O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash, islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda sohaga oid oliy ma’lumotli yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilingan edi.
Qarorga ko‘ra, Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi oliy diniy ta’lim beruvchi nodavlat ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda maktab bitiruvchilariga beriladigan davlat namunasidagi diplom O‘zbekiston Respublikasida oliy diniy ta’lim sohasidagi bakalavr darajasini beruvchi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat deb e’tirof etiladi. Maktabda “Hadisshunoslik” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanishi belgilangan edi.
Bugun, 8 noyabr kuni Hadis ilmi maktabiga qabul jarayonlari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida boshlandi. Ushbu jarayondan fotolavhalarni quyida kuzatishingiz mumkin.
Ma’luot uchun, Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati besh yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari saralab olinadi.








O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bizga rizq beruvchi Zot Allohdir, lekin U rizqni to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘zimizga yoki quchog‘imizga tashlab qo‘ymaydi. Bizning vazifamiz — harakat qilish, Allohning ishi esa — muvaffaq qilish (tavfiq berish)dir.
«Uning (yerning) turli joylarida yuringlar va Uning rizqidan yenglar» (Mulk surasi, 15-oyat).
Hatto surunkali va og‘ir dardga chalingan Ayyub alayhissalomga ham Rabbisi shunday degan edi:
«Oyog‘ing bilan (yerni) tep! Mana bu cho‘miladigan muzdek suv va ichimlikdir» (Sod surasi, 42-oyat).
Hatto to‘lg‘oq azobida turgan Bibi Maryamga ham Alloh taolo:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit, u senga yangi pishgan xurmolarni to‘kadi», — dedi (Maryam surasi, 25-oyat).
Pok va Muqaddas Zot xurmoni uning quchog‘iga shunchaki tashlab qo‘ymadi. Balki eng qiyin lahzada — to‘lg‘oq azobida bo‘lishiga qaramay, unga:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit», — deb buyurdi.
Demak, harakat qilish va intilish — matlubdir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV