Termiz shahridan 3 km. shimoliy-sharqda joylashgan “Sulton Saodat” majmuasi, musulmon Sharqida Payg‘ambarimiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning avlodlari (“ahl ul-bayt” ya’ni sayyidlar) daxmasi sifatida tanilgan. Ular payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotima roziyallohu anho va xalifa Ali roziyallohu anhularning farzandi Imom Xusayn roziyallohu anhumning avlodlaridir. Ushbu yodgorlik xalq orasida Termiz sayyidlari daxmasi ham deb ataladi. Bu o‘ziga xos yodgorlik majmuasi me’moriy nuqtayi nazardan bir necha yuz yillar davomida shakllangan. Binoning boshlanishi, alohida maqbaralarda ishlatilgan g‘ishtlarning naqshlariga ko‘ra, X-XI asrlarga borib taqaladi. Majmua ayvon turidagi ravoqli qurilmaga ega masjid, Darvozaxona, XI asrda, ayrimlari — XIV va XVII asrlarda qurilgai 16 maqbara, xonaqoh va boshqa xo‘jalik binolaridan iborat. Me’moriy yodgorliklar majmuasining shakllanishi — Movarounnahr va Xurosonda muhim mavqega ega bo‘lgan Termiz sayyidlarining tarixi bilan bevosita bog‘liq. Daxmaning xonalarida sayyidlar sulolasi vakillari uchun suvoqlangan sag‘analar joylashgan. Masjidning koshinli bezatilgan peshtoqi bitiklar bilan o‘ralgan bo‘lib, uni XIX asr oxirida rus tadqiqotchilari tomonidan ko‘chirib olingan va katta qismi olib ketilgan. O‘sha vaqtda o‘ng tomondan bino ravoqi va peshtoqning chap chekkasi bo‘ylab asosiy matnning saqlanib qolgan qismlari e’tiborga olingan.
Bizgacha peshtoqning chap qismida ketma-ket tarzda ishlangan bezaklar o‘rta hoshiyasida Termiz sayyidlarining nasabnomasiga tegishli parcha saqlanib qolgan. Matn suls yozuvida oq harflar bilap ko‘k rangli manzarada bitilgan. Tarjimasi: ...(Alloh) ibn Abul Hasan Muhammad ibn Abul Qosim Ali ibn Ubaydulloh ibn Abul Qosim Ali ibn Abu... Chamasi matndagi “Alloh” so‘zi Abdulloh yoki Ubaydulloh bo‘lgan. Chunki Alloh so‘zidan oldingi yozuvlar ko‘chirib tashlangan.
Davrimizgacha Termiz sayyidlari xonadoniga doir ma’lumotlar sharq yozma merosining mashhur namunalari orqali yetib kelgan. Jumladan, Termiz sayyidlari xususida Ota Malik Juvayniy, Hamidullo Qazviniy, ibn Battuta, G‘iyosiddin Ali, Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Zahiriddin Muhammad Bobur, Hofiz Tanish Buxoriy va boshqa allomalarning durdona asarlarida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Termiz sayyidlari xonadoni tarixini o‘rganishdagi asosiy manba ularning oilaviy shajarasidir, unda musulmon dunyosining tarixiga doir ayrim ma’lumotlarni uchratish mumkin. Ana shu shajara asosida 1914 yili akademik A. A. Semyonov “Termiz sayyidlarining kelib chiqishi va ularning qadimiy maqbarasi Sulton Saodat” maqolasini chop ettirgan. