Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Mart, 2026   |   24 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:21
Quyosh
06:39
Peshin
12:38
Asr
16:41
Shom
18:31
Xufton
19:43
Bismillah
13 Mart, 2026, 24 Ramazon, 1447

"Siz buyuk xulq uzradirsiz"

15.11.2018   11711   15 min.

Bizni O‘zining oxirgi payg‘ambari Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ning ummatlaridan qilgan va «Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor», degan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.

Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo‘lgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad mustafo (sollallohu alayhi vasallam) ga batamomu mukammal salovotu durudlar bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning ulkan va ibratli hayotlarining har bir lahzasini diqqat bilan o‘rganib, kelajak avlodlarga o‘ta aniqlik ila rivoyat qilib qoldirib ketgan sahobai kiromlarga Alloh taoloning roziligi bo‘lsin.
Tunlarni kunlarga ulab, omonat ila Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) ning hayot yo‘llari–siyratlari haqida tayyor kitoblar qoldirib ketgan siyrat ilmi ulamolariga Alloh taoloning rahmati bo‘lsin.

Ma’lumki, Rabiul avval oyining 12-kuni janobi Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ning tavallud topgan kunlaridir. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)  milodiy sananing 571 yilida Makkai mukarramada arablar orasida obro‘li sanalmish Quraysh qabilasida tavallud topganlar. U zotning nasablari Ibrohim (alayhis salom)ga muttasil holda yetib borganligi haqida marhamat qilib:
     «Alloh taolo payg‘ambarlik uchun Ibrohim avlodlaridan Ismoilni, Ismoilning avlodlaridan Bani Kinonani, Bani Kinonadan Qurayshni va Qurayshdan Bani Hoshimni, Bani Hoshimdan esa meni tanlab oldi» – deganlar.
Alloh taolo Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ni ana shunday ulug‘ kishilarning pushtida saqlab kelib, otalari Abdulloh va onalari Ominadan tug‘ilishlarini iroda qildi. Tavallud topgan kechalarida bir qancha g‘aroib voqealar sodir bo‘lganligi tarix kitoblarida zikr qilingan. 

Jumladan, u zot tug‘ilganlarida bir nur paydo bo‘lib, uning ziyosi Shom diyoridagi qasrlarni yoritib yuborgan. Fors yurtidagi majusiylar sig‘inadigan, ming yillar davomida yonib turgan olov o‘chib qolgan. Mushriklar ibodat qiladigan but va sanamlar yuz tuban qulab tushgan. To‘rt yoshlik chog‘larida Halima as-Sa’diyyaning uyida yashagan vaqtlarida “shaqqi sadr” voqeasi sodir bo‘lib, ikki farishta u zotning ko‘kraklarini yorib, undan shaytonning nasibasini olib tashlaydilar. O‘n ikki yoshlarida amakilari Abu Tolib bilan Shom safariga chiqqanlarida tepalarida bir bulut soya solib borganligi, Busro degan joyga yetganlarida nasroniy rohib Buhayroning Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)  oxirzamon payg‘ambari bo‘lishlarini bashorat qilishi shular jumlasidandir.

Ma’lumki, Islom dini insoniyatni go‘zal xulqu odobga chorlash, ularni chin insoniy fazilatlar egasi qilib tarbiyalash uchun nozil qilingan bo‘lib, uning ta’limoti insoniyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgandir. Muqaddas dinimizning hayotbaxsh va o‘lmas qadriyatlari    mana o‘n besh asrdirki, hamon butun bashariyat nazarida hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lib kelmoqda. Albatta, bu birinchi navbatda, biz ummati muhammadiyani o‘z dinimizga bo‘lgan muhabbatimizni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘lsa, ikkinchidan, uning ta’limotlariga chin ixlos bilan amal qilmoqlikka undaydi. 
Alloh taolo O‘zining eng so‘ngi va komil dinini mukammal axloqi hamida sohibi bo‘lmish sarvari olam Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ga nozil qilishi ham bejiz emas, albatta. Zero, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) dinimizning har bir zamon va makonga munosib bo‘lgan, shuningdek, har bir shaxsning iqtidoriga qarab taklif qilingan ko‘rsatmalarini biz ummatlari uchun o‘zlarining hayotlariga tadbiq qilib ko‘rsatib berdilar.

Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ning hayotlari har bir mo‘min-musulmon uchun ulkan tarbiya maktabidir. U zoti sharifning hayot yo‘llarini qunt bilan o‘rganib chiqqan har bir inson albatta, bunga amin bo‘lmay chorasi yo‘q. Shuning uchun ham Alloh taolo Qur’oni karimda:

«(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir» (Ahzob surasi, 21-oyat) – deb, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ni barcha mo‘min-musulmonlarga namuna bo‘lishga eng loyiq zot ekanliklarini bayon qilgan.
Yuqorida zikr qilib o‘tganimizdek, muqaddas dinimiz ko‘rsatmalari asosan, insoniyatni go‘zal axloqli bo‘lishga, bandaga Alloh taoloning oldidagi hamda jamiyat oldidagi burchu vazifalarini go‘zal suratda ado etishga, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni samimiy va beg‘araz amalga oshirishga targ‘ib qiladi. Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) bularning barchasida mo‘min-musulmonlarga o‘rnak ko‘rsatganlar.
Sarvari koinot (sollallohu alayhi vasallam)  butun olamlarga payg‘ambar bo‘lib kelgan bo‘lsalarda, birinchi navbatda oddiy bir inson edilar. Oddiy kishilar qatori yeb-ichar, bozorga borib ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan narsalarni harid qilar edilar. Aynan mana shu jihatlari hatto ba’zi bir johillarni hayratga solar edi. Ya’ni, payg‘ambardek zotning bunday oddiy insonlar qiladigan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi ularni ajablantirar edi. Bu haqda Qur’oni karimda: «(Kufrda bo‘lganlar): “Bu qanday payg‘ambarki, (oddiy odamlardek) taom yesa va bozorlarda yursa?! - deydilar...» – deb xabar berilgan (Furqon surasi, 7-oyat).

Oisha onamiz (roziyallohu anho) dan rivoyat qilinishicha: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)  ga taom keltirilsa, ishtahalari tortsa yer edilar. Agar ko‘ngillari tortmasa yemasdilar, lekin taomning kamchiligini aytib ayblamas edilar» (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) kamtarlik bobida ham nihoyat darajada yuksak o‘rin tutganlar. Buning misoli tariqasida quyidagi rivoyatni ko‘rish mumkin: Alloh taolo U zotga payg‘ambarlik bilan podshohlikni qo‘shib berilishi yoki oddiy banda bo‘lgan holda payg‘ambar bo‘lish ixtiyorini berganda, On hazratlari oddiy banda bo‘lgan holda payg‘ambar bo‘lishni tanlaganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)  ning duolarini olib xizmat qilgan Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) U zotning tavozeliklarini eslab: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ga o‘n yil xizmat qildim. Lekin, menga biror marta ham «Uf» demadilar. Shuningdek, biror narsa qilsam “nima uchun uni qilding?», demaganlar, agar biror ishni qilmasam “nimaga buni qilmading?», deb aytmaganlar» – deganlar.

Demak, On hazratlari hech qachon biror kimsaga qo‘rs va dag‘al muomala qilmaganlar. Shirin so‘zlik va muloyimlik bilan muomala qilganlari uchun ham, insonlar U zotga ergashar, xizmatlarini qilishga oshiqishar edi. Bu haqda Qur’oni karimda ham:
«Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad), ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar...» – (Oli-Imron surasi, 159-oyat) deb xabar berilgan.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) oila ahllari bilan xushmuomalada bo‘lar, uy yumushlari bilan ham shug‘ullanar edilar. Oisha (roziyallohu anhu) dan: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) oila ahllari bilan yolg‘iz qolganlarida o‘zlarini qanday tutardilar» – deb so‘rashganda, u kishi: «Juda muloyim muomala qilar, kulib, tabassum bilan boqar edilar. Shuningdek, oila ahllari xizmatida bo‘lar edilar. Hech kim U zotni sahobalari orasida oyoqlarini uzatib o‘tirganlarini ko‘rmagan» – deb javob berganlar.
Ko‘rinib turibdiki, sarvari koinot payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay oilaga nisbatan zimmalaridagi burchlarini bekamu ko‘st ado etganlar. Ularning ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashar, imkoniyatlari darajasida ahli ayollarini nafaqa bilan ta’minlar edilar. Ba’zi bir oila rahbarlari esa, ish va tirikchilikni bahona qilib yoki tarki dunyochilikka berilib oilasi, bola chaqasini nafaqa bilan ta’minlash, farzandlarining ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishni unutib qo‘ymoqdalar. Albatta, bu musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Har bir narsaning, jumladan, ishning ham, ibodatning ham o‘z vaqti bor. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): «Har bir haq egasining haqqini ado eting» – deganlar. Shunday ekan, ahli ayol va farzandlarimiz nafaqasi va ta’lim tarbiyasi bilan shug‘ullanishni ham unutmaylik. Oisha onamiz (roziyallohu anho) yana:
«Husni xulqda payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) dan o‘tadigan hech kim bo‘lmagan, zero u zot qachon biror kimsa chaqirganda doimo labbay deb javob berar edilar» – deganlar.
Ushbu hadisdan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ning hushxulqliklari, U Zotga murojaat qilgan kimsaga nisbatan hushmuomalada bo‘lishlarini ko‘rish mumkin. Ko‘rishganda salomlashish, chaqirganda labbay deyish, xayrlashganda esa, omonlik tilash biz mo‘min-musulmonlar uchun odatga aylanmog‘i kerak. Zero, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, ahil va inoqlikning ziyoda bo‘lishi birinchi navbatda, hushmuomala va shirin suhanlikka bog‘liqdir.

Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) sahobalariga nisbatan yaqin do‘stdek muomalada bo‘lar edilar. Qaysi bir inson bilan suhbatlashsalar unga shunday yaqin munosabatda bo‘lardilarki, hatto hamsuhbatlari xayolida – Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) meni hammadan ham ko‘proq yaxshi ko‘rar ekanlar, degan fikr qolar edi. Sahobalarini toqatlaridan ortiq ishga buyurmas, aks holda ularga o‘zlari yordamlashib yuborar edilar.
Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) safarlarining birida sahobalariga bir qo‘yni so‘yib, taom tayyorlashga buyurdilar. Shunda birlari: Qo‘yni men so‘yaman desa, ikkinchilari, men esa terisini shilib, maydalayman dedi. Uchinchilari, uni pishirib taom tayyorlash esa mening zimmamga, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «U holda men o‘tin terib kelaman» – dedilar. Sahobalar: «Yo Rasulalloh! Siz qo‘yavering, o‘zimiz qilaveramiz» – deyishdi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) esa: «To‘g‘ri, bu ishni ham o‘zingiz uddalaysiz, ammo men sizlardan ajralib turishni xohlamayman. Chunki, Alloh taolo bandasini o‘z birodarlaridan ajralib turgan holda ko‘rishni yoqtirmaydi» – deb javob berdilar.
On hazratlarining ushbu sifatlari ham kamtarlik bobida biz uchun o‘rnak bo‘lmog‘i lozim. Chunki, ba’zi insonlarga obro‘ yoki bir oz mol-dunyo tegib qolsa, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Boshqalarga nisbatan bepisand nazar bilan boqadi. Xalqimizda «Kamtarga kamol, manmanga zavol» – degan maqol ham bor. Qolaversa, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): «Kimki, Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh taolo uning qadrini ko‘taradi» – deganlar.
«Shifoi sharif» kitobida keltirilishicha: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Habashiston podshohi Najoshiy tomonidan kelgan elchilarga o‘zlari xizmat qilganlar. Sahobalarning, bizlar xizmat qilamiz, siz qo‘yavering, deyishlariga qaramay, U zot xizmatdan to‘xtamadilar va: «Bular mening Habashistonga hijrat qilib borgan sahobalarimga xizmat qilishgan edi. Shuning uchun men ham ulardan o‘z qarzimni uzmoqdaman» – deganlar. Albatta, o‘zgalarning hurmatiga nisbatan hurmat bilan javob qaytarish ham go‘zal fazilatdir. Bizlar bu sohada ham Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dan o‘rnak olmog‘imiz darkor.

Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) xayru saxovat bobida ham barchaga o‘rnak edilar. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilinadiki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarning eng saxiyrog‘i edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida U zotning saxovatlari yanada ortib ketar edi. Tongi sabo barchaga xush kayfiyat baxsh etgani kabi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ning saxovatlaridan ham barcha bahramand bo‘lar edi (Muttafaqun alayh).

Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ga Hiro g‘orida birinchi bor vahiy kelganda, Jabroil (alayhis salom) ning haybatlaridan qo‘rquvga tushib, uylariga kelib o‘ranib oladilar. Bo‘lgan voqeadan xavotirlanib, uni Xadicha onamiz (roziyallohu anho) ga aytib berganlarida, u kishi Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) ning go‘zal xulqlari tufayli U zotga hech qanday ofat va balo yetmasligini aytib, ko‘ngillarini ko‘taradilar va: 
«Allohga qasamki, U Sizni hech qachon xorlab qo‘ymaydi. Chunki, Siz qarindoshlik rishtasini bog‘laysiz, doim rost gapirasiz, muhtoj odamlarning og‘irini yengil qilasiz, mehmonni izzat-ikrom qilasiz, haqiqatparvarlarga yordam berasiz» – deydilar.
Albatta, bu borada ham biz Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) dan ibrat olmog‘imiz darkor. Afsuski, hozirgi kunimizdagi ba’zi kishilar qarindoshlar bilan silai rahm qilish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, rostgo‘ylik, insof, adolat kabi fazilatlarga ham bee’tibor bo‘lib qolmoqdalar. Ba’zi bir kimsalar o‘z aka-ukalari bilan san-manga borishib, o‘rtadagi qarindoshchilikka chek qo‘ysalar, ba’zi birovlar esa, qo‘ni-qo‘shnichilik haqlariga rioya qilmay, ularga ozor yetkazib qo‘yadilar. Ba’zida ko‘cha-ko‘yda yoshlarning kattalarga nisbatan hurmatlarini saqlamasligi, kuzatilmoqda. Albatta, bular musulmonlar sha’niga nomunosib bo‘lgan holatlardir. 
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Islom dinining mazmun mohiyatini o‘zlarining kundalik hayot tarzlari, amallari va purma’no so‘zlari orqali namoyon qilib berganlar. U zotning:
«Payg‘ambar bo‘lib kelishimning asosiy boisi go‘zal axloqni tamomiga yetkazishdan iboratdir» – degan so‘zlarida Islom dinining asl mohiyati ifodalab berilgandir. 
Shunday ekan, Alloh taoloning rizosini istagan, dunyo va oxiratining farovonligini xohlagan har bir mo‘min-musulmon kishi Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) ni o‘zi uchun ibrat qilib olmog‘i lozim.

Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo‘lgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad mustafo (sollallohu alayhi vasallam) ga batamomu mukammal salovotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo barchalarimizni go‘zal xulq sohibi bo‘lmoqligimizni nasib qilsin!


Habibulloh ABDURAZZAQOV
«Hazrati Imom» jome masjidi imom-noibi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda

13.03.2026   1536   2 min.
Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda

Germaniyaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham qator ma’rifiy uchrashuvlar va muloqotlar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasida muborak vatandoshlarimiz uchun iftorlik tashkil etildi. Unga Germaniyada yashab, mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz taklif etildi.

Mazkur tadbirda Farg‘ona shahridagi “Xo‘jamberdiboy” jome masjidi imom-xatibi Husniddin domla Tursunzoda ishtirokchilar bilan “Vatanga muhabbat – eng muqaddas tuyg‘u” mavzusida ma’rifiy suhbat o‘tkazdi. Suhbat davomida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, chet elda yashab faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasida birlik va hamjihatlikni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘z bordi.


Virjiniya, Nyu-York, Baltimor shaharlarida vatandoshlar, jamoat faollari va turli sohalar vakillari ishtirokida iftorlik dasturxonlari yozildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov boshchiligidagi ulamolarimiz Ramazon oyining fazilatlari, milliy o‘zlikni saqlash,  O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’ruzalar qilishmoqda. 

Shuningdek, imom-xatiblarimiz u yerlarda taroveh namozlarini o‘qib berib, vatandoshlarimizni xushnud etmoqda. Ular do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitida, bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, Ramazon oyining ma’naviy qadriyatlari – bag‘rikenglik, saxovat va birlikni yana bir bor his qilishmoqda.


Yekaterinburg shahrida ham vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirildi.

Unda Toshkent shahridagi “Baland” jome masjidi imom-xatibi A’zamjon Ergashev Islom dinining ma’naviy va insonparvarlik qadriyatlari haqida ma’ruza qilib berdi. 

Uchrashuv davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan diniy va dunyoviy mazmundagi savollarga javob olishdi.

Mehmonlar uchun O‘zbekistonning turizm salohiyati va muqaddas qadamjolarini ochib beruvchi videoroliklar, milliy an’analar, madaniy meros va islom dinining jamiyat hayotidagi o‘rnini aks ettiruvchi tarqatma materiallar namoyish qilindi.

Dunyoning 50 ta shahrida o‘tkazilayotgan bunday xayrli tadbirlar vatandoshlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash, yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda milliy va diniy qadriyatlarimizni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda Dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan iftorliklarda milliy va diniy qadriyatlar targ‘ib etilmoqda
Ramazon