Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Mart, 2026   |   27 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:15
Quyosh
06:34
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:34
Xufton
19:46
Bismillah
16 Mart, 2026, 27 Ramazon, 1447

Mo‘min mo‘minning ko‘zgusi

23.11.2018   4452   3 min.
Mo‘min mo‘minning ko‘zgusi

"Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir"[1].

Inson o‘z aybini, noqisligini oynada qanday ko‘rsa, mo‘min mo‘min birodari uchun ham shunday. Oynaga qaramasdan kishi yuzidagi aybini ko‘rolmaganidek, mo‘minlar ham o‘zaro munosabatda bo‘lmasalar, bir-birlaridan xabardor bo‘lolmaydilar. Islomiyat jamiyat hayoti bilan barhayot, shuning uchun "din nasihatdir" hukmi barqarordir.

Mo‘min kishi g‘oyat sof va jozibali bir ko‘zgu kabi bo‘lishi kerakki, shoyad unga qaragan boshqa mo‘minlar o‘z aybu qusurlarini ko‘rib, o‘zlarini tuzatsinlar. Bu ham mo‘min kishining kamolotiga bog‘liqdir. Ma’nan barkamol bo‘lmagan, johil, xulqi buzuq kimsalar bunday sof ko‘zgu bo‘lolmaydilar. Mo‘minlar ulardan ham saboq olib, kamolot kasb etishlari lozim. Luqmoni Hakimdan: "Adabni qayerdan o‘rganding?" deb so‘raganlarida: "Adabsizdan" deb javob bergan ekan.

Bayt:           

Bu olam bir ko‘zgudir, har narsa Haq ila qoim,

Muhammad ko‘zgusidin Alloh ko‘rinur doim.

Demak, ul zotning izdoshlari Payg‘ambarimizning xulqlari bilan axloqlanishi kerak. Axloqi Muhammadiyga erishmagan qabih tabiatli, hirsga berilgan, hasadgo‘y, jahldor, mutakabbir, xudbin, dunyoparast kimsalarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning izdoshlari bo‘lishga qech qanday haqlari yo‘q. Bu muborak maqomni nohaq suiste’mol qilganlar o‘zlarini uning vorisi deb e’lon qilib, o‘zlarini ham, boshqalarni ham aldaydilar. Alloh taolo barchamizning yordamchimiz – ne’mat ato etuvchi madadkorimiz bo‘lsin va bunday soxta hollardan o‘z panohida asrasin.

"Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Va mo‘min mo‘minni ortidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir"[2].

Sen birodaring uchun bir oyna ekaningni unutma! U ham sen uchun oynadir. Sen o‘zingni unda ko‘rasan.

Mo‘min mo‘minning birodari ekanligi muborak Qur’oni karim oyati bilan sobit bo‘lgan. Islomiy birodarlik tug‘ishgan aka-uka bo‘lishdan ham qiymatliroqdir. Zinhor bi­rodaring sha’niga yomon so‘z aytma. Xato-yu kamchiliklari tu­fayli unga qora chaplama. O‘z aka-ukangni qanday himoya qilsang, dindosh birodaring sha’nini ham shunday asra, hurmat qil. Doim qo‘lidan tut. Yordamga muhtoj bo‘lganida holini senga arz qilishini kutib turmasdan yordam ber. Yo‘qsa katta xato qilgan bo‘lasan.

Mo‘min kishi birodariga qayerda duch kelsa, uning holini so‘raydi. Kezi kelganda, uning yaqinlarini himoya qiladi. Shu zaylda birodarining dunyosini himoya qilar ekan, ma’naviyatini ham muhofaza qiladi. Uning yomon joylarga borishiga yo‘l qo‘ymaydi, gunoh ishlar qilishiga aslo rozi bo‘lmaydi. Uni hech vaqt o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Doim uning saodati va omonligi uchun jon kuydiradi. U yo‘qligida uning bolalarini himoya qiladi, ta’minlaydi.

Ana shu yuksak fazilatlarga ega bo‘lgan kishigina haqiqiy va komil mo‘min bo‘la oladi. Ushbu xususlar orqali mo‘min kishining iymoni nechog‘li mustahkam ekani bilinadi. Har birimiz mazkur sifatlar bilan sifatlansak, komil mo‘min darajasiga yetgan bo‘lamiz.

 

Shayx Muhammad Zohid Qo‘tquning

“Mo‘minning sifatlari” kitobidan

 

[1] “Ramuz al-ahodis” 230/7; Buxoriy, “Adab al-mufrad”, 1/252/, 253/238

[2] “Ramuz al-ahodis” 230/8, roviy hazrati Abu Hurayra (r.a.)

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Sadaqaning 63 ta foydasi

11.03.2026   6467   4 min.
Sadaqaning 63 ta foydasi

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

Kalomulloh – Qur’oni karimning muborak oyati karimalaridan

va

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan

Ustoz ulamoi kiromlarimiz aytadilar: 

“Juda oz bo‘lsa ham,

kuniga sadaqa qilishni odat qiling!"

Chunki "SADAQA – RADDI BALO".

 

  1. Sadaqa – jannat eshiklaridan biridir.
  2. Sadaqa – solih amallarning eng afzali. 
  3. Sadaqa Qiyomat kuni o‘z sohibiga soyabon bo‘ladi.
  4. Sadaqa qabr issig‘ini pasaytiradi.
  5. Sadaqa – mayyitga qilinadigan eng yaxshi va eng foydali hadyadir. Alloh taolo uni ko‘paytirib beradi. 
  6. Sadaqa nafsni poklaydi.
  7. Sadaqa Qiyomat kunidagi qo‘rqinchdan omonlik beradi.
  8. Sadaqa xato va gunohlarga kaforat bo‘ladi.
  9. Sadaqa – o‘lim oldi xotimani go‘zal qiladi.
  10. Sadaqa xursandchilikka sabab bo‘ladi.
  11. Sadaqa qiluvchi – odamlarning eng yaxshisidir.
  12. Sadaqa sohibiga juda ham ko‘p va beqiyos buyuk yaxshiliklar va juda ham ulkan savoblar va’da qilingan.
  13. Sadaqa qilish – taqvodorlarning sifatlaridandir. 
  14. Sadaqa – saxovatning belgisidir.
  15. Sadaqa – duo qabul bo‘lishiga sababdir.
  16. Sadaqa – tashvishning arishiga sababdir.
  17. Sadaqa baloni qaytaradi.
  18. Sadaqa umrni uzaytiradi. 
  19. Sadaqa – dardga davo, kasallikka – shifo, eng foydali muolajadir.
  20. Sadaqa o‘t tushishidan, suvda cho‘kishdan, o‘g‘ri urishidan asraydi.
  21. Sadaqaning savobi – naqd, garchi u hayvon-parrandalarga qilinsa ham.
  22. Sadaqaning afzali – ochga taom berishdir.
  23. Sadaqa qiluvchi kishi odamlar mehrini qozonadi.
  24. Sadaqa – sadaqa qiluvchining mol-davlatini ko‘paytiradi. 
  25. Sadaqa rizq ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
  26. Sadaqa – sadaqa qilgan kishini odamlar yaxshi ko‘rishlariga sabab bo‘ladi.
  27. Sadaqa nusratga sabab bo‘ladi.
  28. Sadaqa ishida qatnashganlar savobga sherik bo‘ladilar.
  29. Sadaqa – balo va qazolardan himoya qiladi.
  30. Sadaqa o‘z egasini yomon o‘limdan asraydi.
  31. Sadaqa bergan bilan mol-dunyo kamayib qolmaydi.
  32. Sadaqa beradigan odamning moliga farishtalar baraka tilab duo qiladilar.
  33. Sadaqa Parvardigorning g‘azabini o‘chiradi.
  34. Sadaqa – sadaqa beruvchining shaytonlar ustidan g‘alabasidir.
  35. Sadaqa Qiyomat kunida bu dunyoda boy berilgan narsalarga afsus qildirmaydi.
  36. Sadaqa – g‘am-anduhdan xoli etguvchidir.
  37. Sadaqa Qiyomat kuni to‘siq bo‘lib, himoya qilib, sadaqa qiluvchini do‘zaxdan to‘sadi.
  38. Sadaqa qalbning qattiqligini yumshatadi.
  39. Sadaqa – Qiyomat kunida sadaqa qilganning yuzining jilosidir.
  40. Sadaqa qilingan mayyitga ham, sadaqa qilgan odamga ham Alloh taolo savoblarini ko‘paytirib beradi.
  41. Sadaqa – yomonliklarni daf etish uchun sababdir.
  42. Sadaqa farishtalarning duosiga sabab bo‘ladi.
  43. Sadaqa savoblarni ko‘paytiradi.
  44. Sadaqa – qayg‘udan asraguvchidir.
  45. Sadaqa – qabr olovini so‘ndirguvchidir.
  46. Sadaqa – hasanotlarni o‘n hissaga ko‘paytirguvchidir.
  47. Sadaqa bu dunyodagi 70 xil yomonlik eshiklarini yopadi.
  48. Sadaqa – sohibini qabr azobi va olovdan ozod etguvchidir.
  49. Sadaqa – sadaqa beruvchining quvonchiga sababchidir.
  50. Suv ho‘l-quruqni kuydirib borayotgan olovni o‘chirgani kabi, insonning ikki dunyosini kuydirib borayotgan xato va gunohlarini sadaqa o‘chiradi.
  51. Sadaqa vafotingizdan keyin ham ajr-savobingizni ko‘paytirib turadi.
  52. Sadaqa qiluvchi Alloh taologa yaqin bo‘lib, O‘zining mehriga sazovor bo‘ladi.
  53. Uzr sababli tutolmay qolgan farz qilingan ro‘zani ham sadaqa bilan kaforat etiladi. 
  54. Sadaqa Ramazon oyida tutilgan ro‘zani mukammal qilib beradi.
  55. Sadaqa qilayotganingizda mablag‘laringizni yo‘qotayotgan bo‘lmaysiz, balki uni boshqa payt uchun o‘zingizga jo‘natayotgan bo‘lasiz.
  56. Sadaqa – saxiy va himmatli ishlardan va ezgu alomatlardan biridir.  
  57. Sadaqa – duoning ijobat bo‘lishiga sababchidir.
  58. Sadaqa qiluvchilarni O‘zining go‘zal mukofotlari ila siylaydi. 
  59. Sadaqa – Qiyomat kunida sadaqa qilganning yuzini yorug‘ qiladi.  
  60. Sadaqa – sadaqa beruvchidan va uning yaqinlaridan baloni daf qiladi.
  61. Sadaqa – sadaqa beruvchining obro‘ va hurmatini saqlaydi.
  62. Sadaqa beradigan xonadonga Xudoi taoloning rahmati yog‘iladi.
  63. Sadaqa beradigan odamga fayzu ilohiy, xayr-baraka beriladi.

 

ILOHO MЕHRIBON PARVARDIGORIMIZ O‘ZI buyurgan,

Janobi PAYG‘AMBARIMIZ SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM tavsiya etgan,

o‘tmishda O‘TGANLARIMIZNING ruhlari shod bo‘ladigan,

XALQIMIZ xursand bo‘ladigan,

OTA-ONALARIMIZ rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon domla Inomov

Maqolalar