Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida: “Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir. Tilidan va qo‘lidan musulmonlarga zarari yetmaydigan kishi haqiqiy musulmondir. Yomonliklarni tark etgan kishi asl muhojirdir. Nafsim qudrati qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, qo‘shnisiga zulm qiladigan kishi jannatgan kirmaydi” (Ramuz al-ahodis” hadislar kitobi).
Hadisning bosh qismida mo‘minning ishonchli kishi ekani, undan boshqalarga ham moddiy, ham ma’naviy zarar yetishi gunoh ekani uqdirilmoqda. Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan yuqoridagi hadisga binoan o‘zimizni taftish qilsak, imonimizning darajasi ma’lum bo‘ladi.
Hadisning ikkinchi qismida aytilishicha, asl muhojir yomonliklarni tark etgan kishidir. Chunki insonning yashash joyi o‘zgargani bilan axloqi, tabiati o‘zgarmaydi. Shuning uchun bir joyda yashab turib, yomon xulqlarni tark etish haqiqiy muhojirlikka tenglashtirilmoqda.
Hadisning so‘nggi qismida esa janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qasam bilan: “Nafsim qudrati qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, qo‘shnisiga zulm qiladigan kishi jannatga kirmaydi” deb ta’kidlayotirlar.
Demak, jannatga noil bo‘lmoq shartlaridan biri qo‘shniga biror jihatdan zarar yetkazmaslikdir. Zarar yetkazadigan kishi esa jannatga – Allohning buyuk ehsoniga musharraf bo‘lmaydi. Alloh barchamizni bunday baxtsizlikdan asrasin.
Shayx Muhammad Zohid Qo‘tquning
“Mo‘minning sifatlari” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob umidida qoim qilsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmas", dedilar (Ibn Moja va Tobaroniy rivoyati).
Ramazon hayitiga o‘tar kechaning butunlay yoki bir qismini, xususan kechasining uchinchi qismini Qur’on tilovati, zikr, tasbih va nafl namozlar bilan bedor o‘tkazish ko‘plab yaxshiliklarga, ulkan savoblarga sabab bo‘ladi.