"Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir"[1].
Inson o‘z aybini, noqisligini oynada qanday ko‘rsa, mo‘min mo‘min birodari uchun ham shunday. Oynaga qaramasdan kishi yuzidagi aybini ko‘rolmaganidek, mo‘minlar ham o‘zaro munosabatda bo‘lmasalar, bir-birlaridan xabardor bo‘lolmaydilar. Islomiyat jamiyat hayoti bilan barhayot, shuning uchun "din nasihatdir" hukmi barqarordir.
Mo‘min kishi g‘oyat sof va jozibali bir ko‘zgu kabi bo‘lishi kerakki, shoyad unga qaragan boshqa mo‘minlar o‘z aybu qusurlarini ko‘rib, o‘zlarini tuzatsinlar. Bu ham mo‘min kishining kamolotiga bog‘liqdir. Ma’nan barkamol bo‘lmagan, johil, xulqi buzuq kimsalar bunday sof ko‘zgu bo‘lolmaydilar. Mo‘minlar ulardan ham saboq olib, kamolot kasb etishlari lozim. Luqmoni Hakimdan: "Adabni qayerdan o‘rganding?" deb so‘raganlarida: "Adabsizdan" deb javob bergan ekan.
Bayt:
Bu olam bir ko‘zgudir, har narsa Haq ila qoim,
Muhammad ko‘zgusidin Alloh ko‘rinur doim.
Demak, ul zotning izdoshlari Payg‘ambarimizning xulqlari bilan axloqlanishi kerak. Axloqi Muhammadiyga erishmagan qabih tabiatli, hirsga berilgan, hasadgo‘y, jahldor, mutakabbir, xudbin, dunyoparast kimsalarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning izdoshlari bo‘lishga qech qanday haqlari yo‘q. Bu muborak maqomni nohaq suiste’mol qilganlar o‘zlarini uning vorisi deb e’lon qilib, o‘zlarini ham, boshqalarni ham aldaydilar. Alloh taolo barchamizning yordamchimiz – ne’mat ato etuvchi madadkorimiz bo‘lsin va bunday soxta hollardan o‘z panohida asrasin.
"Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir. Va mo‘min mo‘minni ortidan ham himoya qiladigan va uni qo‘llab quvvatlaydigan birodaridir"[2].
Sen birodaring uchun bir oyna ekaningni unutma! U ham sen uchun oynadir. Sen o‘zingni unda ko‘rasan.
Mo‘min mo‘minning birodari ekanligi muborak Qur’oni karim oyati bilan sobit bo‘lgan. Islomiy birodarlik tug‘ishgan aka-uka bo‘lishdan ham qiymatliroqdir. Zinhor birodaring sha’niga yomon so‘z aytma. Xato-yu kamchiliklari tufayli unga qora chaplama. O‘z aka-ukangni qanday himoya qilsang, dindosh birodaring sha’nini ham shunday asra, hurmat qil. Doim qo‘lidan tut. Yordamga muhtoj bo‘lganida holini senga arz qilishini kutib turmasdan yordam ber. Yo‘qsa katta xato qilgan bo‘lasan.
Mo‘min kishi birodariga qayerda duch kelsa, uning holini so‘raydi. Kezi kelganda, uning yaqinlarini himoya qiladi. Shu zaylda birodarining dunyosini himoya qilar ekan, ma’naviyatini ham muhofaza qiladi. Uning yomon joylarga borishiga yo‘l qo‘ymaydi, gunoh ishlar qilishiga aslo rozi bo‘lmaydi. Uni hech vaqt o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Doim uning saodati va omonligi uchun jon kuydiradi. U yo‘qligida uning bolalarini himoya qiladi, ta’minlaydi.
Ana shu yuksak fazilatlarga ega bo‘lgan kishigina haqiqiy va komil mo‘min bo‘la oladi. Ushbu xususlar orqali mo‘min kishining iymoni nechog‘li mustahkam ekani bilinadi. Har birimiz mazkur sifatlar bilan sifatlansak, komil mo‘min darajasiga yetgan bo‘lamiz.
