Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2026   |   4 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:34
Peshin
12:27
Asr
17:18
Shom
19:24
Xufton
20:47
Bismillah
17 Avgust, 2026, 4 Rabi`ul avval, 1448

Saharlik sunnatdir

11.05.2019   37619   1 min.
Saharlik sunnatdir

Sahar payti turib, kunduzi ro‘za tutish niyatida yeb-ichish saharlikdir. Saharlik qilish mustahabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam saharlik qilishga ko‘p targ‘ib etganlar. Bir o‘rinda saharlikning barakasi, fazilatini  eslatib: “Saharlik qiling, saharlikda baraka bor”, degan bo‘lsalar (Muttafaqun alayh), boshqa bir o‘rinda: “Alloh taolo va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga rahmat tilab, duo qiladi”, deganlar (Tabaroniy va Ibn Hibbon rivoyati).

Hatto qorni to‘q, biror narsa yeyishga u qadar ehtiyoji yo‘q kishi ham hech qursa suv ichib olishi yaxshidir. Bu bilan u sunnatga ergashgan bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz ro‘zani saharlik qilmay, ulab tutishdan qaytarganlar. Ammo saharlik qila olmagan kishi subhi sodiqdan to quyosh botguncha hech narsa yeb-ichmay ro‘za tutsa, ro‘zasi durust bo‘laveradi.

Saharlikni tongga yaqin qilish afzal. Faqat tong kirib qolgungacha kechiktirmaslik kerak. Chunki subhi sodiq kirishi bilan saharlik vaqti tugab, ro‘za vaqti boshlanadi. Saharlikni vaqti o‘tib ketganiga gumon qilinadigan paytga qadar kechiktirish taxrimiy makruh sanaladi (“Fatovoi Hindiya”).

Saharlik qilib bo‘lgach: “Navaytu an asuma sovma shahri Ramazona minal fajri ilal mag‘ribi, xolisan lillahi ta’ala. Allohu akbar”, deb duo qilinadi.

Ma’nosi: Ramazon oyining ro‘zasini xolis Alloh uchun subhdan kun botgungacha tutishni niyat qildim. Alloh Buyukdir.

Alloh taolo tutayotgan ro‘zalarimizni dargohida qabul qilsin!

Orif TOLIB

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Xo‘jamulki" mahallasida obodlik va mehr-saxovat

16.08.2026   13239   1 min.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari