Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2025   |   22 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:02
Peshin
12:24
Asr
16:44
Shom
18:38
Xufton
19:51
Bismillah
14 Sentabr, 2025, 22 Rabi`ul avval, 1447

Diniy idora vakillari Iskandariya kutubxonasida bo‘lishdi

31.01.2019   5691   2 min.
Diniy idora vakillari Iskandariya kutubxonasida bo‘lishdi

O‘tgan 27 yanvar kuni Misr davlatida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudirlari Muhammad Ayubxon domla Homidov va Kamoliddin Mahkamov O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakillari hamroxligida Iskandariya shahridagi “Iskandariya” kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, boy tajribalarni o‘zlashtirdilar.

Ma’lum bo‘lishicha, Iskandariya kutubxonasida 2 mln. 310 mingdan ziyod qo‘lyozma, toshbosma va boshqa  asarlar mavjud. Kutubxona qo‘lyozmalar markazi mudiri Midhat Iysa, qo‘lyozmalarni ta’mirlash bo‘limi boshlig‘i Voil Muhammad Ibrohim va qadimiy asarlarga kimyoviy ishlov berish bo‘limi boshlig‘i Husom ad-Diyb bilan muloqotlar o‘tkazilib, foydali ma’lumotlarni qo‘lga kiritildi.

Uchrashuvlarda misrlik mutaxassislar o‘zbekistonlik mas’ul xodimlarga qo‘lyozma va toshbosma asarlarni saqlash, kimyoviy tekshiruvlar o‘tkazish, kitoblarni ta’mirlash, qo‘lyozma va toshbosma asarlardan elektron nusxa olish hamda foydalanish tartiblari haqida batafsil gapirib berdilar.

28 yanvar kuni esa mutaxassislarimiz Qohira shahridagi Milliy kutubxona va Davlat bosh arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu fondda “Usmon Mus'hafi” hamda qo‘lyozma va toshbosma asarlar saqlanar ekan. Kutubxona xodimlari o‘zbekistonlik mutaxassislarga qo‘lyozma va toshbosma asarlarning saqlanishi, kimyoviy ishlovlar berish, kitoblarni ta’mirlash bosqichlari va nodir asarlar uchun maxsus qog‘ozlar tayyorlash tartiblari haqida atroflicha ma’lumotlar berdilar.

Misr safari davom etmoqda

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Takfirchilikning 8 sababi

12.09.2025   14134   4 min.
Takfirchilikning 8 sababi

Islom dinining eng oliy maqsadi insoniyatni hidoyat yo‘liga boshlash, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlashdir. Alloh taolo Qur’oni karimda:

“Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz.” (Hujurot surasi, 10-oyat).

Mazkur oyat musulmonlarning o‘zaro birodar va do‘st ekanligiga urg‘u beradi. Biroq tarix davomida ayrim toifalar islom ta’limotini noto‘g‘ri talqin qilib, musulmonlarning o‘ziga qarshi turli fitnalar chiqarishga harakat qildilar. Shulardan eng xatarlisi takfirchilik, ya’ni musulmonni kufrda ayblash masalasidir.

Takfirchilik bir musulmonni boshqa bir musulmonga nisbatan “dindan chiqqan”, “kofir” deb hukm chiqarishidir. Qarshisidagi odamni kofir deyishning oqibatini Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom quyidagicha tushuntirganlar:

“Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)

Ushbu hadisdan anglashilganidek, “takfir qilish” jiddiy masala bo‘lib, uning hukmi aytovchining o‘ziga qaytishi mumkin.

Insonlarni kufrda ayblashning bir nechta asosiy sabablari bor:

  1. Ilmsizlik – Qur’on va sunnatni chuqur o‘rganmagan, ulamolar kitoblari va so‘zlaridan xabarsiz bo‘lgan odamlar din masalalarida shoshilinch xulosa chiqaradi.
  2. Mutaassiblik – o‘z qarashlarinigina haq deb bilish va boshqacha fikrni qabul qilmaslik.
  3. Mazhabsizlik – asrlar davomida amal qilib kelingan mazhablarni inkor qilish va “faqat biz to‘g‘ri yo‘ldamiz” degan da’vo.
  4. Zamonaviy xavorijlik g‘oyasining ta’siri – ilk davrlarda chiqqan xavorijlar g‘oyasidan ilhomlanish va ularning yo‘lini davom ettirish.
  5. Siyosiy yoki mafkuraviy maqsadlar – ba’zi guruhlar islom niqobi ostida siyosiy kurash olib borish uchun takfir qilish g‘oyasidan foydalanadilar.
  6. Yoshlarning tajribasizligi – dinni yangi o‘rganayotgan ayrim yoshlar murakkab masalalarda mustaqil hukm chiqarishga urinib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qoladilar.
  7. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishi – tekshirilmagan “fatvo”lar va radikal da’vatchilar ta’siri.
  8. Shaytonning vasvasasi – insonni xudbinlikka, o‘zini “haqiqiy olim”, boshqalarni esa “adashgan” deb baholash.

Musulmon ulamolari takfirchilikka qarshi qat’iy fikr bildirishgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh shunday degan: “Hech bir kishi yagona gunoh sababli kufrga tushgan deb hisoblanmaydi. Modomiki, u Islom dinining asosiy va zaruriy qoidalarini qasddan inkor qilmayotgan bo‘lsa, u takfir qilinmaydi. Bir inson Islom asoslarini inkor qilganida, avval uning buni bilib-bilmasdan qilgani aniqlanishi kerak. Agar u jaholat sababli yoki ma’lumotsizlik tufayli xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, takfir qilinmaydi.

 Shuningdek, Imom Tohaviy rahmatullohi alayh o‘z mashhur aqida risolasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deb ta’kidlaydilar.

Bu so‘zlardan ma’lumki, bir inson shahodat kalimasini aytgan va islomning asoslariga ishongan bo‘lsa, uni kufrda ayblashga yo‘l yo‘q.

Takfirchilik faqat diniy jihatdan emas, balki ijtimoiy barqarorlik uchun ham xavflidir:

  1. Ummat ichida bo‘linish va tafriqa keltirib chiqaradi.
  2. Birodarlik va ishonchni yo‘qotadi.
  3. Qon to‘kish va islom nomidan zo‘ravonlikka yo‘l ochadi.
  4. Islamning asl ta’limotini buzib ko‘rsatadi, g‘araz niyatdagi kimsalarga esa, fitna uchun imkoniyat yaratadi.

Takfirchilik islom ta’limotiga zid bo‘lgan xatarli g‘oyadir. U insonlarni Allohning rahmatidan uzoqlashtiradi, musulmonlar o‘rtasida birodarlik rishtalarini uzadi va fitna-fasodga sabab bo‘ladi. Har bir musulmonning vazifasi — birodarini kufrda ayblash emas, balki uni hidoyat va xayrli amallarga chorlashdir.

Shu boisdan, barcha holatlarda bo‘lgani kabi bu masalada ham ulamolarning yo‘liga ergashish lozim. Musulmonlar orasida birlik, bag‘rikenglik va inoqlikni mustahkamlash bugungi kun musulmonlarining eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi

imom-xatibi Shermuhammad Boltayev