Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2026   |   20 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2026, 20 Zulhijja, 1447

Duo qilishni bilasizmi?

11.02.2019   58014   8 min.
Duo qilishni bilasizmi?

«Menga duo qiling va sizga ijobat qilurman... »

(G‘ofir surasi, 60-oyat). 

Duo so‘zi arabchadan tarjima qilganda  - iltijo, so‘rash, chaqirish, tilash, istash kabi ma’nolarni anglatib, bandaning Alloh taologa eng yaqin va eng maqbul holati hisoblanadi. Fuqaholar duoni ham ibodat sanashadi.

Har kuni Alloh taolo huzuriga biz bandalar tomonidan qilingan milliardlab duolar ko‘tariladi. Ammo, bazida ko‘pchiligimiz «nega duolarim qabul bo‘lmayapti?» deya kuyunib, siqilib, sabablarini qidira boshlaymiz.  Ulamolar, bandaning duosi Alloh taolo huzurida qabul bo‘lishining ham duo qilishning bir nechta qoidalarini keltirib o‘tishgan:  

  • Halol luqma. Yani duo qiluvchining yeguligi haloldan bo‘lsin.Sa’d ibn Abu Vaqqos duolari ijobat bo‘lmaganidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shikoyat qildi. Shunda janobimiz unga shunday maslahat berdilar: «Ey Sa’d, harom (luqmani yemak)dan chekingin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirar ekan, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas»
  • Halol-pok libos. Ya’ni liboslari halol va najosatlardan pok bo‘lsin. 
  • Alloh taolo duosini qabul etishiga shubha qilmaslik.Balki ishonch, ko‘ngil hotirjamligi bilan duo qilsin. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ijobatiga ishongan holingizda Allohga duo qiling! Bilib qo‘yingki, g‘ofil va so‘ragan narsasiga e’tibori yo‘q kimsalarning duosini Alloh ijobat qilmas!» 
  • Xato va gunohlariga yangidan tavba qilish.Chunki, tashqi tomonini poklab ichki dunyosi (qalbi) nopok va kir bo‘lgan insonning ham duosi ijobat bo‘lmaydi. 
  • So‘ragan narsasining talabida shoshma-shosharlik qilmaslik.Ijobatiga ishonch va umid bilan sabr qilsin. «Duo qildim-ku, nega maqsadim xosil bo‘lmaydi?» deb qanoatsiz bo‘lmasin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Bandaning duosi ijobat etiladi. Faqat gunohni so‘ramasa, qarindoshchilik rishtasi uzilishini so‘ramasa va shoshilmasa…»
  • «Istibto» qilmaslik.Ya’ni maqsad hosil bo‘lishiga ehtiyojsizligini izhor qilib «Ijobat biror kun bo‘lar», demasin, balki o‘z muhtojligini tan olgan holda ijobatni umid bilan, mushtoq bo‘lib kutsin.
  • Duoda malollanmalik, chunki malollanuvchining duosi qabul etilmaydi.
  • Ijobatni Alloh taoloning ixtiyoriga tashlab qo‘ymaslik.Ya’ni xuddi o‘zini muhtoj emasday ko‘rsatib, «Xohlasang meni kechir, xohlamasang kechirma, ixtiyoring» deganga o‘xshash duo qilmasin. Balki Allohga zorlanib, iltijo bilan yalinib-yolborsin.
  • Duoda bardavomlik. Duoni ketma-ket, hatto yetti martagacha bardavom qilsin.

  • Duodan yuz o‘girmaslik. Banda faqat ziyonga kirganidagina emas, balki ne’matlarga ko‘milib, rohat-farog‘atda yashayotgan chog‘ida ham duodan yuz o‘girmasin.Shunday qilsa, boshiga musibat tushganida duosi tezroq ijobat etiladi.
  • Hamd va salovat. Duodan oldin Allohga hamdu sano, Rasulullohga salovotu salomlar aytsin.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday duo qilishni tavsiya etganlar.
  • Iqrorlik. Gunohkor, osiy ekanini e’tirof etib, ixlos bilan duo qilsin.

  • Duoda, ommani, musulmonlar jamoasini unutmaslik.Ular haqqiga ham yaxshi duo qilsin. Shuningdek, o‘zini bilgan va bilmagan barcha gunohlarining avfini so‘rab, barcha hojatlarini ravo bo‘lishini Allohdan talab qilsin.
  • Duo so‘zlarini qo‘shiq aytgandek ohangga solib talaffuz qilmaslik shart.

