Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2026   |   7 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
21 Iyul, 2026, 7 Safar, 1448

Savda binti Zam’a (roziyallohu anho)

27.11.2018   25821   4 min.
Savda binti Zam’a (roziyallohu anho)

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hazrati Xadicha (roziyallohu anho) onamiz vafotidan so‘ng hazrati Savda binti Zam’a ona­mizga uylanganlar.

Savda onamizning otalari Zam’a ibn Qays ibn Abdush Shams ibn Abd Vudd ibn Amir ibn Luay ibn G‘olib, onalari esa ash-Shamus binti Qays ibn Amr ibn Zayd ibn Labid ibn Xidash ibn Amira banu Adi ibn an-Najjar qabilasidan edi.

Savda onamiz dastlab amakilari­ning o‘g‘li Sakron ibn Amrga turmush­ga chiqqan. Ikkovlari islomni qabul qilib, Habashistonga hijrat qilganlar va sakkiz muhojirning safidan joy olgan. Savda onamizning birinchi er­lari Sakron ibn Amr kasal bo‘lib vafot etgan.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Xadicha onamizning vafot­laridan bir necha yil keyin, Toifdan nihoyatda mahzun bo‘lib qaytgan edilar. Savda onamizga uylanishlari ana shun­day vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Mo‘mina ayollar orasida Xavla binti Hakim (roziyallohu anho), Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning nom­laridan Savda onamizga sovchi bo‘lib borganlar. Savda onamiz otalarining roziliklari bilan Payg‘ambarimizga turmushga chiqib, 400 dirham mahr ol­gan. Shu vaqtda Ramazon oyi bo‘lib, payg‘ambarlikning o‘ninchi yili edi. Bu nikoh makkaliklarni taajjublantirgan. Chunki Savda onamiz yosh ham emas, uncha­lik chiroyli ham emasdi.

Lekin Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qiyinchilikda qolgan kimsasiz ayolni himoya etganlar. Savda (roziyallohu anho) mo‘minlarning ona­si, zimmalaridagi mas’uliyatni ado etishga sidqidildan kirishib, yetim qolgan farzandlarining tarbiyasi bi­lan shug‘ullangan. Savda onamiz itoatli, sevimli va hazilkash ayol edi.

Bir kuni Savda (roziyallohu anho) Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ga: «Ey Allohning Rasuli, kecha ortingizdan namoz o‘qidim. Juda uzoq vaqt ruku qildingizki, qon oqib ketmasin deb burnimni ushlab turdim», dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sal­lam) kuldilar. Shu tariqa oradan uch yil o‘tdi.

Savda binti Zam’a Oisha onamiz ke­lin bo‘lib tushganidan keyin ham hazil-mutoyibani tark etmadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xonadon­lariga boshqa ayollari birin-ketin ki­rib kela boshladi. Biroq bu hol ularni o‘z o‘rnilarini yo‘qotishga olib kelmadi. Suyukli payg‘ambarimiz har qaysisiga yarasha muomala qildilar.

Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Men Savdadan boshqa tu­timi va siyratida o‘zimga yoqadigan, unga o‘xshash ayolni ko‘rmadim. U yoshi katta bo‘lganda: «Ey Allohning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam), sizdagi haqim bor kunimni Oishaga berdim», dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Oishaga ikki kun – o‘z kuni­ni va Savdaning kunini taqsim qilar edilar».

Alloh taoloning izni ila Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) hijrat qilganlarida, Savda binti Zam’a onamiz ham u zotning ortlaridan qizlarini olib hijrat qilgan. U yerda ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xonadon­larini boshqarib turgan.

Badr jangida qarindoshlari Suhayl ibn Amr asir tushganida, soddadil­lik bilan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga qilgan ishorala­ri tufayli asirlarga yaxshilik qilish bo‘yicha shar’iy qoidalarga yana biri qo‘shilgan.

Savda binti Zam’a onamiz «Batahqiq, sizlarga hojatlaringiz uchun chiqishga izn berildi» oyati nozil etilishiga sa­babchi bo‘lgan. Savda onamiz betakror xislatlari, taqvo, saxiyligi bilan aj­ralib turardi.

Umar (roziyallohu anhu) ularga bir xurjun dirham yuborganlarida, ular­ning hammasini tarqatib yuborgan. G‘azotda ishtirok etib, Xaybarni fath qilinishiga guvoh bo‘lgan.

Hazrat Savda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan keyin, hazrati Umar(roziyallohu anhu)ning xalifalik davrida vafot etgan. Bu paytda u chamasi sakson yoshda bo‘lgan.

Savda onamiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan beshta hadis rivoyat qilgan. Ulardan birini Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

 

Maryam ABDULLAYEVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha

bo‘lim mutaxassisi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya matbuoti: O‘zbekiston islom ilm-fani va madaniy merosini tiklashda muhim o‘rin tutmoqda

20.07.2026   9643   1 min.
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston islom ilm-fani va madaniy merosini tiklashda muhim o‘rin tutmoqda

Saudiya Arabistonining nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi va unda ilgari surilgan tashabbuslarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Xususan, “Al-Watan” gazetasida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi shunchaki an’anaviy ilmiy uchrashuv emas, balki islom madaniyatining tiklanishiga xizmat qiluvchi keng ko‘lamli tarixiy loyiha sifatida keng yoritilgan. Materialda O‘zbekiston islom olamining eng muhim tarixiy beshiklaridan biri sifatida e’tirof etilgan.

“UNA” axborot agentligi O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilgari surilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Xususan, mamlakatda boy ma’naviy-madaniy merosni qayta tiklash va o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani qayd etilgan. Forum doirasida Samarqandda qabul qilingan deklaratsiya va uning asosida taklif etilgan yangi ilmiy tashabbuslar hadisshunoslik va islom g‘oyalarini asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.

Saudiya OAVda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu markaz mamlakatning islom madaniyati, ilm-fani va ma’naviy merosini o‘rganish, saqlash hamda keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiluvchi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy muassasa ekani qayd etilgan.

Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar, qadimiy Qur’on nusxalari, arxeologik topilmalar, tarixiy hujjatlar, san’at asarlari hamda interaktiv multimedia namoyishlari o‘rin olgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari