Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2026   |   8 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:49
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2026, 8 Zulhijja, 1447

Hech bir holatda kanda qilmang

18.02.2019   20556   3 min.
Hech bir holatda kanda qilmang

«Insonga zarar yetganda, yotgan holda, yo o‘tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi. Undan zararini ketkazganimizda esa, go‘yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchi (tajovuzkor)larga o‘z qilmishlari ziynatli (chiroyli) qilib qo‘yildi» (Yunus, 12).

«Insonga zarar yetganda, yotgan holda, yo o‘tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi…»
Abu Lays Samarqandiy tafsirida: “Agar bandaga kasallik, kambag‘allik va balo kabi yomon ko‘radigan narsalari tegsa, banda yotgan holida ham Allohga iltijo qiladi. Kasali yengilroq bo‘lsa o‘tirgan holida duo qiladi, agar kasalligidan asorati qolgan bo‘lsa, yurib turganda ham duo qiladi”, degan.

Mahmud Zamaxshariy oyat tafsirida: «Bu oyatda duo qiluvchining uch holatini aytib o‘tishdan nima foyda deyilsa, men aytamanki, buning ma’nosi “Zarar ko‘rgan inson toki o‘sha zarari yo‘qolmaguncha Yaratganga duoyu iltijo qilishdan to‘xtamaydi. U bizga har qanaqa holatida ham, tura olmay yotib qolganda, tik tura olmay o‘tirib qolganda yoki tik tura oladi-yu, ammo yurishga toqati yo‘q bo‘lsa va ba’zisi esa to‘shakka “mix­lanib” qolib yotganda ham duo qilaveradi. Bu bilan banda o‘ziga yengillik va sog‘liq so‘raydi va musibatni o‘zidan daf qilishga harakat qiladi».

«Undan zararini ketkazganimizda esa, go‘yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchilarga o‘z qilmishlari ziynatli qilib qo‘yildi».
Faxriddin Roziy tafsirida bunday deyiladi: “Bu oyatda balo, musibat tushganda inson sabrsiz bo‘lishi, rohat-farog‘atda bo‘lganda oz shukr qilishi bayon qilingan. Agar inson boshiga biror tashvish tushsa, uni o‘zidan uzoqlashtirishini, musibatni ne’matga almashtirishini Alloh taolodan so‘rab jiddu jahd bilan turib, o‘tirib, yotib zorlanib duo qiladi. Agar Alloh undan musibatni daf etib omonlik va ofiyat bersa, shukrdan yuz o‘giradi. Boshiga tushgan u musibatni eslamaydi va ne’matlar qadrini bilmaydi. Xuddi boshiga tushgan musibatni ketkazish uchun duo qilmagan insondek bo‘lib oladi. Aqlli inson balo-musibatga sabr qilishi, huzur-halovat va ne’matlarga erishganda shukr qilishi vojib bo‘ladi. Kishi qiyinchilik vaqtida duosi qabul bo‘lishi uchun rohat-farog‘atda bo‘lgan vaqtida ko‘p zorlanishi va duo qilishi kerak.

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Xursandchilik kunlarida Allohni tanisang, qiyin kunlarda Alloh seni taniydi”» (Hokim, Naysaburiy).
Abu Dardo (roziyallohu anhu): “Alloh taologa xursandchilik kun­laringda duo qilgin, qiyin kunlaringda qilgan
duoingni qabul qiladi”, dedilar.

Suhayb (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Mo‘min kishining holiga ajablanasan. Alloh unga nimani qazo qilsa, yaxshilik bo‘ladi. Agar unga g‘am yetsa, sabr qiladi, bu unga yaxshilik bo‘ladi. Agar unga xursandchilik yetsa shukr qiladi, bu ham unga yaxshilik bo‘ladi. Bu holat mo‘mindan boshqaga bo‘lmaydi”» (Imom Muslim).


Abu Mansur Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy,
Mahmud Zamaxshariy, Ibn Kasir,
Olusiy va Qurtubiy tafsirlari asosida
Badriddin SADRIDDIN o‘g‘li
tayyorladi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Surxondaryoda bayramoldi hashar o‘tkazildi

25.05.2026   5235   1 min.
Surxondaryoda bayramoldi hashar o‘tkazildi

Yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti ayyomiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Surxondaryo viloyatidagi barcha qabriston va ziyoratgohlarda umumxalq xayriya hasharlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

Mazkur savobli tadbirlarda diniy soha vakillari ham alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.


Joriy yilning 23 may kuni viloyat hokimining o‘rinbosari hamda viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Ma’rifat” mahallasida joylashgan “Mullo Hazrat” qabristoniga tashrif buyurdilar.

Mutasaddilar u yerda olib borilayotgan tozalash va ko‘klamzorlashtirish ishlari jarayoni bilan yaqindan tanishib, hududni yanada tartibga keltirish hamda ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdilar.

Bu kabi xayrli hashar tadbirlari ayni paytda viloyatning barcha shahar va tumanlarida qizg‘in davom etmoqda. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Surxondaryoda bayramoldi hashar o‘tkazildi Surxondaryoda bayramoldi hashar o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari