Tanlovga!
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam o‘z hadis shariflarida quyidagicha marhamat qilganlar: “Saharlik qilinglar, albatta unda baraka bordir”. (Buxoriy va Muslim rivoyati)
Boshqa bir rivoyatda esa “Kim ro‘za tutishni istasa, biror narsa bilan bo‘lsa ham saharlik qilib olsin”, deyilgan. (Ahmad rivoyati)
Saharlik ham dunyoviy, ham uxroviy foydalarni o‘z ichiga oladi:
- Ibodatlarni taqvo bilan qilish, subh paytida qiroat, zikr hamda istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lishga yordam beradi. Qorni och odam esa bu narsalarga dangasalik qiladi, hosizlanadi.
- Saharlik husni xulqqa chaqiradi. Qorni och ldam esa odatda jahldor bo‘lib qoladi.
- Ro‘za tutishda dangasalik va beparvolikdan asraydi.
- Saharlik – sunnatga ergashishdir. Saharlikda Nabiy sallollohu alayhi vasallam sunnatlariga ergashaman, toat-ibodatlarimga kuch to‘playman, deb niyat qilgan kishi katta ajrlarga ega bo‘ladi.
- saharlik tunning oxirida bo‘lgani uchun duo va zikrlar qabul bo‘lishi umid qilinadi.
- Saharlik qilgan kishi ahli kitoblarga o‘xshamaydi. Chunki, hadisda bunday aytilgan: “Bizning va ahli kitoblarning ro‘zasidagi farq saharlik qilishdadir”.
- Bomdod namozini jamoat bilan ado qilishga sabab bo‘ladi.
Saharlikning afzal payti bomdod paytiga yaqin qilinganidir. To‘g‘ri, uni erta qilib olsa ham, saharlik qilmay niyat qilib yotsa ham bo‘ladi. Bu sunnatga xilofdir. Erta saharlik qilgan odam odatda uxlab, bomdodni qazo qilib qo‘yadi.
(Shu o‘rinda bir gap: “Kim ro‘za tutishni istasa, biror narsa bilan bo‘lsa ham saharlik qilib olsin”, hadisi xalq orasida noto‘g‘ri talqin qilinadi. Ya’ni kim saharlik vaqtiga uxlab, ulgurmay qolsa, hech bo‘lmaganda suv ichib olishi kerak, deyishadi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Saharlik vaqti o‘tgach, narsa yeyish ro‘zani buzilishiga sabab bo‘ladi. Nabodo, kishi saharlik vaqtiga uxlab, taqvimdagi og‘iz yopish vaqtdan kech uyg‘onsa, hech narsa yemay, niyat qilib qo‘ya qoladi. Ovqat yemay ro‘zadorga aylangani, ovqat yeb ro‘zani buzgandan ming karra afzaldir!)
Xo‘sh, saharlikda qanday taomlar iste’mol qilinadi? Kuchli va to‘yimli taomlarmi? Mutaxassislar quydagi tavsiyalarni berganlar:
Saharlikda kuchli tuzlangan, dudlangan, gazli, yog‘li, o‘ta shirin hamda badhazm narsalarni yemaslik lozim. Maslan, kunda osh, qozon kabob, norin, manti, honim, beshbarmoq singari kuchli taomlarni yeyish oshqozonning zo‘riqishiga olib keladi.
Ma’lumki, ro‘za tutilganda oshqozon yil davomida uchrgan qiyinchiliklardan xalos bo‘ladi, dam oladi va o‘z-o‘zini tozalaydi. Oddiy tilda aytganda, “hashar” sodir bo‘ladi. Shu bois, hamma o‘zining jismoniy salohiyatidan kelib chiqqan holda saharlikni o‘rtacha qilgani, dasturxonda meva-sabzavotlar hamda xurmo arimasligi lozim.
Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim yurti
o‘qituvchisi N.Saidakbarova tayyorladi
Jannatul Baqi’ — Saudiya Arabistonining Hijoz mintaqasida, Madinai munavvarada joylashgan islom tarixidagi ilk va eng qadimiy qabriston. U Masjidun Nabaviyning janubi-sharqiy tomonida joylashgan bo‘lib, “Baqi’ul G‘arqad” nomi bilan ham mashhur. Bu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning oila a’zolari va ko‘plab sahobalari dafn etilgan.
Qabriston milodiy 622 yilda tashkil etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida (milodiy 622 yil, sentyabr), Baqi’ yerlari g‘arqad, ya’ni tikanli butalar bilan qoplangan bo‘sh maydon edi.
Badr jangi bo‘layotgan vaqtda (milodiy 624 yil) vafot etgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anho Baqi’ qabristoniga birinchilardan bo‘lib dafn etilgan. Sahobalardan esa birinchi bo‘lib, muhojirlardan Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu, ansorlardan As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu shu yerga qo‘yilgan.
Jannatul Baqi’dagi 13 ta mashhur qabr va ziyoratgohlar:
1. Safiya binti Abdulmuttalib va Otika roziyallohu anhumo: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari.

2. Abdulloh ibn Ja’far va Aqiyl ibn Abu Tolib roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaqin qarindoshlari va amakivachchalari.

3. Rasulullohning ayollari, mo‘minlarning onalari: Xadicha binti Xuvaylid va Maymuna binti Horis roziyallohu anhumolardan tashqari Payg‘ambarimizning barcha ayollari shu yerga dafn etilgan.

4. Payg‘ambarimizning qizlari: Fotimai Zahro, Ruqayya, Zaynab va Ummu Kulsum roziyallohu anhumolarning qabrlari.

5. Payg‘ambarimizning yaqin ahli baytlari: Bu yerda amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib, shuningdek, Zaynulobiddin ibn Husayn, Hasan ibn Ali, Muhammad Boqir va Ja’far Sodiqlar dafn etilgan.

6. Ibrohim roziyallohu anhu: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘dakligida vafot etgan o‘g‘illari.

7. Harra jangi shahidlari: Madina shahrini himoya qilishda shahid bo‘lganlar.

8. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu: “Zunnurayn” - ikki nur sohibi, Islom olamining uchinchi xalifasi.

9. Halimai Sa’diya: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning emizgan sut onalari.

10. Abu Said Xudriy va Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng ulug‘ sahobalaridan.

11. Imom Molik va Imom Nofe’: Mashhur Molikiy mazhabi asoschisi Imom Molik ibn Anas va uning ustozi, qiroat olimi Imom Nofe’ ibn Abu Nuaym.

12. Hasan ibn Ali roziyallohu anhu: Payg‘ambarimizning suyukli nabiralari, Hazrat Ali va Fotima onamizning o‘g‘illari.

13. Fotima binti Asad roziyallohu anho: Hazrat Ali roziyallohu anhuning onalari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘z farzandidek voyaga yetkazgan ayol.

Baqi’ qabristonidagi maqbara va gumbazlar 1806 va 1925 yillarda buzib tashlangan. Hozirgi kunda qabrlar ustida hech qanday bino yoki belgilar yo‘q, ular oddiy tuproq va toshlar bilan belgilangan.
T.Azimov tayyorladi