Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2026   |   26 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2026, 26 Rajab, 1447

Qiyomatli uch do‘st

16.11.2018   12996   2 min.
Qiyomatli uch do‘st

Kunlardan bir kun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriy sahobiylardan birining bog‘iga kirdilar. Bog‘ning salqinroq bir joyida suvi qurib qolgan bir kichikroq quduq bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib shu quduqqa muborak oyoqlarini solib o‘tirdilar. Ortlaridan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu u zotni qidirib kelib, u kishi ham oyoqlarini solib o‘tirdilar, ketlaridan Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kelib, xuddi shunday o‘tirdilar. So‘ng Usmon ibn Affon roziyallohu anhu kelib qoldilar. Holbuki, u kishiga bu quduqda joy qolmaganligi uchun boshqa joyga o‘tirdilar. Alloh taoloning taqdiri bilan bu ajralmas uch do‘stning bir quduqqa oyoqlarini solib o‘tirishlari hikmati ularning qabrlari bir joydaligiga bog‘liq bo‘ldi…

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kasalliklari kuchayib ketganidan keyin barcha ayollaridan Oisha roziyallohu anhoning uyida qolishga izn so‘radlar. Chunki, Oisha roziyallohu anho ayollarining ichida eng yoshi edilar. Ayollari ruxsat bergach, o‘sha uyda turdilar va shu uyda, oltmish uch yoshlarida vafot etdilar. Dafn etilgan joylari ham shu uy bo‘ldi.

Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin o‘rinlariga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa bo‘lganlar. Abu Bakr roziyallohu anhu “Vafot etganimda meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oyoq tomonlariga dafn etinglar”, deb iltimos qildilar. Barcha bunga rozi bo‘ldi. U zot ham oltmish uch yoshlarida vafot etdilar va vasiyat qilgan joylariga, Oisha onamizning uyi, Nabiy alayhissalomning oyoq taraflariga dafn etildilar.

Vafotlaridan keyin o‘rnilariga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifa bo‘ldilar. U zot ham vafot etsalar, Oisha roziyallohu anhodan shu uyga qo‘yilishga ruxsat so‘radilar. Shunda Oisha roziyallohu anho: “Men bu joyni o‘zimga saqlayotgan edim, mayli, o‘rnimni Umarga berdim” dedilar. Hikmatni qarangki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham oltmish uch yoshlarida vafot etib, shu uyga dafn etildilar. Bu uyda bo‘sh joy qolmaganligi bois Oisha roziyallohu anho boshqa yerga qo‘yildilar.

“Qiyomatli do‘st – ajralmas”, deb, bekorga aytilmaydi. Mana bir ming to‘rt yuz yildan o‘tibdiki, bu uch do‘st hali ham bir uyda, bir joyda, hali ham birgalar..!

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Barcha yaxshilik Allohning qazosiga rozi bo‘lishda

14.01.2026   1214   2 min.
Barcha yaxshilik Allohning qazosiga rozi bo‘lishda

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rizo – Allohning qazosiga muvofiq kechayotgan barcha hodisalarga nisbatan ko‘ngilning mamnun va xursandchilik kayfiyatidir. Aynan shuning uchun ham Allohning barcha hukmlariga rozi bo‘lgan banda ulug‘ mukofotlarga sazovor bo‘ladi.

“Qiyomat kuni Allohning jarchisi uning nomidan baland ovozda:

– Mening hammadan-da musaffo bandalarim qayerdalar? – deb nido qilganida farishtalar:

Sening o‘sha hammadan-da musaffo bandalaring kimlardir? – deb so‘raydilar.

Shunda Alloh taolo:

Ular men berganga qanoat aylab, qazoimdan rozi bo‘lganlar, – deb javob beradi”.

Yana hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qilingan ekan: “Alloh taolo Muso alayhissalomga murojaat qildi: “Mening oldimda menga yaqinlashishliging uchun qazoimga rozi bo‘lishligingdan ko‘ra sevimliroq yo‘l yo‘q” (Ibn Abbosdan rivoyat qilingan, Mujohid rivoyati).

Imom Abul Hasan Shozaliy quddisa sirruhu vasiyat qiladilar: “O‘zingning xohishu irodangdan kechib, Allohning xohishu irodasi tomon qochgil. Agar kimdir o‘zining ixtiyoricha nimanidir xohlasa, hali uni oladimi yo yo‘qmi, bu noma’lum... Agar o‘sha xohlagan narsasini olganida ham olgani unda qoladimi-yo‘qmi, buni bilmaydi. Agar bordiyu o‘sha narsa unda umrining oxirigacha qolganida ham bunda uning uchun xayr bormi yo yo‘qmi, anglash qiyin. Modomiki, shunday ekan, bilgilki, yaxshilik faqat Allohning sen uchun iroda va ixtiyor etgan taqdiridagina mavjuddir, xolos!”.

Kunlardan birida hazrati Husayn ibn Ali roziyallohu anhuning huzurlarida sahoba Abu Zarr al-G‘iforiy roziyallohu anhuning “Men uchun boy yurganimdan ko‘ra kambag‘alligim, sog‘ligimdan ko‘ra dardmandligim yaxshiroqdir” degan so‘zlarini eslab bunday dedilar:

– Alloh Abu Zarrni rahmatiga olgan bo‘lsin, bu gap ularning o‘zlariga xosdir, ammo men bu haqda bunday deyman: “Kimda-kim Alloh ixtiyor etgan narsani eng yaxshi ixtiyor deb bilguvchi bo‘lsa, Uning ixtiyorining oldida o‘zga hech bir narsani ixtiyor etmaydi” (Ibn Asokir rivoyati).

Ulug‘ sahobiy Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhuga bunday ma’noda maktub yo‘llaganlar: “Barcha yaxshilik Allohning qazosiga rozi bo‘lishlikda jamlangandir. Agar shunday qilolsang, qanday ham yaxshi, yo‘qsa, sabrli bo‘lgin!”.

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Maqolalar