Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Basmalaning fazilati

02.10.2018   6565   3 min.
Basmalaning fazilati

Soliha bir ayolning eri munofiq va johil edi. Ayol hech bir ishini “Bismillahir rohmanir rohiym”, demasdan boshlamasdi. Munofiq erning esa bu kalimani eshitgani zahoti jahli chiqar va xotin bechoraga ozor berishni yanada kuchaytirar edi.  Soliha ayol esa erining jafolariga sabr etar va uning to‘g‘ri yo‘lga kelishini so‘rab Alloh taologa duolar qilar edi. 

Kunlarning birida zolim er juda ham jahl otiga mindi. Ayoliga yomonlik qilish, uni qattiqroq azoblash uchun jiddiyroq bir bahona qidirdi va o‘ziga-o‘zi: “Unga bir o‘yin ko‘rsatay, ana o‘shanda uning ahvolini ko‘ramiz, holiga maymunlar yig‘laydi hali, qani o‘shanda kim qutqarar ekan uni?” der ekan, boshqalarga ochiq ayta olmagan inkorchiligi, ichidagi jamiki chirkinliklari to‘lib toshdi.  

Ayolini chaqirib, uning qo‘liga bir hamyon tilla  tutqazib: “Buni yaxshilab saqla, bir donasi yo‘qolsa, teringni shilib olaman”, deya po‘pisa qildi.  Ayol erining amriga bosh egib hamyonni qo‘liga oldi va Bismillahni aytib hamyonni yaxshi saqladi. Ammo munofiq eri zimdan uni kuzatib turdi va ayoli yashirgan joydan hamyonni olib ichidagi tillalarni oldi-da, hamyonni bir quduqqa uloqtirdi. Qilmishidan xotirjam bo‘lgach, ayolini chaqirib:  “Senga bergan hamyonni tez olib kel”, dedi. Xotin hamyonni yashirgan joyiga yugurib borib, “Bismillahir rohmanir rohiym”, deya qo‘lini uzatgan edi, Alloh taoloning amri bilan farishtalar hamyonni quduqdan, tillalarni munofiq er yashirgan joydan olib hamyonning ichiga  soldilar va joyiga joylab qo‘ydilar.   

Ayol hamyonni qo‘ygan joyidan oldi, faqat hamyondan suv tomchilab turar edi. Ayol uning nega ho‘l bo‘lib qolganini tushunmadi va eriga olib kelib berdi. 

U odam ho‘l hamyonning ichidagi tillalarni ko‘rib juda hayron bo‘ldi. Xotinining aytganlari naqadar to‘g‘ri ekanini tushunib yetdi va ayoliga:  

“Senga ko‘p zulm qildim, joningga azob berdim, meni kechir” , deya yolvora boshladi. Alloh taologa tavba va istig‘for etdi, Allohning solih qullaridan biri bo‘ldi. O‘sha kundan e’tiboran duo va iltijolarida shunday der edi: 

“Yo Rabbim! menga dunyo va oxiratim uchun soliha bir ayol berganing uchun Senga shukr etmoqdan ojizman, meni avf et”. 

Soliha ayol esa: “Yo Rabbim! Senga shukrlar bo‘lsinki, duomni qabul etib, juftimni solih bandalaringdan etding”, deya duo qilar edi. 

Bu hikoyatdan olinadigan ibrat va hikmatlar ko‘p. Buyuklar demishlarki, “Sabrning o‘zi achchiq, ammo mevasi shirindir”.

Damin JUMAQUL tarjima qildi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Xatolarni necha marotaba avf qilay?

18.06.2025   4685   1 min.
Xatolarni necha marotaba avf qilay?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.

Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.

Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.

Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.

Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.

Imom Termiziy rivoyati.

Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan