Abdulloh ibn Abu Quhofa — Abu Bakr Siddiq (O‘ta tasdiqlovchi) roziyallohu anhu.
*****
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu — Foruq (Haq bilan botil orasini ajratuvchi).
*****
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu — Zunnurayn (Ikki nur sohibi).
*****
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu — Imom (Yo‘lboshchi, yetakchi).
*****
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu — Amiynul umma (Ummatning ishonchli kishisi).
*****
Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu — Abul Masokiyn (Miskinlarning otasi).
*****
Hamza ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu — Asadulloh (Allohning arsloni).
*****
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu — Havoriyur Rosul (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning havoriysi).
*****
Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu — Safiyrul Islam (Islom elchisi).
*****
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu — Tarjumanul Qur’an (Qur’on tarjimoni).
*****
Bilol ibn Raboh roziyallohu anhu — Muazzinur Rosul (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muazzini).
*****
Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu — Sohibu sirrir Rosul (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarining sohibi).
*****
Amr ibn Oss roziyallohu anhu — Dohiyatul Islam (Islom dohiysi, siyosatchisi).
*****
Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu — Katibu vahyir Rosul (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vahiy kotiblari).
*****
Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu — Hibbu Rosulillah (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dildan yaxshi ko‘rgan kishisi).
*****
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu — Tarjumanul Qur’an (Qur’on tarjimoni).
*****
Hasson ibn Sobit roziyallohu anhu — Sha’irur Rosul (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shoirlari).
*****
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu – Sayfulloh (Allohning qilichi).
Internet ma’lumotlaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH