Mavlid – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tavalludlari, tug‘ilgan joyi va zamoni, Payg‘ambar alayhissalomning tavalludi munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimga berilgan nom. Shuningdek, Payg‘ambar alayhissalomning tug‘ilishlariga bag‘ishlangan manzumalar va nasriy asarlar ham mavlud deb ataladi. Shu nuqtayi nazardan, Payg‘ambar alayhissalomning tug‘ilgan kuni “mavlid”, tug‘ilgan oyi “mavlid oyi”, tug‘ilgan kechasi “mavlid kechasi” deb ataladi. Asli “mavlid” bo‘lgan mazkur kalima tilimizda “mavlud” shaklida ham qo‘llaniladi.
“Mavlid” kechasi qanday kecha? U Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dunyoga kelgan kecha bo‘lib, “Qadr kechasi”, “Me’roj kechasi”, “arafa kechasi”, “juma kecha” kabi muborak kunlar va kechalar sirasida o‘ziga xos ahamiyatli kechadir. Hatto Qadr kechasidan-da e’tiborli kecha deguvchilar ham bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning tug‘ilgan kuni qaysi kun ekanini u zotning o‘zlari aytganlar. Xususan, hadisi shariflardan birida u zotdan nega dushanba kuni ro‘za tutishlarining sababini so‘rashganida, “Men dushanba kuni tug‘ildim va Qur’oni karim menga dushanba kuni nozil bo‘ldi”, deb javob berganlari aytiladi...
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillarining Singapurga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida ushbu mamlakatning Diniy reabilitatsiya guruhi (“Religious Rehabilitation Group”) hamda Nanyang texnologik universiteti huzuridagi S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida radikallashuv va ekstremizmning oldini olish, deradikalizatsiya, mahkumlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, strategik kommunikatsiyalarni rivojlantirish hamda axborot makonida buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi ilmiy asoslangan raddiyalar ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston va Singapur tajribasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Singapur tomoni “RRG” va “RSIS” markazlari faoliyati misolida radikallashuvga qarshi tizimli profilaktika, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslar bilan individual reabilitatsiya ishlarini olib borish, ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ilmiy-tahliliy tadqiqotlar olib borish va jamoatchilik bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish amaliyoti haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jamiyatda bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish, yoshlarni radikal oqimlar ta’siridan himoya qilishda ilmiy yondashuvlarni rivojlantirish borasidagi izchil chora-tadbirlar bilan singapurlik sheriklarni tanishtirdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar ekstremizmga qarshi kurashish, xavfsizlikni ta’minlashda strategik kommunikatsiyalarni kuchaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ikki davlat sohaviy mutaxassislari o‘rtasida akademik almashinuvlar va hamkorlikdagi anjumanlarni tashkil etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi.