Bugun, 4 dekabr kuni “Vaqf: mohiyati va ijtimoiy ahamiyati” mavzusida diniy soha xodimlari ishtirokida videoseminar o‘tkazildi. Tadbir avvalida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qilib, xayrli duolar qilindi.
Seminarda “Vaqf” tushunchasi, istilohiy ma’nolari, vaqf mulklari yuzaga kelishi tarixi va vaqf mulklarining shar’iy hukmlari hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyatini targ‘ib etish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Islom dinida insonlarni doimo mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqirilgani, xayru saxovat yoyilgan yurt obod bo‘lishi, qaysi jamiyatda odamlarning qo‘li ochiq bo‘lsa, bunday jamiyat ravnaq topishi, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Vaqf” fondi oldida ham mana shunday maqsadlar turganini ta’kidladilar. Muftiy hazratlari vaqf tushunchasini keng yoyish va Fond faoliyatini keng targ‘ib etish borasida diniy soha xodimlari oldida turgan vazifalarni birma-bir sanab berdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, “Vaqf” fondining mazmun-mohiyatini keng xalq ommasiga to‘liqroq tushuntirish, Fondning rivoj topishiga barcha o‘z hissasini qo‘shishi, infokioskalar faoliyatini kengaytirish va mo‘tabar manbalarda keltirilgan vaqf bobidagi masalalarni bayon qilishga katta e’tibor qaratish zarurligini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari chamasi 100 yil avval diyorimizda vaqf mulklari amalda bo‘lgani, ota-bobolarimiz bunday mulklarni tasarruf etishgani, bugungi kunda ushbu qadriyat yana qayta tiklangani, bu borada xalqimizga oddiy shaklda ma’lumotlar tarqatish zarurligini taklif etdi. Fatvo bo‘limi mudiri X.Ishmatbekov Islom dinida vaqfga oid hukmlarni bayon qildi. “Vaqf” fondi rahbari Iskandar Xalilov o‘tgan davr mobaynida qilingan xayriya ishlari va kelgusidagi rejalar haqida gapirdi. Toshkent shahri Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov vaqf atamasining mazmun-mohiyatini kengroq tushunish kerakligi va Fondning imkoniyatlarini to‘la ishga solish zarurligini bildirdi.
Seminarda Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir Elov, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov, Mir Arab oliy madrasasi rektori Haydarxon Yuldashxodjayev, Toshkent shahridagi “Burhoniddin Marg‘iloniy” jome masjidi imom-xatibi Abdulxamid Tursunov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Seminar yakunida “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyati, bugungi kungacha amalga oshirilgan xayriya ishlari, tadbirlar va loyihalarning amaliy ifodasi aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.
O‘qilgan ma’ruzalar haqida saytimizda ma’lumot berib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rivoyat qilinishicha, bir kuni sahroda bir otliq kishi ketib borardi. Cho‘lda sarson bo‘lib, adashib chanqoqdan tinkasi qurigan bir kishini uchratdi. Bu odam otliqdan suv so‘radi, otliq unga suv berdi. Yo‘lovchi biroz o‘ziga kelgach otliqdan uni o‘zi bilan olib ketishini iltimos qildi. Otliq rozi bo‘ldi va yo‘lovchini otiga minishiga izn berdi.
Ammo, yo‘lovchi ko‘p toliqqani uchun otga o‘zi mingasha olmadi va: "Men chavandoz emasman, oddiy dehqonman, shuning uchun otga minishga o‘rganmaganman. Iloji bo‘lsa menga otga minishimga yordamlashib yuborsangiz", deb iltimos qildi.
Otliq otdan tushib, unga yordam berdi. Biroq, yo‘lovchi otga mingach, mohir chavandoz kabi otni choptirib qochib qoldi.
Shunda otliq o‘zini aldanganini angladi va qochayotgan o‘g‘rining ortidan qichqirib: "Menga qilgan bu ishingni hech kimga aytma, iltimos! Yo‘qsa, odamlar bir-birlariga muruvvat qilmay qo‘yadilar", dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV