Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bir muddat vahiy kelmay qoldi. Bundan Payg‘ambarimiz (alayhissalom) tashvishga tushib mahzun bo‘ldilar. Mushriklar: “Muhammadning Rabbisi unga g‘azab qildi, uni tark etdi”, dedilar. Shunda Alloh taolo Zuho surasini nozil qildi (Abul Barakot Nasafiy. “Madoriku at-tanzil va haqoiqu at-ta’vil”).
Qasamyod eturman choshgoh vaqti bilan va (o‘z zulmati bilan atrofni) qoplab turgan tun bilanki. Choshgoh vaqti quyosh ko‘tarilayotgan payt, kunduzning boshlanishidir.
“(o‘z zulmati bilan atrofni) qoplab turgan tun”dan murod odamlar va turli ovozlarlardan holi bo‘lgan sokinlik, sukunat qamrab olgan kechadir.
(ey, Muhammad!) Robbingiz Sizdan voz kechgani ham yo‘q, yomon ko‘rib qolgani ham yo‘q! Choshgoh va tun bilan qasamki, ey Muhammad, Parvardigoringiz Sizni payg‘ambarlikka tanlaganidan so‘ng tark etgani yo‘q, sizni yaxshi ko‘rganidan keyin g‘azab ham qilgani yo‘q.
Bu oyat mushriklarning “Robbisi uni tashlab qo‘ydi”, degan so‘zlariga raddiyadir (Shayx Muhammad Ali Sobuniy. “Sofvatut tafasiyr”).
Albatta, Siz uchun oxirat (saodati) dunyo (farog‘ati)dan yaxshiroqdir. Yaqinda Rabbingiz Sizga (shunday ne’matlarni) ato eturki, Siz, albatta, (undan) rozi bo‘lursiz.
O‘tkinchi dunyodan oxirat diyori, jannat va undagi boqiy ne’matlar yaxshiroqdir. Chunki Alloh taolo oxiratda sizga jannat va undagi havzi Kavsarni, qiyomatda ummatingizni shafoat qilish maqomi (maqomi mahmud)ni tayyorlab qo‘ygan. Bu haqda Alloh taolo boshqa oyatda bunday marhamat qiladi: “Shoyadki, Robbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” (Isro surasi, 79-oyat).
Maqomi mahmud bu Qiyomat kunida Payg‘ambarimiz alayhissalomga ato etiladigan buyuk shafoat maqomidir. Qiyomat kunida ummatlarini shafoat qiladilar. Rasululoh (sollallohu alayhi va sallam): “Har bir payg‘ambarning qabul bo‘ladigan duosi bor. Men duoimni ummatimga shafoat qilish uchun oxiratga olib qo‘ydim” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
(Ey, Muhammad! Rabbingiz) Sizni yetim holda topib, boshpana bermadimi?! Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ona qornidaliklaridayoq otalaridan, olti yoshlarida onalaridan ayrildilar. Alloh taolo u zotning bobolari qalbiga cheksiz mehr-shafqat hissini soldi. Bobolari Abdulmuttalib vafotidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) amakilari Abu Tolibning qaramog‘ida qoldilar. Uzoq yillar Abu Tolib u zotni himoya qildi. Bularning barchasi Alloh taoloning hikmati va inoyati bilan bo‘ldi.
Yana Sizni gumroh (g‘ofil) holda topib, (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilib qo‘ymadimi?!
Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga vahiy yuborib, u zotga shariatni bildirdi va Qur’ondan ta’lim berdi. Alloh taolo boshqa oyatda bunday marhamat qiladi: “Agar (Biz) Sizni (haq yo‘lda) sobitqadam qilmaganimizda...” (Isro surasi, 74-oyat).
Hodiy (Hidoyat qiluvchi) – Alloh taoloning sifatlaridan biri bo‘lib, U Zot O‘zi xohlagan kimsani fazli ila hidoyat qiladi. “Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o‘sha hidoyat topuvchidir. Kimni yo‘ldan ozdirsa, bas, ular uchun Undan o‘zga do‘stlarni topa olmassiz, ularni Qiyomat kunida yuztuban hollarida ko‘r, soqov, kar qilib tiriltirurmiz” (Isro surasi, 97-oyat).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Alloh taolodan hidoyatni ya’ni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadamlikni so‘rab: “Allohim! Men Sendan hidoyatni, iffatni, behojatlikni so‘rayman”, deb duo qilardilar (Imom Muslim rivoyati).
Sizni kambag‘al holda topib, (Xadichaga uylanishiningiz tufayli) boy qilib qo‘ymadimi?! Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Xadicha binti Xuvaylid (roziyallohu anho)ning tijorat karvonlariga boshchilik qilganlari va keyinchalik u ayolni nikohlariga olganlaridan keyin boy-badavlat kishilardan biriga aylandilar.
Alloh taolo u zotni moddiy tarafdan to‘kis qilib qo‘ydi va qanoatli qildi. Dunyoning o‘tkinchi matohlariga berilmadilar. Chin boylikni nafs xotirjamligida deb bildilar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Boylik mol-dunyoning ko‘pligida emas. Balki nafs to‘qligidir”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Bas, endi Siz (ham) yetimga qahr qilmang! Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yetimlikda voyaga yetishlarining katta hikmat bor edi. U zot yetimlikni his etganlari uchun ham ularga nisbatan mehribon, hamisha yetimparvar bo‘ldilar va boshqalarni ham shunga targ‘ib etdilar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men va yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon turamiz” – deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochib ko‘rsatdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Soil (gado)ni esa (malol olib) jerkimang! Biror narsa so‘rab kelgan tilanchini haydamang, unga muloyim bo‘ling. Ehson, hadya bering yoki chiroyli muomala bilan ortiga qaytaring.
Shuningdek, ilm o‘rganish maqsadida biror savol so‘rab kelganni haydamang, unga o‘rtaging (Abul Barakot Nasafiy. “Madoriku at-tanzil va haqoiqu at-ta’vil”).
Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang! Alloh taolo bergan ne’matlar haqida gapirish shukrning bir ko‘rinishidir. Chunki banda o‘ziga yetgan in’om yolg‘iz Alloh taoloning fazli bilan ekaniga ishonadi va e’tirof etadi.
Anas ibn Bashir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) minbarda turib: “Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmaydi. Kim odamlarga shukr qilmasa, Allohga ham shukr qilmaydi. Allohning ne’matlari haqida gapirish shukrdir. Uni tark qilish kufrdir. Jamoat rahmatdir”, dedilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Abu Rajo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Imron ibn Husayn (roziyallohu anhu)ni qo‘lida shoyidan bo‘lgan choyshabni olib ketayotganini ko‘rdim. Ilgari uni bu holda hech ko‘rmagan edim. Shunda u: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo bir bandasiga biror ne’matni bersa, o‘sha bandasida bergan ne’matini asari ko‘rinib turishini yaxshi ko‘radi”, deganlarini eshitganman», dedi (Imom Abu Mansur Moturidiy. “Ta’vilatu ahlis-sunna”).
Alloh taolo barchamizni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga chin ummat bo‘lib, u zotning go‘zal axloqlaridan o‘rnak olib yashashimizni nasib qilsin!
Shayx Muhammad Ali Sobuniyning “Sofvatut tafasiyr”,
Abul Barakot Nasafiyning “Madoriku at-tanzil va haqoiqu at-ta’vil”,
Imom Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilatu ahlis-sunna” asari asosida
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hammamizga ma’lumki, XXI asr axborot asridir. Bu asrda axborot texnologiyalari shu darajada rivojlandiki, dunyoning bir chekkasidagi voqea shu zahotiyoq keng jamoatchilikka yetib boradi. Axborotning bunday tezlikda tarqalishiga internet global tarmog‘ining kashf qilinishi sabab bo‘ldi. Hozirgi davrda hayotni internetsiz tasavvur qilish qiyin. Albatta, axborot yetkazishda, inson bilim doirasini kengaytirishda, biznes olamida va boshqa sohalarda uning o‘rni beqiyos. Lekin internet omma mafkurasini buzishda, buzg‘unchi g‘oya va aqidalarni tarqatishda, inson ongini zaharlashda ham qora kuchlarni asosiy targ‘ibot manbasi bo‘lib qolmoqda. Global tarmoqning salbiy xarakterga ega bo‘lgan bir necha omillari borki, bu omillar har bir inson uchun asosiy xatar hisoblanadi. Biz quyida ana shu omillarning ba’zilarini sanab o‘tamiz.
1. Sog‘lom e’tiqodga tahdid.
Internet ayniqsa, yoshlarni sog‘lom e’tiqodiga tajovuz qiluvchi manbalar makonidir. U yerda o‘zlarini “do‘st sanovchi” yoki “hidoyatga boshlovchi” qilib ko‘rsatuvchilar ko‘p. Aslida
ularning din ilmidan xabarlari yo‘q. O‘z rahnamolaridan eshitganlarini takrorlashdan nariga o‘tmaydilar. Ular o‘z johilliklari bilan boshqalarni ham jarga yetaklaydilar.
Bunday aqidaparast oqimlar targ‘ibotini olib borayotgan saytlar soni ma’lumotlarga ko‘ra 7000 dan oshgan. “Al-Qoida”, ISHID kabi terroristik tashkilotlarning targ‘ibot manbalarining asosiy qismi internetga to‘g‘ri keladi. Afsuski butun dunyo bo‘ylab ilmsiz, e’tiqodsiz yoshlar ularning o‘ljalariga aylanmoqda.
2. Turli fitnalar makoni.
Internet xalqlar, millatlar orasida nizo keltirib chiqaruvchi manbalar makonidir. Ular ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng faoliyatni yo‘lga qo‘yishgan. U yerda yolg‘on-yashiq, irqiy kamsitilishga sabab bo‘luvchi xabarlar tarqatiladi va kishilarni ommaviy norozilik uyushtirishga chaqirib fitna qo‘zg‘ashga harakat qilinadi. Fitna har bir rivojlanishga intilayotgan davlat uchun katta halokatdir. Shuning uchun Alloh o‘z kalomida: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deb marhamat qiladi.
Shuningdek, diniy tushunchalar ham buzib ko‘rsatiladi. Ular “shahid”, “jihod”, “Hijrat” kabi tushunchalarni ba’zi savodsiz “olim” larning fatvolariga tayanib buzib talqin qilishadi. Shu yo‘l bilan omma orasida diniy asosda nizo chiqarishga urinishadi. Bu ishlar esa dinimizda qat’iyan man qilingan ishlardir.
3. Bekorchilik va buzuqlik o‘chog‘i.
Yoshlarning ko‘p hollarda internetdan faqat ko‘ngilochar manba sifatida foydalanishi
achinarlidir. Bu inson uchun juda qadrli bo‘lgan vaqtning behuda o‘tishiga sabab bo‘ladi.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda behuda vaqt o‘tkazish, keraksiz narsalarni tomosha qilish yoshlarning zehnini o‘ldiradi, fikrlashini susaytiradi. Aslida, keraksiz narsalarga vaqt sarflash gunohdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida: “Behuda ishlarni tark etish kishi Islomining go‘zalligidandir”, deganlar.
Ommaviy madaniyatni, ayniqsa, buzuqchilikni targ‘ib qiluvchi saytlar ma’naviyat uchun halokatlidir. Bunday saytlar kishilarni hissiz, atrofidagilarni qadrlamaydigan manqurtlarga aylantirib qo‘yadi. Bunday buzuqchilikni doimiy ko‘rish qalbni o‘ldiradi.
Hikmatlarda shunday deyiladi: “Ko‘z bilan qilingan gunohning qalbga ta’siri katta.Chunki ko‘z qalb bilan bog‘liqdir”.
Hulosa shuki: Yuqorida sanab o‘tilganlar global tarmoqdagi xatarlarning ba’zilari xolos. Lekin ana shu “ba’zilari”ning ta’siriga berilib vayronkorlik bilan shug‘ullanayotganlarni,
bu vayronkorlik butun davlatlarni o‘z domiga tortayotganligini guvohi bo‘lib turibmiz.
Bunday illatlardan saqlanish, yoshlarimizni saqlash o‘zimizning qo‘limizda. Shu yo‘l bilan yurtimiz kelajagini, tinch hayotimizni asrash uchun kurashishimiz lozim.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome masjidi imom xatibi