Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat).
Afvni (qabul qilib) oling
Afv etish biror kishining ayb, yomon ishlarini kechirish, aybdorga nisbatan jazo berishga loyiq bo‘lsa ham lutf ko‘rsatib jazolashni tark etishdir. Kechirimli va sabr-toqatli bo‘lish dinimizning asosiy tamoyillaridan biridir. Ayniqsa, o‘ch olishga qodir bo‘la turib kechirib yuborish go‘zal fazilat, oliy xulq namunasidir.
Oyatdagi “afv” so‘zining tafsiri manbalarda turlicha kelgan. Ba’zi mufassirlar u – bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish desalar, boshqalari zakot vojib qilinmasdan oldin boylardan olinadigan sadaqalar deb izohlaganlar.
Imom Tabariy (rahmatullohi alayh) bunday deydi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jabroil (alayhissalom)dan ushbu oyatni sharhlab berishni so‘raganlarida U zot: “Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqda-ki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!” deb sharhlaganlar”.
Sahobalar Payg‘ambarimiz (alayhissalom)dan: “Go‘zal xulq nima?” deb so‘radilar. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” oyatini tilovat qildilar.
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlarning asosidir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)da bu fazilatlarning barchasi mujassam, so‘zlari va fe’llarida ham bu xulq ila ziynatlangan edi, boshqalarni ham kechirimli bo‘lishga undardilar.
Uboda ibn Sobit (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga Alloh bandalarining darajasini nima tufayli balandga ko‘tarishini aytaymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh”, deyishdi. U zot (sollallohu alayhi va sallam) “Senga jahl qilganga muloyim bo‘lsang, zulm qilganni avf qilsang, seni mahrum qilganga in’om qilsang, sendan aloqani uzgan bilan aloqani bog‘lasang”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Nabiy (alayhissalom) kechirimli, shafqatli va rahmdil bo‘lishda peshqadam edilar. Makka ahli u zot (alayhissalom)ning yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turganlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularni avf etdilar, haqiga duo qildilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqlari bilan tarbiyalangan sahobalar (roziyallohu anhum) ham o‘zlariga zulm qilganlarni kechirishda barchaga namuna bo‘ldilar. Bu haqda Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Uyayna ibn Hisr degan kishi Hazrat Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)ning huzuriga kirib: “Ey, Xattobning o‘g‘li! Alloh nomi ila qasam ichib aytamanki, sen bizning o‘rtamizda adolat bilan hukm chiqarmayapsan”, dedi. Bundan Umar (roziyallohu anhu)ning g‘azabi chiqdi, hatto endi bir kor-xol bo‘ladi, deb atrofdagilar qayg‘uga tushib qolishdi. Shunda sahobalardan biri: Ey, amiral mo‘minin! Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” deb buyurmagan-midi, u odam johillardan”, dedi.
Hazrat Umar (roziyallohu anhu) Qur’on tilovatini eshitishi bilanoq, g‘azabini yutdi hamda Allohning xitobiga muvofiq ish tutdi (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasullloh (sollallohu alayhi va sallam) xatokorning aybini kechib yuboruvchilarni Alloh taolo kechirishi haqida bunday deganlar: “Avf bandaga izzatdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, afv qiling! Alloh sizni aziz qiladi. Sadaqa molga ko‘payishdan boshqani ziyoda qilmas. Bas, sadaqa qiling! Alloh azza va jalla sizga rahm qiladi” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yaxshilikka buyur
Yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish har bir mo‘min-musulmonning vazifasidir. Bu haqda Abu Sa’id Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha imonning zaifligidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytaruvchi ummatlari eng yaxshi ummat bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) yaxshilikka chaqiruvchida quyidagi xislat va fazilatlar jam bo‘lishi lozim deydi:
Alloh taolo yaxshilikka targ‘ib etuvchi bandalarini madh etadi, ularga O‘z rahmati va marhamati nozil bo‘lishi bashoratini beradi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Johillardan yuz o‘gir
Johillik nodonlik, ilmsizlikdir. Dinimiz ilmsizlikdan yuz o‘girishga, ilm, ulamolarga ergashishga da’vat etadi. Qolaversa, johillardan uzoq bo‘lish kishini yomonliklardan saqlaydi, uning axloqini go‘zal qiladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Musulmon kishi johillarga e’tibor bermaydi, ularning gap-so‘zlaridan ta’sirlanmaydi, balki yomonlikka qarshi yaxshilik bilan javob qaytaradi. Albatta, bunday fazilatga faqatgina sabr-toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan Alloh taoloning eng syukli bandalari musharraf bo‘ladi: «Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda “Salomatlik bo‘lsin!” deb javob qiladigan kishilardir» (Furqon surasi, 64-oyat).
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) ushbu oyat haqida: “Bunday zotlar halim, beozor bo‘lib, agar ularga jahl bilan g‘azab qilinsa, ular aslo johillik qilmaydilar, halimlik bilan javob qaytaradilar”, degan.
Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal xulqlar bilan xulqlanib, O‘zining roziligini topishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Shayx Nadim Jisr 1956 yili Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib bo‘lgach, olam-olam taassurotlar bilan yurtiga qaytib ketadi. Zotan, u ishonchlilik jihatidan Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turuvchi asar – “al-Jome as-Sahih”ning muallifi, mo‘minlarning hadis ilmidagi amiri degan sharafli maqom egasi bo‘lmish Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qilishdek baxtga musharraf bo‘lgan edi. Uning bu tarixiy ziyorati haqida yozgan adib Xurshid Davron maqolasini quyidagi satrlar bilan yakunlaydi: “Vataniga qaytgan Shayx Nadim ¬Jisr yana uzoq yillar muftiy bo‘lib xizmat qiladi, talay kitoblar tasnif etadi. U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yo‘qmi, afsuski, bexabarmiz”.
Ulug‘ muhaddisga bag‘ishlangan asar
Adibning mazkur satrlari bizni Shayx Nadim Jisrning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishishga undadi. Izlanishlar natijasida ayon bo‘ldiki, u Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib qaytganidan so‘ng “Imon qissasi: falsafa, ilm va Qur’on o‘rtasida” nomli asarni yozgan. Bu asarning birinchi nashri 1961 yilda, ikkinchisi 1962 yilda va uchinchisi 1969 yilda dunyo yuzini ko‘rgan. Unda Shayx Nadim Jisr Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi asnosida uning vujudini chulg‘ab olgan ruhiy kechinmalar ijodiy obrazlar – Shayx Mavzun Samarqandiy va shogirdi Hayron ibn Az’af Panjobiy o‘rtasidagi falsafiy muloqot tarzida bayon qilingan. Ulamolar fikricha, bu asar arab islom olamini mahv etishga qaratilgan dahriylik to‘lqiniga qarshi kurashishning ilmiy-falsafiy loyihasi sifatida yozilgan.
Mazkur asardagi Imom Buxoriy qabrining ziyorati bilan bog‘liq sahifalarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz.
Bolalik xotiralar
Bolalik yillarim shahrimizdagi Taynol masjidida o‘tgan. U shaharning chekkasidagi xushbo‘y va maftunkor bog‘larimizdan birining ichida joylashgan. Mening bolalik xotiralarim bilan bog‘liq qadrli onlar aynan o‘sha yerda o‘tgan.
U yer menga hayit kunlarining salqin tonglarini eslatib turadi. O‘sha kezlarda otam quyosh chiqishidan oldin meni ergashtirib, masjid yonida joylashgan qabristondagi marhumlarimizni ziyorat qilishga olib chiqar, keyin masjidda iyd namozini o‘qir edi. O‘shanda men masjid hovlisidagi quduq va hovuz o‘rtasida joylashgan daraxt tagida o‘ynar edim. Otam bir guruh qariyalar qurshovida o‘z xonasida o‘tirar, ular uning so‘zlariga quloq solib turar edi. Ana u qo‘shaloq zinapoyali minora ham menga bir nimalarni eslatib turadi... biz masjid hovlisi tarafdan kirib unga ko‘tarilar va bir zumda o‘zimizni haramning ichida ko‘rar edik.
Bu masjid menga allaqachon vafot etib ketgan va qalbimning tubini ezib turadigan davomli xafalikni qoldirgan ana shu kishilarning barchasini eslatib turadi. Shu bois qachon Taynol masjidiga qaytsam, bu xotiralar temir va olovli panjalari bilan mening ezilgan qalbimni yana tirnay boshlaydi.
Kunlar, kunlar ortidan yillar o‘tdi. Biz mahallamizdan uzoqlashdik, masjiddan olislarga ketdik. Borib-borib, shaharni butunlay tark etdik. Uzoq yillik musofirlikdan so‘ng yana unga qaytdik. Taynol masjidiga bo‘lgan sog‘inchim meni u tomonga yetaklab keldi. Bir kuni choshgoh vaqti namozxonlar yo‘qligida masjidga keldim. Bolaligimda o‘ynab o‘tkazgan joylarni aylanib chiqdim. O‘tmish xotiralarimning barchasini ko‘z oldimdan o‘tkazdim va... uzoq yig‘ladim.
Xartanglik musofir
Jimlik qa’riga g‘arq bo‘lib, masjidning viqorli minoralaridan taralayotgan yig‘iga o‘xshash ovoznigina eshitib turar ekanman, banogoh masjidning sharqiy qismida joylashgan xona ichidan bir ovoz keldi. Keyin xonaning eshigidan soch-soqoli oppoq, ko‘rinishi salobatli, sipo kiyingan bir qariya chiqib, mening oldimga keldi. Salom bergach, yonimga o‘tirdi va “Birodar, nega yig‘layapsiz?” dedi. Men: “Otamning davrida mana shu masjid ichida o‘tgan bolalik yillarimni eslab”, dedim. U: “Otangiz kim?” dedi. Men otamning ismini tilga olar-olmas uning badani titrab ketdi. Ko‘z yoshlarga to‘la nigohlari bilan menga tikilib qaradi va: “Otangiz Shayx Jisrmi?” deb so‘radi. Men: “Ha. Hazrat, o‘zingiz kimsiz?” dedim. U bunday dedi: “Men aslida uzoqdan – Misrdan kelganman. Yarmi Shom diyoriga, yarmi Hijozga tarqalib ketgan “Oli Moiy” qabilasidanman. Taqdir bobomni Hijozdan Hindistonga yetaklab kelgan va u shu yerda yashab qolgan. Ismim Hayron ibn Az’af Panjobiy”. Men: “Hindistondan bu yerga nima uchun keldingiz?” dedim. U: “Men Hindistondan kelmadim, Samarqanddan, to‘g‘rirog‘i Samarqanddagi Xartang qishlog‘idan keldim”, dedi. Men: “Shuncha olis yerdan bizning diyorimizga nima uchun keldingiz va bu masjidda istiqomat qilib turganingizga sabab nima?” dedim. U: “Otangizni ziyorat qilish uchun yurtingizga bir kirib o‘tay dedim”, dedi. Men unga hayrat bilan tikilib qoldim. Chunki otam ancha yillar oldin vafot etib ketgan edi. U bunday dedi: “Hayron bo‘lmang. Men Hijozga ketayotib, uning qabrini, shayxim menga ta’riflab berib va otangiz unda dars berganini aytib suyukli qilib qo‘ygan mana shu masjidni ham ziyorat qilish uchun keldim. Namozxonlar menga otangiz o‘zining xos xonasi qilib olgan mana shu xonani ko‘rsatishdi. Bu masjid hayotimning eng totli va qadrli onlari o‘tgan “Xartang” masjidiga juda o‘xshab ketar ekan. Shu bois shayximni Alloh yo‘liga boshlab qo‘ygan kishi yashagan mana shu joyda haj mavsumi boshlanguncha bir necha kun qolib, Allohga ibodat qilishni ixtiyor qildim”.
Men: “Xojam, shayxingiz kim?” dedim. U: “Samarqand ulamolaridan Shayx Abu Nur Mavzun rahimahulloh”, dedi. Men: “Kunlaringizni ibodat bilan o‘tkazyapsizmi?” dedim. U: “Hozir ha, ammo oldin zalolatda yurgan vaqtim va qanday qilib imon keltirganim haqidagi qissani yozayotgan edim. Uni menga shayxim Mavzun aytib turgan. Otangiz rahimahullohni shu orqali taniganman”, dedi. “Zalolatda yurgan va imonga kelgan kunlaringiz haqidagi hikoya nimalardan iborat?” dedim. “Buning tarixi uzun, Xudo oson qilsa, uni odamlar o‘qishi uchun nashr qildiraman”, dedi.
U shunday dedi-yu, qabrlari bor xonaga kirib ketdi. Birozdan so‘ng katta bir daftarni olib chiqib, oldimga qo‘ydi: “Bu – shayx Mavzun aytib yozdirgan gaplar, men unga biron bir qo‘shimcha qo‘shmagan holda chiroyli qilib ko‘chirib chiqdim”. “Bu katta kitob ekan. Uni o‘qish uchun uyimga olib borib, ikki kundan keyin sizga qaytarib bersam maylimi?” dedim. U: “Turkchani bilasizmi?” dedi. Men: “Ha, uni juda yaxshi bilaman”, dedim. U: “Bu kitobim mendan sizga hadya. Unda otangizning kitobidan qisqartirib olishni rejalashtirgan mavzu, shuningdek, zalolatda yurgan va imonga kirgan kunlarim bilan bog‘liq tafsilotlar barchasi bayon qilingan. Uni olib arab tiliga tarjima qiling, chop ettirib odamlarga tarqating. Buning uchun sizdan haq so‘ramayman. Ammo ulug‘ Allohdan so‘raganim shuki, bu ishimni O‘zining roziligi uchun xolis qabul etsa va odamlar uchun foydali qilsa. Vafot etib, amallarim to‘xtaganidan so‘ng menga ham foydasi tegadigan bir amal bo‘lsa...”.
Imom Buxoriy ziyorati
Boyagi odam bir necha kundan so‘ng Hijozga safar qildi. Men esa kitobni tarjima qilishga kirishdim va bu bir necha yil davom etdi. Keyin zamona zayli bilan Toshkentga safar qiladigan bo‘lib qoldim. Eng buyuk maqsadim – Imom Buxoriy roziyallohu anhuning qabrini ziyorat qilish, undan so‘ng Hayron ibn Az’af bilan uchrashib, tarjima qilingan kitobni uning o‘ziga ko‘rsatish edi. Bu ishda menga mamlakatning eng katta muftiysi, otamning do‘stlaridan biri bo‘lmish solih, obid, zohid va avliyo zot Boboxon rahimahullohning o‘g‘li oliyjanob va muruvvatli zot Shayx Ziyouddin yaqindan yordam berdi. U Xartangga borish haqidagi niyatimni bilgach, Samarqandga, u yerdan Xartanggacha menga hamrohlik qildi.
O‘sha yerda masjid xodimidan surishtirib bildimki, Hayron ibn Az’af haj ibodatini ado qilish uchun Makkaga jo‘nab ketgan va o‘sha yerlarda qazo qilgan. Biz Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qildik. Marqadi ustida bir muddat tik turib qoldik. Yon-atrofga boqib, masjidning Hayron rahimahulloh menga ta’riflab berganidek Taynol masjidiga o‘xshab ketadigan jihatlari borligiga guvoh bo‘ldim: Bog‘-rog‘lar ichida bir o‘zi qad rostlab turibdi. Imom Buxoriyning qabri kichkina bog‘ ichida, soyali daraxt tagida o‘z holicha ajralib turibdi... atrofi o‘ralmagan, hech qanday bezak berilmagan va suvalmagan.
Men Hayron va ustozi dars o‘qigan kichkina xonaga kirdim. Ko‘rdimki, uning o‘zi menga ta’riflab berganidek, u Imom Buxoriyning qabriga qarab solingan edi.
Shayx Nadim orzu qilgan majmua
Taniqli adibimiz Shayx Nadim Jisrning Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi haqidagi maqolasini “U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yo‘qmi, afsuski, bexabarmiz”, deb tugatganidek, bizda ham, afsuski, javobsiz bir savol paydo bo‘ldi: Shayx Nadim Jisr hozir hayot bo‘lib, Imom Buxoriyning muborak qabrini ziyorat qilish uchun kelganida, bugungi holatni ko‘rib nima degan bo‘lar edi? Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tarafidan ilgari surilgan tashabbus – Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan maskan uning islom olamidagi mavqeiga munosib bo‘lishi zarur, degan maqsad ortidan qad ko‘targan mahobatli majmuani ko‘rib, qanday holatga tushar edi? O‘zi ta’riflaganidek, 1956 yillarda “kichkina bog‘ ichida, soyali daraxt tagida o‘z holicha ajralib turibdi... atrofi o‘ralmagan, hech qanday bezak berilmagan va suvalmagan”, xullas, tashlandiq holga kelib qolgan qabr va u bilan tutash maskanda bunyod etilgan ulkan ziyoratgohni, balki kattayu kichik ziyoratchilar uchun ilm-ma’rifat, tarbiya va ma’naviyat maskaniga aylantirilganini ko‘rib, uni e’tirof etgan bo‘lmasmidi?
Alouddin NЕ’MATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.