadi. Oqshom iftorlik dasturxoni yozilgan uylarga birin-ketin mehmonlar joylashdilar. Aksariyati ro‘za tutmagan,  “qalbi toza”lar. Ro‘za tutmagan bo‘lishsa-da, tortinmay iftorlik (!) dasturxonining to‘ridan joy olishganiga qaramay, ro‘zadorlar oldida og‘iz ochishni kutmay oldilariga qo‘yilgan yeguliklarni kavshay boshlashdi...

Iftorlik o‘tdi. To‘qlar to‘ydi. Ba’zilari duo qilib, ayrimlari esa, shukronalikni ham unutib qo‘zg‘aldilar.

—  Opa,- dedi o‘n olti yashar jiyani,- iftorlikda Islom haqida, Allohning buyruqlari, Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning hayot yo‘llari, sunnatlari, sahobiylar haqida gapirilmaydimi? Men shunaqa suhbatlar bo‘ladi deb kelgandim. Odatiy g‘iybatlar “aylandi” dasturxonda.

—  Qo‘yaver, singlim,- dedi jiyanidan ko‘zini olib qochib.- Biri oyog‘i, boshi og‘rishidan shikoyat qilgandi, ro‘za tutishini, ham iymon, ham sog‘lik halovatini his qilishini aytib baloga qoldim. Namoz o‘qimay, ro‘za tutmasa ham qalbi tozaligini naq bir soat takrorlab charchamadi.

—  Bekor gapiribsiz-da, asabingiz buzilibdi...

—  Yo‘q, singlim, aksincha, undaylarga sabr va chiroyli muomala bilan, avvalo aytganlarimizga o‘zimiz amal qilib, hol tili bilan tushuntirishda davom etishimiz kerak. Chunki, biz faqat nasihat qilguvchimiz, Hidoyatga boshlaguvchi esa Alloh subhonahu va taoloning O‘zi...

Umida Adizova

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Watan” gazetasi: Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz

03.08.2026   13214   2 min.
“Watan” gazetasi: Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz

Saudiya Arabistonining nufuzli “Watan” gazetasida “Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz” sarlavhali keng maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Arab dunyosi o‘quvchilari e’tiboriga taqdim etilgan ushbu materialda O‘zbekistonning boy islom sivilizatsiyasi va madaniy merosi Markaziy Osiyo tarixi hamda zamonaviy taraqqiyotida tutgan o‘rni atroflicha yoritilgan.

Maqola muallifi ta’kidlaganidek, globallashuv va raqamli texnologiyalar asrida haqiqiy hayrat va noyoblikni his qilish murakkablashib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonga qilingan tashrif insonga tarixiy manbalarda o‘qilgan bilimlarni aynan hayotda, ko‘z oldida qayta kashf etish imkonini beradi.

“O‘zbekistonda siz shunchaki tarixiy bilimlarni yodga olmaysiz, balki moziy va kelajak o‘rtasidagi xayoliy vaqt mashinasida yashaysiz. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarda kitoblarda o‘qilgan nomlar — Movarounnahr, Shosh, Farg‘ona vodiysi, Jayhun va Sayhun kabi geografik tushunchalar muhtasham me’moriy obidalar va tirik madaniyat ko‘rinishida namoyon bo‘ladi”, — deb yozadi muallif.

Nashrda Toshkentda Islom ta’limi, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan anjumanga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Unda hazrati Usmon Mus'hafining Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgani, shuningdek, Samarqanddagi Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari, Registon va Shohi Zinda obidalari, Hazrati Qusam ibn Abbos maqbarasi va Amir Temur maqbarasining betakror me’moriy go‘zalligi yuqori baholangan.

Muallif, shuningdek, Buxoroda tug‘ilib, butun islom dunyosiga dovrug‘ solgan Imom al-Buxoriy, matematika va astronomiya asoschisi Muhammad al-Xorazmiy, Imom at-Termiziy kabi buyuk allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida e’tirof etgan. Farg‘ona vodiysi shaharlari — Andijon, Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qonning tarixiy ahamiyati hamda ularning Arab yarim oroli va islom dunyosi bilan ko‘p asrlik madaniy-ilmiy aloqalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Maqola yakunida O‘zbekistonda yosh avlodning, xususan, universitet talabalari va volontyorlarning arab tilini mukammal egallab, zamon bilan hamnafas holda o‘z milliy va islomiy merosi bilan faxrlanib yashayotgani, mehmonlarni “Xush kelibsiz, Imom Buxoriyning mehmonlari!” deya samimiy kutib olishlari Saudiya Arabistoni delegatsiyasida alohida va chuqur taassurot qoldirgani ta’kidlanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari