Mavlid – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tavalludlari, tug‘ilgan joyi va zamoni, Payg‘ambar alayhissalomning tavalludi munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimga berilgan nom. Shuningdek, Payg‘ambar alayhissalomning tug‘ilishlariga bag‘ishlangan manzumalar va nasriy asarlar ham mavlud deb ataladi. Shu nuqtayi nazardan, Payg‘ambar alayhissalomning tug‘ilgan kuni “mavlid”, tug‘ilgan oyi “mavlid oyi”, tug‘ilgan kechasi “mavlid kechasi” deb ataladi. Asli “mavlid” bo‘lgan mazkur kalima tilimizda “mavlud” shaklida ham qo‘llaniladi.
“Mavlid” kechasi qanday kecha? U Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dunyoga kelgan kecha bo‘lib, “Qadr kechasi”, “Me’roj kechasi”, “arafa kechasi”, “juma kecha” kabi muborak kunlar va kechalar sirasida o‘ziga xos ahamiyatli kechadir. Hatto Qadr kechasidan-da e’tiborli kecha deguvchilar ham bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning tug‘ilgan kuni qaysi kun ekanini u zotning o‘zlari aytganlar. Xususan, hadisi shariflardan birida u zotdan nega dushanba kuni ro‘za tutishlarining sababini so‘rashganida, “Men dushanba kuni tug‘ildim va Qur’oni karim menga dushanba kuni nozil bo‘ldi”, deb javob berganlari aytiladi...
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida tushuncha bersangiz, uni juma kuni ham tutsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dovud alayhissalom ro‘zasi haqida Imom Buxoriy rahimahulloh quyidagi hadisni rivoyat qilganlar:
Abul Abbos Makkiy aytadi: “Men Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu taolo anhumoning shunday deganini eshitdim: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: “Sen doimo ro‘za tutar va kechalari ibodat qilar ekansan?” – dedilar. Men: “Ha”, dedim.
U zot alayhissalom: “Agar sen shunday qilsang, ko‘zing zaiflashib, nafsing toliqadi. Kim yil bo‘yi ro‘za tutsa, ro‘za tutmabdi. Har oyda uch kun ro‘za tutish – yil bo‘yi ro‘za tutish kabidir”, dedilar.
“Men bundan ham ko‘prog‘iga qodirman”, dedim.
U zot alayhissalom: “Unda Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut, u kishi bir kun ro‘za tutar va bir kun og‘zi ochiq bo‘lar hamda dushmanga yo‘liqqanda qochmas edi”, dedilar.
Kimdir mazkur hadisga amal qilib, Dovud alayhissalom ro‘zasini tutayotganda uning ro‘zasi juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, hech karohiyatsiz joiz bo‘ladi.
Kishining nafl ro‘za tutishga odatlangan kunlari yoki Ashuro kuni kabi fazilatli ro‘zalar juma, shanba yoki yakshanba kunlaridan biriga to‘g‘ri kelib qolsa, shu kuni ro‘za tutishi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.