Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Aprel, 2026   |   26 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:44
Peshin
12:28
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:24
Bismillah
15 Aprel, 2026, 26 Shavvol, 1447

Shirk - ulkan gunoh

10.01.2019   3351   3 min.
Shirk  - ulkan gunoh

Alloh taolo har birimizning qalbimizdagi niyatlarimizni bilguvchi Zot. Har birimiz qilgan ezgu amallarimizni Alloh dargohida husni maqbul bo‘lishini istaymiz.

Maslahat so‘rab kelgan kelinchak ko‘rinishidan sarosimada ekanligi bilinib turardi. “Gapni nimadan boshlashni ham bilmayman? Oiladagilar birin ketin kasal bo‘la boshlashdi. Turmush o‘rtog‘imning ishi ham yurishmay qoldi, shuning uchun qaynonam uyga dam soldirgani odam olib keldilar. Onalarining bu ishlaridan o‘g‘illari norozi bo‘lsalar ham, indamadilar.

Xonadonimizni ko‘zdan kechirgan haligi odam “Xonadoningiz yuk bosib ketibdi, yaxshilab dam solish kerak. Qora qo‘chqor olib kelib, so‘yib, qonini uyning deraza romlariga surasizlar deb”, ko‘rsatma berib ketdi. Qaynonam qo‘chqor olib keltirdilar, so‘yib, qonini hamma deraza romlarga surib chiqdik. Turmush o‘rtog‘im ham, men ham qarshilik qilolmadik. Ammo o‘sha kundan boshlab, ko‘nglimiz g‘ash, ibodatlarimiz ham sustlashgandek, farzandlarim injiq bo‘lib qolyapti”, deb kelinchak gapini tugatdi.

Bunday vaqtda nima qilish kerak? Oramizda hali hanuz shirk amallarni qiladiganlar topiladi.

O‘sha singlimizga “Avvalo bunday ishlar shariatga xilof ekanligini kattalarga tushuntirasiz. Uyga borgandan keyin, deraza romlariga surilgan qon izlarini kimyoviy tozalash vositasi bilan tozalash zarur. Qon tarkibida juda ko‘plab mikrob, viruslar bo‘ladi. Yozning issiq pallasi pashsha va chivinlar ko‘payadigan vaqt. Qon esa bunday hasharotlarning sevimli ozuqasi. Bu holat birgina sizning xonadoningiz emas, balki atrofdagilarga ham  o‘ta xavflidir. Har qanday mushkullarni bartaraf etishni esa yolg‘iz Alloh taolodan so‘raladi. Ibodatlaringizda mahkam bo‘ling!” deb nasihat qildik.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

“Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”. (Vaz-Zaariyot: 56)

Shunga o‘xshash voqeani o‘qigan edim. Ibodatda, ilmdan xabari bor bir yigit yangi uyga ko‘chib o‘tgandan keyin g‘ayritabiiy holatlar haqida so‘rash uchun olimlardan birining oldiga boradi. U kishi Qur’on oyatlarini o‘qish kerakligini aytadi. Bir necha kun o‘tgandan keyin yigit olimning oldiga keladi. Shunda olim “Siz qandaydir shariatga xilof ish qilgan bo‘lsangiz kerak. Agar o‘shani eslab, undan tavba qilsangizgina bu notinchlik barham topishi mumkin", dedi. 

Shunda yigit “Bir ish qilmoqchi bo‘lganimda, ibodatli o‘rtoqlarimdan biri uni shariatga zidligini aytdi. Men, axir bu urf-odat, otam qilgan,  deb uyning qurilishi bitish arafasida odatimizga ko‘ra, bir qo‘yni tomga olib chiqib, uni yangi qurilgan bino g‘ishtlariga qonini oqizish uchun o‘sha yerda so‘ydik”, dedi.  Shunda olim boshini qimirlatib: “Uyingizdagi barcha notinchliklarning sababi shu. Endi chin dildan Allohga yuzlanib tavba qiling”, dedi.

Alloh taolo hadisi qudsiyda shunday marhamat qiladi:

«Qulim menga shirk keltirmasa, huzurimga bir dunyo gunoh bilan kelsa ham, uni bir dunyo mag‘firat bilan qarshi olgayman»  (Tabaroniy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Alloh taolo barchalarimizni faqat O‘zigagina ibodat qiladigan, mushkulotlarimizni bartaraf etishini O‘zidangina so‘raydigan solih bandalari qatorida qilsin. 

 

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yangi qiyofadagi Imom Buxoriy majmuasi: ziyorat va ma’rifat maskani

14.04.2026   4990   4 min.
Yangi qiyofadagi Imom Buxoriy majmuasi: ziyorat va ma’rifat maskani

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Navoiy viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida bir guruh navoiylik jurnalistlar, OAV vakillari, blogerlar ishtirokida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi doirasida Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga press-tur tashkil etildi.


So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida tarixiy merosni asrash, uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda ziyorat turizmini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 


Press-tur ishtirokchilari dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.


Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qayta barpo etilgan majmuada ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar muhayyo etilgan. Majmua hududida 15 gektar maydonda barpo etilgan infratuzilma doirasida to‘rt va uch yulduzli mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargohlar qurilgan. Barcha obyektlar zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lib, hududda obodonlashtirish ishlari ham yuqori saviyada amalga oshirilgan. Bu o‘zgarishlar natijasida majmua bir kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, ziyorat turizmining rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.


Majmuada 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, 154 ustunli milliy uslubdagi muhtasham ayvon va ma’muriy binolar barpo etilgan. 9 pavilondan iborat innovatsion muzeyda esa Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida keng ma’lumotlar jamlangan. Muzey ekspozitsiyalarida Qur’onda nomi zikr etilgan payg‘ambarlar tarixi, hadis ilmining shakllanishi va rivoji haqida ham qiziqarli ma’lumotlar o‘rin olgan. 


Qadamjoda 14 ta moviy gumbaz va 75 metrlik 4 ta minora majmuaga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlagan. Press-tur ishtirokchilari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham bo‘lib, uning faoliyati, ilmiy salohiyati va amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Joriy yil 27 mart kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganiga 9 yil to‘ldi. Markazning tashkil etilishi mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlarning yaqqol amaliy natijasi bo‘lib, u ajdodlarimizning bebaho ilmiy va ma’naviy merosini, islom ilmlarini chuqur o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ilmiy platformaga aylandi.


– Butun musulmon olamida hadis ilmi haqida gap ketsa, Imom Buxoriy nomi alohida tilga olinadi, – deydi markazning ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev. 


– Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng mo‘tabar oltita hadis kitobidan biridir. O‘n yoshidan boshlab hadis ilmini o‘rgangan alloma bobomiz 20 dan ortiq asar yozganlar. Muzeyimizdan o‘rin olgan har bir ekspozitsiya buyuk bobokalonimizning hayoti va faoliyatidan so‘zlaydi. Xullas, yangilangan majmua bugungi kunda nafaqat ziyoratgoh, balki ilm-ma’rifat, tarbiya va ma’naviy yuksalish maskani sifatida xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, milliy va diniy merosni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan izchil siyosatning yorqin namunasidir.


Tadbir davomida markaz faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazilib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, xalqaro hamkorlik aloqalari va ma’naviy-ma’rifiy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish va konservatsiyalash laboratoriyasida bo‘lib, nodir qo‘lyozmalarni asrash va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 
 

– Bugungi kunda fondimizdagi mingga yaqin qo‘lyozma kitoblar mavjud bo‘lib, ularning orasida restavratsiyaga muhtoj kitoblar ham bor, – deydi markazning ilmiy xodimi Baxtiyor Ibotov. – Bu kitoblarning barchasi qo‘l mehnati orqali restavratsiya qilinadi va tabiiy ashyolardan foydalaniladi. Restavratsiya jarayonida kitobning asl holati va ko‘rinishiga alohida e’tibor qaratamiz. Unga boshqacha tuzatishlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir kitobni restavratsiya qilish uchun uning holatiga qarab uch oydan ikki yilgacha vaqt talab etiladi. Bizda konveyer usuli qo‘llanilmaydi. Har bir xodimimiz muqovani, sahifani hamda kitobni tikish jarayonini to‘liq bajara olishi kerak. Shuning uchun xodimlarimiz doimiy ravishda yurtimizda va xorijiy davlatlarda malaka va bilimlarini oshirib boradi.

Press-tur doirasida OAV vakillari majmuaga sayohat qilib, qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. 
 

A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA

Yangi qiyofadagi Imom Buxoriy majmuasi: ziyorat va ma’rifat maskani Yangi qiyofadagi Imom Buxoriy majmuasi: ziyorat va ma’rifat maskani Yangi qiyofadagi Imom Buxoriy majmuasi: ziyorat va ma’rifat maskani Yangi qiyofadagi Imom Buxoriy majmuasi: ziyorat va ma’rifat maskani Yangi qiyofadagi Imom Buxoriy majmuasi: ziyorat va ma’rifat maskani
O'zbekiston yangiliklari