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida rus sharqshunoslari V.V.Bartold, A.Kun, M.S.Andreev va boshqalar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlarida Termiz sayyidlari xonadoni to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadilar. Manbalarda keltirilishicha Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning onamiz Fotima roziyallohu anhodan tug‘ilgan o‘g‘li Husayn roziyallohu anhum so‘nggi sosoniy shoh Yazdigirdning qiziga uylangan ekan. Ularning o‘g‘illari Alidan Husayn al-Asqar, undan esa Ubaydulloh dunyoga kelgan ekan. Xalifa al-Mansur davrida (754-755) Amir Ubaydulloh xalifa deb e’lon qilinadi. Uning o‘g‘li Ja’far al-Hujjat Madina hokimi etib tayinlanadi, Termiz sayyidlari xonadonining asoschisi Hasan al-Amir Ja’far al-Hujjatning o‘g‘li Amir Husaynning farzandi ekan. Tarixchilarning ta’kidlashicha ushbu keltirilgan shajara musulmon dunyosida keng tarqalgan bo‘lib, ko‘p manbalarda uchrar ekan. Hasan al-Amir o‘zining yaqinlari bilan 850 yilda Samarqandga keladi va u yerda 11 yil yashab, 861 yilda Balxga ko‘chadi. Taxminan 865 yildan Hasan al-Amir Termizga tashrif buyuradi va shu yerda butunlay o‘rnashib qoladi. Hasan al-Amir va uning yaqinlari Movarounnahrga kelgan paytda Somoniylar sulolasining yuksalishi boshlangan edi. Sayyid Amir Abdullo mamlakat hukmdori Ismoil Somoniyning Maxsuma (yoki Mohisiymo) ismli qiziga uylanadi. Ularning farzandlaridan boshlab Termiz sayyidlari ismiga Xudovandzoda so‘zi qo‘shilib aytilgan. Sulton Saodat maqbara majmuasining ilk poydevori ham aynan Somoniylar davrida qurila boshlangan.
Manbalarda keltirilishicha Termiz sayyidlari orasida eng mashhurlaridan biri naqib, Ali ibn Ja’far al-Musaviy bo‘lgan. Bu haqda musulmon dunyosining mashhur olimi Abul Fath Muhammad ash-Shahristoniy o‘zining Termiz naqiblariga bag‘ishlangan asarida keltirib o‘tgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki asrlar osha Termiz sayyidlari tasavvuf targ‘ibotchilari va Termiz shahri tasavvuf ta’limotining markazlaridan biri bo‘lgan. Abdurahmon Jomiy o‘zining “Nafohat ul-uns min hazorat al-quds” asarida mavlaviya tariqatining asoschisi Jaloliddin Rumiyning ustozi “Sayyidi Sirdon” taxallusli Sayyid Burhoniddin to‘g‘risida: “U sayyidlardan, Husayn roziyallohu anhum avlodidan, Termizdandir” deb yozgan. Aynan mana shu vaqtda sayyidlar avlodining yana bir vakili, “Shams ul-millat vad-din” unvonini olgan musulmon olamida Shamsiddin Muhaddis ismi bilan tanilgan Abu Ja’far Tohir ibn Nizomiddin Xudovandzodai Ziyo ul-muluk tasavvuf targ‘ibotchisi va Termiz sayyidlari sulolasining ilk shajara tuzuvchisi bo‘lganligi haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Ibn Battutaning yozishicha, sayyidlar orasida Termiz hukmdori A’lo ul-Muluk Xudovandzodaning o‘rni o‘zgacha bo‘lgan. Ibn Battuta uni “mard, jasur va shijoatli inson” deya ta’riflagan. Ammo, sayyidlarning shajara kitobida A’lo ul-Muluk “shahid” deya tilga olingan. Aynan A’lo ul-Muluk davrida Termizga nisbatan “Madinat ar-rijol”, ya’ni “mardlar shahri” atamasi keng qo‘llanila boshlanadi.
Termiz sayyidlari xonadoni tarixidagi eng yorqin sahifalar Amir Temur va uning avlodlari bilan bog‘liqdir. Buning sababi, fikrimizcha, Sohibqironning piri Shamsiddin Sayyid Amir Kulol ayni A’lo ul-Muluk Xudovandzodaning o‘g‘li bo‘lishi mumkin. Sayyid Amir Kulolning barcha nomlari sayyidlar xonadoniga mansubligidan dalolat beradi. Shuningdek, uning maqbarasi Termiz sayyidlarining Shahrisabzdagi maqbarasi Gumbazi Sayyidon bilan qo‘shilib ketgan. Amir Temur butun umri davomida sayyidlar xonadonining vakillari bilan chambarchas aloqada bo‘lgan. Sohibqiron hokimiyat uchun kurash boshlaganda ham, eng zafarli kunlarida ham Termiz sayyidlari jahongirning hamrohlari bo‘lgan. “Temur tuzuklari”da A’lo ul-Mulukning jiyanlari aka-uka Hasan va Ziyoviddinlar bir necha bor tilga olinadi. 1370 yilda Amir Temur Balxga ketayotib, Termizda Sayyid Baraka qo‘lidan hokimiyat ramzi nog‘ora va bayroqni olishga muyassar bo‘ladi. Shayxning duosini olib, Amir Temur Balxni o‘z tasarrufiga oladi va Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylanadi. Amir Temurning taxtga chiqish marosimida A’lo ul-Mulukning yettinchi va sakkizinchi o‘g‘illari Abul Ma’oli va Ali Akbar ishtirok etganlar. 1371 yilda Temurga qarshi uyushtirilgan fitnada Abul Ma’oli ham ishtirok etadi. Fitna mag‘lubiyatga uchragach, uning qatnashchilari qatl qilinadi, Abul Ma’oli esa davlat ishlaridan chetlashtirilib, shahrisabzga ko‘chiriladi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida qayd etilishicha, Sohibqiron Temur Abul Ma’oliga quyidagicha murojaat qilgan: “Nasabing silsilasi payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytiga ulanganligi uchun hech qachon biror zahmat g‘ubori sening hayoting etagiga qo‘nishini ravo ko‘rmasin. Lekin sen noloyiq ishlarni tark etmayapsan, maslahatim shu tururki, bu viloyatdan chiqib ketsang”. Taxminimizcha sayyid Abul Ma’oli tezda kechirilgan, negaki bir yildan so‘ng u Amir Temurning Xorazmga yurishida qatnashadi. Shundan so‘ng Termiz sayyidlari avlodlarining Qashqadaryodagi xonadoni vujudga keladi, yuqorida eslatilgan Gumbazi Sayyidon ularning oilaviy maqbarasiga aylanadi. Ba’zi manbalarga ko‘ra Amir Temurning qizi Sulton Baxtbegim Termiz sayyidlaridan bo‘lmish Abul Hasanga nikohlangan hamda Qashqadaryo vohasidagi bir qancha yer-suvlarni kuyoviga hadya qiladi. Abul Hasan bu joyda o‘z langariga asos soladi, langar so‘filar makoni bo‘lib, Termiz sayyidlari nafaqat Movarounnahrning barcha hududlarida va boshqa joylarda ham langarlar tashkil qilishgan.
Termiz sayyidlari haqida yana bir ma’lumot 1359 yilda Toshkentda mo‘tabar shayx Xovand Tohur vafot etadi. Muhammad qozining Xo‘ja Ahror Vali hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan asarida keltirilishicha, shayx Termiz sayyidlaridan bo‘lib, Xovand so‘zi Xudovandzodaning qisqargani ekan. Bu borada musulmon dunyosida mashhur Xo‘ja Ahrori Vali ayni shu shayx Xovand Tohurning jiyani ekanligini alohida ta’kidlash lozim.
Amir Temur har safar Termiz orqali o‘tganida sayyidlarning uyida mehmon bo‘lishni kanda qilmagan, Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1399 yil 11 sentabrda va 1404 yil yozida Temur A’lo ul-Mulukning uyida mehmon bo‘ladi. G‘iyosiddin Ali tomonidan yozilgan Temurning Hindistonga yurishiga bag‘ishlangan asarida A’lo ul-Mulukning oltinchi o‘g‘li Alouddin ham tilga olib o‘tiladi. Termiz Arxeologiya muzeyida saqlanayotgan mazkur asarning 1915 yildagi forscha nashrida Termiz Xudovandzodalari Amir Temur va uning qo‘shiniga ikki kun to‘y berdi, deya bitib qo‘yilgan.
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati