Shariatimizda baxillik qoralangan bo'lib, yomon odat hisoblanadi. Haqiqiy baxil molu dunyosini qizg'angan kishi emas, balki salom-alikni qizg'angan kishidir. Ba'zi insonlar tabiatida molu davlatni yaxshi ko'rishlik juda kuchli bo'ladi. Uni qizg'anadi asraydi, birovga bersa, ajralib qolishdan, yoki tugab qolishdan cho'chib turadi. Rasulullox sollallohu alayhi vasallamdan "Mo'min baxil bo'ladimi?" deya so'ralganda, "Ha, baxil bo'lishi mumkin", deya javob berganlar.
Ammo molu mulkini qizg'anganidan ham yomonroq baxillik birovga tinchlik tilab salomlashishni qizg'angan kishi hisoblanar ekan. Abu Hurayra roziyalloxu anxudan rivoyat qilingan bir hadisi sharifda, Nabiy sollalloxu alayxi vasallam "Insonlarning eng baxili salom berishga baxillik qilganidir. Savobdan nasibasiz kishi salomga alik olmaganidir. Gar sen bilan birodaring orasiga gina tushib qolsa, sen undan oldin salom berishga qodir bo'lsang, shuni qil", deganlar (Imom Buxoriy).
Bu rivoyatda mashhur sahobiy Abu Hurayrani bizlarga qilgan buyuk nasihatlari kelmokda. Salom berishni o'ziga ep ko'rmagan odam dunyodagi eng baxil odam sifatida baholanar, hattoki boyligini, davlatini qizg'angandan ham yomonroq hisoblanar ekan. Alloh Taolo barchamizni bunday baxillikdan asrasin!
N.Imamov
Honaqoh jome masjidi imom xatibi
Cavol: Namoz o‘qiyotganimda bolam ro‘molimni tortib yechib yubordi. Namozim nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra namozda berkilishi shart bo‘lgan a’zolardan birining to‘rtdan bir va undan ko‘p qismi uch tasbeh (Subhanalloh) aytish muddaticha ochiq tursa, namoz buziladi. Agar uch tasbeh aytish muddatiga yetmasdan, bir qo‘lda yengil harakat bilan yopib olsa, namoz buzilmaydi. Sizdagi holat ham mana shu hukmga tushadi. Bu holatda ro‘molning o‘zi tushib ketishi yoki kimningdir tushirib yuborishi o‘rtasida farq yo‘q (“Muxtasar fil fiqhil hanafiy”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.