  • «G‘arib (ajabtovur) duo» qilmaslik.Ya’ni, «Ey Robbim, menga jannatning o‘ng tomonidan oq rangli, chap tarafidan yashil tusli qasr ato etgin» deganga o‘xshash duolar.
  • Alloh ilhom etgan yaxshiliklarni duoda so‘rash.Duo ko‘rinishini oldindan tayyorlab olmasin. Aks holda duo chin qalb tubidan chiqmaydi. 
  • Duoda «tamanni»dan saqlanish.Ya’ni so‘ragan narsasini Allohga topshirdi-da, uni yuzaga chiqarish harakatiga tushmadi. Beparvo holda «Allohdan so‘rab qo‘yganman, U albatta beradi, boshqa harakatga hojat yo‘q» deb, dangasalik qilmasin. 
  • Duodan oldin tahorat va g‘usl olish.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilishga o‘rgatganlar. 
  • Qiblaga yuzlanib o‘zi uchun duo qilishdan boshlash. 
  • Qo‘llarini yelka ro‘baro‘siga ko‘tarib, kaftlarni yuzi tomonga qarata ochib duo qilish. 
  • Cho‘kkalab o‘tirgan holda duo qilish. 
  • Duo vaqtida qo‘llarni tirsak yuqorisini ko‘kragiga yopishtirib olish.Huddi miskinlar taom so‘rab tilanayotgan suratda bo‘lsin. 
  • Duoda tovushini baland ko‘tarmaslik kerak. 
  • Duo so‘nggida qo‘llarini yuziga surtish.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon duodan forig‘ bo‘lsangiz, yuzlaringga mas'h qilinglar», deganlar. 
  • Duoda «omiyn» deb duo qilish kerak. 
  • Ijobatni his qilganda Allohga hamd aytish.Ijobat vaqti ortga surilganida ham, uning behikmat emasligini unutmagan holda hamd aytsin. 
  • Duo uchun eng yaxshi vaqtlarni tanash.Masalan: juma namozining azon mahali, juma kunining oxirgi vaqtlari, har namozdagi azon va takbir oralig‘i, takbir vaqti, chorshanba kun peshin va asr oralig‘i, har kun zavol vaqti, sahar vaqti, juma kechasi, rajab oyining avvalgi kechasi, sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi, iyd kechalari, ayniqsa Ramazon oyi iftor vaqtlari va qalb erib yumshagan vaqtlarni g‘animat bilish kerak. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida tilovat qildi. Tilovatga quloq tutgan saxobalarning qalblari «sariyog‘»dek erib ketdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qalblar yumshagan vaqtda duo qilib qolinglar, chunki u rahmatdir!» dedilar. Alloh taoloning qudrat va azamatiga shohid bo‘lgan vaqtlar, bemorlik vaqtlari, vatanda yiroqda bo‘lgan vaqtlar, ya’ni musofirlik, farz namozlardan keyingi vaqtlar, xatmi Qur’on vaqtlari, Ixlos surasini o‘qigandan keyin, adadi yuzdan ortiq musulmon jamoatida, sajda vaqti, tilovatdan keyin, yomg‘ir vaqti, mayyit oldida, xo‘roz qichqirgan vaqtda, zikr majlislarida, imom «valaddoolliyn» deganda, Ka’bani ko‘rganda ko‘proq duo qilib qolsin. Ko‘rsatib o‘tilgan vaqtlarning duo qilish uchun eng afzal vaqtlar ekani ko‘p ahli ilmlar tajribasida sinalgandir. 
  • Duo uchun tabarruk joylarni tanlash.Masalan, payg‘ambar va solihlarning dafn etilgan makonlari, Masjidul-Harom, xususan Baytulloh eshigi va Maqomi Ibrohim oralig‘i. 
  • Duoda eng muhim narsalarni so‘rash.Masalan, mag‘firat, ya’ni gunohlarning avf etilishi, ofiyat, ya’ni dinu-diyonatda salomatlik, sog‘lom aqida, mu’afat, ya’ni Alloh sizni boshqalar ziyonidan, boshqalarni esa sizning ziyoningizdan asrashini so‘rash maqbuldir. 
  • Qisqa va lo‘nda. Duoni uchun «javome’», ya’ni lafzi qisqa, serma’no so‘zlarni tanlasin.Oisha onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «javome’» so‘zlar bilan duo qilishni yoqtirar edilar”. 
  • Eng afzal duo kishining o‘zi uchun, ota-onasi va farzandi uchun qilgan duolaridir. 
  • Shuningdek, kishining g‘oyibona birodari xaqqiga qilingan duolar ham tez ijobat bo‘lishi aytilgan. 
  • Alloh uchun eng mahbub duo:«Ey Alloh, Muhammad alayhissalom ummatini kechirgin, ularga raxm qilgin!» duosidir. 

Quyidagi insonlarning duosini g‘animat bilib, ulardan duo olishga shoshilish lozim:

  • Bemorning duosi. 
  • Adolatli rahbarning duosi.Chunki rivoyatlarda aytilishicha: «Andakkina adolat oltmish yillik ibodat barobarichadir» 
  • Musofirning duosi. 
  • Alloh yo‘lidagi g‘oziylarning duosi. 
  • Ota-onaning duosi 
  • Ilmiga amal qiluvchi taqvodor olimning duosi 

Shuningdek mazlumlar duosidan ehtiyot bo‘lish lozim. O‘zi uchun o‘lim va boshqa balolarni so‘rab duo qilish ham aslo mumkin emas. 

Yana, Farzand va ahliyalarining ziyoniga ham duo qilish, ya’ni qarg‘ash yaxshi emas. Shunday insonlar borki hatto unga zulm qiluvchilarni ham qarg‘ab duo qilishmaydi. Chunki zolimdan chekilgan aziyat bu dunyoda og‘ir bo‘lsa-da, oxiratda kishi foydasigadir.

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Boshqa maqolalar

“O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!”

05.06.2026   14671   4 min.
“O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!”

Bu muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning buyuk ustozi, fazilatli Shayx Abdulloh Sirojiddin rahimahullohning hikmatli so‘zlaridir.

U zot bu nasihatni Shayx Avvomaga talabalik yillarining boshlarida aytgan edilar. Bunga sabab, Shayx Avvoma bir kecha Imom Buxoriy rahimahulloh haqida o‘qigan shubhali bir voqeaga aniqlik kiritish uchun ustozlariga murojaat qilganlari bo‘lgan.


Shayx Muhammad Avvoma bunday deydilar: “Shayx Abdulloh bizga beshinchi kursda hanafiy fiqhi bo‘yicha mashhur “Al-Ixtiyor” kitobidan dars berar edilar. Bir kuni men u kishining huzurlariga Islomga ulkan xizmat qilgan buyuk imom – Imom Buxoriy rahimahulloh haqidagi g‘alati bir rivoyatni o‘qib keldim.

Rivoyatda aytilishicha, Imom Buxoriydan bir echkining sutini emgan ikki go‘dak – bir o‘g‘il va bir qiz – keyinchalik o‘zaro nikohlanishlari mumkinmi, deb so‘rashibdi.

Hikoyaga ko‘ra, Imom Buxoriy rahimahulloh ularning nikohlanishlari mumkin emas, deb javob bergan ekanlar. Shundan so‘ng, go‘yoki shahar olimlari bu fatvoni johillik deb baholab, Imom Buxoriyni surgun qilgan emish.

Men bu voqeani Shayx Abdulloh rahimahullohga aytib berganimda, u zot xotirjamlik va donolik bilan:

O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang, — dedilar”.

 

Shayx Muhammad Avvoma davom etib bunday deydilar:

“Allohga qasamki, bu so‘z men uchun ulkan saboq bo‘ldi. Bu hayot davomida amal qilishim kerak bo‘lgan bir mezon, xulqiy qoidaga aylandi. Ustozim butun boshli odob va tafakkur dasturini bitta jumlada jamlab berdilar. Men bu nasihatni bundan ellik yil avval eshitganman. Endi esa boshqalar ham undan foyda ko‘rishlari uchun keltirmoqdaman”.


Biz uchun saboq

Bu voqeadan olinadigan birinchi saboq shuki, qachonki biz shubhali yoki bilmagan ma’lumotga duch kelsak, darhol ilmli va ishonchli kishilar bilan maslahatlashishimiz kerak.

Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik eshitgan yoki o‘qigan ma’lumotini tekshirishga urinmaydi. Bu esa ko‘pincha jiddiy va ayanchli oqibatlarga olib keladi. Agar ma’lumot o‘sha sohaning ishonchli mutaxassisidan bo‘lmasa, biz har qanday da’voni ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligimiz kerak.


Ijtimoiy tarmoqlar tuzog‘i

Ijtimoiy tarmoqlar insoniyatga mislsiz darajada keng axborot olamini taqdim etdi. Biroq uning eng katta xavflaridan biri ommaviy yolg‘on va dezinformatsiyaning tez tarqalishidir.

Ko‘pchiligimiz o‘qigan narsamizning barchasiga ishonishga moyilmiz. Holbuki, ushbu maqolaning asosiy maqsadi aynan bundan qaytarishdir.

Ba’zan odamlar xabarning mazmuniga emas, uni yuborgan kishiga qarab ishonadilar. Vaholanki, u ham bu ma’lumotni boshqa birovdan olgan bo‘lishi mumkin.


“Nusxa ko‘chirish va joylashtirish” odati

Bugungi kunda odamlarning asl manbaga murojaat qilmasdan ma’lumotlarni ko‘chirib tarqatishlari odatiy holga aylangan. Bu ham noto‘g‘ri yondashuvdir.

Bunday odatning eng katta zararlaridan biri shuki, xabar bir necha qo‘ldan o‘tgach, uning asl manbasi va ma’nosi butunlay yo‘qolib ketadi. Natijada, ma’lumotning haqiqiyligi va ishonchliligini tekshirish imkonsiz bo‘lib qoladi.

 

Aslida, bu ma’lumot ishonchlimi? Balki u boshidan oxirigacha to‘qima va asossizdir?

Shu sababli yana bir bor ogohlantiramiz:

O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!

Bu nasihatga amal qilish bugungi kunda oson emas. Chunki ko‘pchilik odamlar ularga yetib kelgan har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qilishga odatlanib qolgan.


Alloh taolo bizga haqiqatni anglashni, ma’lumotlarni to‘g‘ri baholashni va foydali ilmga amal qilishni nasib etsin.


Davron NURMUHAMMAD