Shayx Muhammad Zohid Qo‘tquning
“Mo‘minning sifatlari” kitobidan
[1] “Ramuz al-ahodis” 230/7; Buxoriy, “Adab al-mufrad”, 1/252/, 253/238
[2] “Ramuz al-ahodis” 230/8, roviy hazrati Abu Hurayra (r.a.)
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey farzand! Raqamli olam shunchaki ekranlardan iborat emas. U – erkaklarning g‘ururi va qizlarning hayosi sinovdan o‘tadigan haqiqiy imtihondir. Shuning uchun bu so‘zlarni qalbing bilan o‘qi.
Ey farzand! Google, Facebook, Twitter va WhatsApp – chuqur dengizga o‘xshaydi. Unda ko‘p insonlarning axloqi yo‘qoldi, ko‘p aqllar halokatga uchradi!
Ey farzand! Uning to‘lqinlari ko‘p qizlarning hayosini yutib yubordi va ko‘p insonlar halok bo‘ldi. Shuning uchun u yerda asalari (arilar) kabi bo‘l, faqat pok narsaga qo‘n, o‘zingga va boshqalarga foyda keltir.
Chivin (yoki pashsha) kabi bo‘lma, u qayerda kasallik bo‘lsa, o‘sha yerdan uni tarqatadi!
Ey farzand! Internet – katta bozor. Bu yerda hech kim o‘z “tovarini” bepul bermaydi. Har kim biror narsa evaziga harakat qiladi. Ogoh bo‘l!
Ba’zilar axloqni buzishni istaydi.
Ba’zilar shubhali g‘oyalarni tarqatadi.
Ba’zilar esa faqat mashhurlik izlaydi.
Shuning uchun har bir “tovarni” yaxshilab tekshirmasdan olma.
Ey farzand! Noma’lum havolalarni (linklarni) ochishdan saqlan. Chunki ularning ba’zisi tuzoq bo‘lishi mumkin: xakerlik, ma’lumot o‘g‘irlash, zarar va halokat.
Ey farzand! Latifalar va yolg‘on xabarlarni tarqatma. Harom ishlarga oid “copy-paste” qilishdan ham ehtiyot bo‘l.
Chunki sen internetda savob va gunoh bilan savdo qilayotganingni unutma.
Ey farzand! Izoh yozish yoki biror narsani ulashishdan oldin o‘zingdan so‘ra: “Bu ish Allohni rozi qiladimi yoki g‘azablantiradimi?”.
Ey farzand! Ko‘zing bilan ko‘rmagan odamingni do‘stligiga ishonma. Faqat yozganlariga qarab insonlarga hukm chiqarma. Chunki ko‘pchiligi niqoblangan! Haqiqat shuki: “Ularning suratlari soxta bo‘lishi mumkin, axloqi jozibali ko‘rinishi mumkin. Ular niqob taqadi va “rostdek ko‘rinib yolg‘on gapiradi”. Shuning uchun zohirga aldanma”.
Ey farzand! Soxta ismlardan ehtiyot bo‘l. Chunki ularning egalari ko‘pincha o‘zlariga ishonmaydi.
O‘ziga ishonmagan odamga sen ham ishonma.
Ey farzand! Seni ranjitganni sen ham ranjitma.
Chunki sen o‘z axloqingni namoyon qilasan, u esa o‘z tabiatini ko‘rsatadi.
Har bir idish ichidagi narsa bilan toshadi.
Go‘zallik javobda emas, tilingda!
Ey farzand! Yozadigan narsangni yaxshilab o‘yla. Chunki sen yozasan, farishtalar ham yozadi, Alloh esa hammasini ko‘rib, hisobini qiladi.
Shuning uchun sahifangni Qiyomat kuni senga qarshi emas, balki senga guvoh bo‘ladigan qilib yurit!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV