Mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan boshlab vijdon erkinligini ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat berildi. Jumladan, muqaddas Dinimiz, milliy qadriyatlarimizni, buyuk aziz-avliyolarimizning xotirasi, merosini tiklash, qadamjolarini obod qilish bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilinmoqda.
Yurtimiz musulmonlarining Qur’oni karimni va uni o‘rganish tili bo‘lgan arab tilidan tahsil olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus Islom ta’lim muassasalarida Qur’oni karim va tajvid hamda Arab tili pullik o‘quv kurslar tashkil etilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyrug‘iga muvofiq Nukus shahridagi Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurtida tashkil etilgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining ikkinchi davra tinglovchilari o‘quv mashg‘ulotlarini to‘liq tamomladi.
Joriy yilning 10 dekbr kuni Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurtida mazkur o‘quv kurslarining ikkinchi davra tinglovchilariga bilim yurti tomonidan “Qur’oni Karim va tajvid kursi”ni yakunlaganini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Musulmonlari Qoziyoti matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati