Bu xonadonda ko‘p marta mehmon bo‘lganman. Sohibasi Roziya momo oqila, hojatmandlarning haqini ado etadigan ayol edi. U bog‘laru polizlardan olingan hosilni ko‘pchilik bilan baham ko‘rardi. Mevayu sabzavotning eng sarasini birinchi bo‘lib farzandi ko‘plarga tarqatilardi.
Momo tarvuz, qovun, qovoqlarning yaxshilarini hassasi bilan ko‘rsatib, qo‘shnining haqqi ekanligini ta’kidlardi. Olingan hosillarning barakasi keyingi yil hosil bo‘lguncha yetardi. Roziya momo “O‘zingga nimani ravo ko‘rsang, boshqalarga ham shuni ravo ko‘rgin” degan so‘zlarni ko‘p takrorlardi.
Orada bir muddat borolmay qoldim, shunda Roziya momoning vafot etganlarini eshitdim. Yillar o‘tib, yana shu xonadonga yo‘lim tushganida ko‘nglim og‘rib qaytdim. Roziya momo hayotlik paytida gurkirab turgan mevali daraxtlarga kasallik tegib, bog‘dan fayz ketgan edi. Buning asl mohiyatini keyinroq tushundim.
Momoning ikki o‘g‘illari bo‘lib, momo katta o‘g‘illari bilan birga yashardi. Qaynonasining vafotidan keyin katta kelin: “Nega endi mehnatni biz qilib, rohatini boshqalar ko‘rishi kerak. O‘zimiz ham katta ro‘zg‘or, ortganini sotamiz”, deb, qo‘ni-qo‘shnilarga yaroqsiz, qurt tushgan mevalarni chiqaradigan bo‘libdi. Keyinchalik qo‘shnichilik haqqini qilishni ham unutibdi. Ko‘p o‘tmay bog‘ o‘z tarovatini yo‘qota boshlabdi, mevalar maydalashib, ko‘piga kasallik tushib, daraxtlar qurib ketibdi. Poliz ekinlari esa parvarish yetarli bo‘lishiga qaramasdan, qurt tushib, ichidan irib keta boshlabdi.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! O‘zingiz faqat ko‘zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh g‘aniy va maqtovga loyiq zotdir (Baqara, 167-oyat).
Alloh taolo har bir insonga mol-dunyo beradi va uni qanday yo‘llarga sarf-xarajat qilishini sinab ko‘radi. Qo‘lidagi molu davlatini Alloh taolo berganligini iqror qilib, undan miskin va faqirlarga ham nasiba ajratgan kishilarning moliga baraka beradi va uni yanada ziyoda qiladi. Aksincha, davlatmand bo‘laturib, zakot va sadaqa bermaslik, faqir va miskinlarning haqqini ajratmaslik esa, shariatimizda baxillik deb ataladi va u qattiq qoralanadi.
Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir (Oli Imron, 92-oyat).
Mo‘min baxil bo‘lmaydi. Infoq-ehson qilmay, baxillik bilan to‘plangan mol-dunyo oxiratda sharmandalikka sabab bo‘lishi haqida Alloh taolo bunday ogohlantiradi:
“Allohning fazli bilan bergan narsasi (boyligi)dan baxillik qiluvchilar buni o‘zlariga yaxshi deb hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (o‘z bo‘yinlariga) bo‘yinturuq qilib ilib qo‘yiladi...” (Oli Imron surasi, 180-oyat).
Baxillik insonlar orasida hasad va bir-birini ko‘ra olmaslik kabi illatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Baxillikdan saqlaninglar, chunki u sizdan oldin o‘tganlarning halokatga yo‘liqishiga sabab bo‘lgan. Baxillik ularni bir-birlarining qonini to‘kishga, harom narsalarni halol deyishga olib borgan”, - deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
Menga qadrdon Roziya momoning o‘gitlarini, tutumlarini olmagan, xonadonning fayzini ketkizgan kelinning qilmishlari baxillikning bu dunyodayoq yomon oqibatlarga olib kelishini anglatardi...
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Munira ABUBAKIROVA
Savda binti Zam’a roziyallohu anho Xadija binti Xuvaylid roziyallohu anho vafot etganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqqanlar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho Islom da’vatining ilk yillarida birinchi turmush o‘rtog‘i Sakron ibn Amr bilan birga Allohning dinini qabul qilganlar. Ammo Islomga kirmagan qarindoshlarining aksariyati Savda roziyallohu anhoga yomon munosabatda bo‘lishgan. Qolaversa, mushriklarning ta’qiblari, azob-uqubatlari va haqoratlarini ham boshdan kechirdi.
Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga Efiopiya (Habashiston)ga hijrat qilishni buyurdilar. Bu safar mushriklar to‘sqinlik qilmasliklari uchun maxfiy tarzda amalga oshirildi. Savda roziyallohu anho va turmush o‘rtog‘i Alloh taoloning roziligi yo‘lida uy-joylari va mol-mulklarini tashlab, musofirlikka chiqdilar.
Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Zulmga duchor bo‘lganlaridan so‘ng Allohning yo‘lida hijrat qilganlarni bu dunyoda, albatta, go‘zal(joy)ga joylashtiramiz. Va oxirat ajri kattaroqdir, agar biladigan bo‘lsalar” (Nahl surasi, 41-oyat).
Keyinchalik muhojirlarga Makkada mushriklar musulmonlarga tazyiq qilishni to‘xtatgani haqida xabar yetdi. Shu bois ayrimlari yurtlariga qaytishga qaror qildilar. Savda roziyallohu anho ham ular orasida edilar. Ammo Makkaga yetib kelgach, bu xabar yolg‘on ekani ma’lum bo‘ldi. Ana shu og‘ir kunlarda yana bir musibat yuz berdi – kasallik sababli turmush o‘rtog‘i Sakron ibn Amr vafot etdi.
Milodiy 619 yilda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarida ikki katta musibatni boshdan kechirdilar: dastlab amakilari Abu Tolib, ortidan esa zavjai muhtaramalari Xadija roziyallohu anho vafot etdilar. Bu yo‘qotishlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qattiq mahzun qildi.
Kunlarning birida Havla binti Hakim roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uylanishni taklif qilib, Savda binti Zam’a roziyallohu anho haqida so‘z ochdi. Shundan so‘ng, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Havla roziyallohu anhoni Savda roziyallohu anhoning roziligini bilish uchun yubordilar. Savda roziyallohu anho bu nikohga rozilik bildirdilar. Keyin esa Havla roziyallohu anhoni otalarining fikrini so‘rash uchun yubordilar. Otalari ham ushbu nikohga rozilik berdilar. Shu tariqa Savda binti Zam’a roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqdilar.
Bu orada Makkada musulmonlarga nisbatan ta’qiblar yanada kuchaydi. Shu sababli musulmonlar Madinaga hijrat qilishga qaror qildilar. Savda binti Zam’a roziyallohu anho ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga hijrat qilib, muhojirlar safidan o‘rin oldilar.
Mo‘minlarning boshqa onalari kabi Savda roziyallohu anho ham ko‘plab yuksak fazilatlarga ega edilar. Ayniqsa, saxovatlari bilan ajralib turardilar.
Ibn Sirindan rivoyat qilinadiki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifalik davrida Savda roziyallohu anhoga dirhamlar solingan katta xalta yubordilar.
Savda roziyallohu anho:
— Bu nima? — deb so‘radilar.
Ular:
— Dirhamlar, — dedilar.
Shunda u kishi:
— Xurmo solingan idish kabi to‘lib ketibdi-ku, — dedilar.
So‘ng xizmatkorini chaqirib:
— Uni tarqatib yubor, — dedilar.
Va barcha molni kambag‘allarga sadaqa qilib yubordilar.
Savda roziyallohu anho xushchaqchaq va ochiqko‘ngil ayol edilar. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Yo Allohning Rasuli, kecha siz bilan namoz o‘qidim. Siz rukuni shu qadar uzoq qildingizki, hatto burnimdan qon oqib ketmasin deb ushlab turdim”, dedilar. Bu gapdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho butun umrlarini taqvo, saxovat va yuksak axloq bilan o‘tkazdilar. U kishi o‘z davrlarida ham, bugungi kunda ham musulmon ayollari uchun ibrat namunasi bo‘lib qolmoqdalar.
Oisha roziyallohu anho: “Savdadan ko‘ra o‘zimni unga o‘xshatishni ko‘proq istaydigan biror kishini bilmayman”, deganlar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho Umar ibn Xattob roziyallohu anho xalifaliklarining so‘nggi yillarida vafot etdilar.
Alloh taolo Savda binti Zam’a roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin, u zot kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatli, dinimizga sodiq, sabrli va saxovatli bandalaridan qilsin.
Allohim, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlari va barcha sahobalaridan rozi bo‘lgin. Bizni ham ularning go‘zal xulqlariga ergashuvchilardan qilgin. Qalblarimizni iymon nuri bilan munavvar, oilalarimizga baraka, hayotlarimizga taqvo va amallarimizga ixlos ato etgin.
Davron NURMUHAMMAD