Xabaringiz bor, kuni kecha Toshkent shahrida nafaqat yurtimiz, balki islom olamida mashhur bo‘lgan, ulug‘ alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayh nomlaridagi muhtasham jome masjidning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan bunyod etilgan ushbu muazzam majmua Ramazon oyida xalqimizga katta tuhfa bo‘ldi.
Bugun ushbu jome masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining o‘g‘illari, boshlagan xayrli ishlarining davomchisi, bir necha islomiy tashkilotlarning a’zosi va mo‘min-musulmonlarga juda katta xizmat qilayotgan “Hilol nashr” majmuasi rahbari Ismoil Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf imom-xatib etib tayinlandi. Shuningdek, Shayx hazratlarining suyukli shogirdlari, hofizi Kalomulloh Bahodir qori Rahmatullev esa mazkur masjid imom noibi vazifasiga tayinlandi.
Shu o‘rnida aytish kerakki, Ismoil Muhammad Sodiq kuchli ilmiy salohiyat, hayotiy tajriba va noyob iste’dod sohibi hisoblanadi. 1976 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1994 yil «Islomiy da’vat kulliyasi»ga o‘qishga kirdi. To‘rt yil bakalavr bosqichida, so‘ng ikki yil magistraturada o‘qib, 2001 yili ushbu kulliyani tamomladi. Shundan so‘ng, elchixonalarda, diniy ta’lim muassasalarida, nashr ishlarida, sayt xizmatlarida va ta’lim markazlarida faoliyat olib bordi.
Hozirda Ismoil Muhammad Sodiq «Hilol nashr» matbaa nashriyoti rahbari hisoblanadi.
Bugun 11 may kuni ushbu masjidda taroveh namozi ado etilib, xatmi Qur’on boshlanadi. Taroveh namozida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, ulamolar, marhum va mag‘fur Shayx hazratlarining yaqinlari, shogirdlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Alloh taboraka va taolo Ismoil Muhammad Sodiqni ulug‘ Ustozning vorisi sifatida otasining ishlarini davom ettirib borishini nasib etsin va yangi sharafli martabani Haq taolo muborak aylasin.
Xatmi Qur’onga marhabo!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 30 aprel kuni O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi Diniy idora raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisining o‘rinbosari, akademik Rafiq Muxametshovich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yangi ochilgan oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda Qur’on kurslari faoliyati alohida e’tirof etildi.
O‘z navbatida, akademik Rafiq Muxametshovich Qozon islom universiteti diniy ta’lim yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish, xususan, o‘quv dasturlari va adabiyotlarini almashish yuzasidan muhim takliflarini ilgari surdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro aloqalarni tizimli va bosqichma-bosqich rivojlantirishga kelishib oldilar.
Do‘stona uchrashuv yakunida o‘zaro hadyalar almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati