Xabaringiz bor, kuni kecha Toshkent shahrida nafaqat yurtimiz, balki islom olamida mashhur bo‘lgan, ulug‘ alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayh nomlaridagi muhtasham jome masjidning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan bunyod etilgan ushbu muazzam majmua Ramazon oyida xalqimizga katta tuhfa bo‘ldi.
Bugun ushbu jome masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining o‘g‘illari, boshlagan xayrli ishlarining davomchisi, bir necha islomiy tashkilotlarning a’zosi va mo‘min-musulmonlarga juda katta xizmat qilayotgan “Hilol nashr” majmuasi rahbari Ismoil Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf imom-xatib etib tayinlandi. Shuningdek, Shayx hazratlarining suyukli shogirdlari, hofizi Kalomulloh Bahodir qori Rahmatullev esa mazkur masjid imom noibi vazifasiga tayinlandi.
Shu o‘rnida aytish kerakki, Ismoil Muhammad Sodiq kuchli ilmiy salohiyat, hayotiy tajriba va noyob iste’dod sohibi hisoblanadi. 1976 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1994 yil «Islomiy da’vat kulliyasi»ga o‘qishga kirdi. To‘rt yil bakalavr bosqichida, so‘ng ikki yil magistraturada o‘qib, 2001 yili ushbu kulliyani tamomladi. Shundan so‘ng, elchixonalarda, diniy ta’lim muassasalarida, nashr ishlarida, sayt xizmatlarida va ta’lim markazlarida faoliyat olib bordi.
Hozirda Ismoil Muhammad Sodiq «Hilol nashr» matbaa nashriyoti rahbari hisoblanadi.
Bugun 11 may kuni ushbu masjidda taroveh namozi ado etilib, xatmi Qur’on boshlanadi. Taroveh namozida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, ulamolar, marhum va mag‘fur Shayx hazratlarining yaqinlari, shogirdlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Alloh taboraka va taolo Ismoil Muhammad Sodiqni ulug‘ Ustozning vorisi sifatida otasining ishlarini davom ettirib borishini nasib etsin va yangi sharafli martabani Haq taolo muborak aylasin.
Xatmi Qur’onga marhabo!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan diniy soha xodimlari ishtirokida “O‘zbekistonda bag‘rikenglik: din va davlat munosabatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda imom-xatiblar, imom-noiblar hamda otinoyilar ishtirok etdilar. Suhbat davomida yurtimizdagi dinlararo va millatlararo totuvlik siyosati, shuningdek, bugungi global jarayonlarda diniy soha xodimlarining o‘rni va mas’uliyati haqida atroflicha fikr almashildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professorlari Farhodjon Karimov va Bektosh Berdiyevlar ma’ruza bilan chiqish qildilar. Ular o‘z nutqida bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni jamiyat barqarorligi, davlat siyosatining asosiy ustuni sifatida ta’kidlab o‘tdi.
Yangi O‘zbekistonda din va davlat munosabatlari bir-birini to‘ldiruvchi, xalq manfaatiga xizmat qiluvchi tizim sifatida shakllanmoqda. Bag‘rikenglik – bu shunchaki shior emas, balki har bir fuqaroning qalbida joy olishi kerak bo‘lgan qadriyat ekani, ta’kidlandi.
Shuningdek, bugun jahondagi ziddiyatlar, ayniqsa, diniy niqob ostidagi nizolar barcha jamiyatlarni ogoh bo‘lishga chorlamoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda turli millat va din vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat muhitida yashab kelayotgani qayd etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar davlat va din munosabatlari haqidagi qonunchilik asoslari, diniy erkinlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar, shuningdek, jaholatga qarshi ma’rifat orqali kurashishdagi yangi yo‘nalishlar haqida ham fikr almashdilar.
Suhbat so‘ngida mamlakatimizdagi tinchlik va totuvlik muhitini saqlab qolishda har bir imom, har bir ma’rifat fidoiysi o‘z hissasini qo‘shishi lozimligini ta’kidlab o‘tildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati