Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Aprel, 2025   |   21 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:37
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
19 Aprel, 2025, 21 Shavvol, 1446

Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar. Hazrati Maymuna onamiz (roziyallohu anho)

27.12.2018   5676   4 min.
Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar. Hazrati Maymuna onamiz  (roziyallohu anho)

Hazrati Maymunaning (roziyallohu anho) Islomni qabul qilishi din uchun ham musulmonlar uchun ham xayr va barokat vasilasi bo‘ldi. Chunki uning musulmon bo‘lishi uzoq yillardan beri Islomga qarshi urush e’lon qilgan ba’zi kishilardan jaholat pardasini ko‘tardi, kin va kibr bilan to‘la qalblarni tozaladi. Hazrati Maymuna (roziyallohu anho) Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) uylangan eng so‘nggi ayoldir. U payg‘ambar xonadonida yashagan qisqa davrda ko‘ngilga og‘ir botuvchi hech qanday voqea ro‘y bermadi. Hazrati Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning vafotlaridan keyin uning butun hayoti Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xotiralariga hurmat va taqvo bilan yashashning go‘zal bir ramzi bo‘ldi. Maymuna onamiz musulmon bo‘lgan, ammo imonini yashirin tutardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va as'hoblari bir quyoshdek Makka ufqlaridan ko‘tarilgach, u jasoratlanib, Allohga imon keltirganini hammaga bildirdi. Bu xayrli voqeadan so‘ng, Maymuna (roziyallohu anho)  Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga zavja bo‘lish istagida Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhuni elchi qilib yubordi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning istagini qabul etdilar va unga mahr sifatida 400 dirham berdilar. Hudaybiya sulhida ko‘rsatilgan uch kunlik muhlat bitdi. Qurayshliklar Nabiy sollallohu alayhi va sallamga elchi yuborib: “Makkada qolish payting tugadi, endi chiqib ket”, dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kulimsiradilar va: “Meni o‘z holimga qo‘ying. Undan ko‘ra bir to‘y qilib, siz uchun taom hozirlatsam va to‘yimga siz ham kelsangiz bo‘lmaydimi?“ dedilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Maymuna roziyallohu anhoga  uylanishlari sababli Makkada qolish muddatini uzaytirmoqchi va qurayshliklar bilan qayta bitim tuzishni mo‘ljallagan edilar.To‘y uchun dasturxon tuzaldi. Kurayshning ulug‘lari taklif etildi. Ular taklifni qabul etmadilar.

— Sening amalingga bizning ehtiyojimiz yo‘q. Tezroq chiqib ket, — dedilar.

Ular bu gaplarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Makkada uch kundan ortiq qolishlaridan qo‘rqishlarini yashirish uchun aytdilar. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning ziyoratlari ba’zi kishilarning aqli va ruhiga ta’sir qilgani ko‘rina boshlagan edi. Masalan, Maymuna (roziyallohu anho)  hammadan yashirib kelgan iymonini musulmonlar Makkaga kirishlari bilanoq ochiq e’lon etdi. Ustiga-ustak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga zavja bo‘ldi. Bu hol mushriklarni g‘azablantirgan edi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ushbu majlisda Maymuna roziyallohu anhoga uylanganlarini e’lon qildilar. Ammo Hudaybiya sulhiga amal qilib, jarchini chaqirib, darhol Madinaga qaytishni e’lon qilishni buyurdilar. Makkadan o‘n mil uzoqlikdagi Saraf degan joyga kelganlarida Maymuna (roziyallohu anho) bilan go‘shangaga kirdilar. Makkadan chiqayotganlarida Maymuna onamiz hayqirib qurayshiylarni musulmon bo‘lishga chaqirdi. Uning ovozi qurayshiylarga kuchli ta’sir qildi. Xolid ibn Valid shunday dedi: “Endi har bir aqli joyida bo‘lgan odamga ochiq ayon bo‘ldiki, Muhammad aslo sehrgar yo shoir emas! U olamlar Robbisining kalomi bilan gapiradi”. Ikrima ibn Abu Jahl uning bu gaplariga qo‘shilmadi, Badrda o‘ldirilgan yaqinlarini eslab, unga qarshi chiqdi. Xolid ibn Valid unga shunday javob berdi: “Bu so‘zlaring johiliyat ishi va g‘ururidandir. Lekin men, vallohi, haq menga ayon bo‘lgan zamon musulmon bo‘ldim...”

Xolid ibn Valid Amr ibn Os bilan birga Madinaga borib, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) bay’at qildilar. Ularning musulmon bo‘lishi bilan Islom yanada quvvatlandi. Shubha yo‘qki, Maymuna onamizning  ochiq murojaat etishi qurayshdan bir qancha kishilarning Islomga kirishlariga katta ta’sir ko‘rsatgan edi. Maymuna (roziyallohu anho) Madinaga kelganidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning pokiza xonadonlarida qadrli zavja bo‘lib yashadi. Musulmonlar uchun fazilatli ona bo‘ldi. Itoatli, samimiy, vafodor ayol sifatida zavjalik vazifalarini ado etdi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) unga Hamza ibn Abdulmuttalibdan beva qolgan opasi Salma bilan birga yashashga izn berdilar. Keyinchalik uning turmush qurmagan singlisi Umara ham shu xonadonda qoldi.

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning katta qizlari Zaynab vafot etgan yili Maymuna hali yigirma besh yoshda edi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tasalli berib, imkoni boricha dardlariga malham bo‘lish harakat qildi.

 

Saidabror Umarov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

18.04.2025   7156   9 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

Allohga hamd, payg‘ambarlarning so‘nggisi Muhammad alayhissalom va zotning oila a’zolari hamda safdoshlariga salovatu salomlar bo‘lsin. Darhaqiqat, Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Movarounnahr zaminida yashab ijod qilgan va shu yerda mangu qaror topgan musulmon olamining benazir allomalaridan biridir.

Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat. 

Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.

Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.

O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy  nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.

Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi. 

Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.

Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:

– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;

– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;

– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.

Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari,  Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.

Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.

Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi  qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...

Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir. 

Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.

Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!

Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.

O‘zA