Havvo – bashariyat onasi, Odam alayhissalomning jufti haloli, yer yuzidagi birinchi ayol. Alloh taolo Havvoni Odam alayhissalomni uzoq vaqt uxlatib qo‘yib unga hamroh bo‘lishi uchun yaratdi. Alloh taolo u ikkisini jannatda yaratdi va ular u yerda muayyan vaqt yashaganlaridan so‘ng rizqlarini o‘z mehnatlari bilan topib yashashlari uchun yerga tushirdi.
Alloh taolo Havvoni Odam alayhissalomning qovurg‘asidan, u uxlayotgan vaqtda paydo qildi. Buning sababi, agar Odam alayhissalom uyg‘oq bo‘lganida, Havvoni yaratilish vaqtida u ozor chekkan bo‘lar edi va natijada Havvoni yaxshi ko‘rish o‘rniga, uni yomon ko‘rib qolishi mumkin edi. Ayol kishi esa, aksincha, ozor cheksa yaxshi ko‘radi. Shuning uchun, ayol kishi to‘lg‘oq vaqtida ko‘z o‘ngiga o‘lim kelib tursa-da, og‘riq kuchaygan sari o‘zi dunyoga keltirayotgan farzandiga nisbatan mehru muhabbati jo‘shib boradi. Og‘riq bilan dunyoga keltirgan farzandiga jonini ham fido qilishga doim tayyor turadi. Vaholanki, u erkak kishi ko‘tara olmaydigan og‘riq azobini tortgan bo‘ladi. Shuning uchun Alloh taolo ayol kishini eng yuqori darajadagi og‘riqlarni ham ko‘tara olishga qodir qilib yaratdi. Ayol og‘riqqa erkakka qaraganda uch barobar ortiqroq bardoshli ekan. Chunki u hayoti davomida uch turli og‘riqni boshidan o‘tkazishi bor. Ular: hayz, to‘lg‘oq va nifos vaqtidir.
Havvo onamiz Odam alayhissalomning qovurg‘asidan yaralgan. Ma’lumki, qovurg‘a insonning yuragini tashqi ta’sirdan muhofaza qilib turuvchi muhim a’zodir. Shuning uchun ham u qiyshiq qilib yaratilgan. Agar o‘sha qiyshiq qovurg‘a bo‘lmaganida edi, insonning yuragiga berilgan ozgina zarba yoki turtinish uning hayotiga katta xavf tug‘dirgan bo‘lar edi. Hozirgi zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilm buni tasdiqlab turibdi.
Alloh taolo Odam alayhissalom va Havvo onamizning har birini hayotlari davomida bevosita unga muhtoj bo‘lgan narsalardan yaratdi. Masalan, Odamni tuproqdan yaratdi. Shuning uchun u dehqon bo‘ladimi, temirchi bo‘ladimi, quruvchi bo‘ladimi, duradgor bo‘ladimi – yer bilan muomala qiladi. Havvoni esa yurakni muhofaza qilib turuvchi qiyshiq qovurg‘adan yaratgani uchun u hayoti davomida qalbdan hosil bo‘ladigan mehr-muhabbat bilan muomalada bo‘ladi. Natijada u mehribon ona, sevikli yor, duogo‘y opa-singil va kuyunchak qiz bo‘lib o‘z mehridan bahramand etadi.
Shuning uchun har bir ayol Odamning qiyshiq qovurg‘asidan yaratilgan Havvoning zurriyoti ekanidan faxrlanishi va har bir erkak qiyshiq qovurg‘ani tekislashga behuda urinmasligi, aks holda uni sindirib qo‘yishi mumkinligini anglamog‘i lozim. Zero, undagi qiyshiqlik erkakdagi mehrga nisbatan bir necha barobar ortiq bo‘lgan mehru muhabbat manbaidir.
H.ISHMATBЕKOV,
O‘MI Fatvo bo‘limi mudiri
Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy ta’lim tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, magistratura bosqichini tamomlayotgan yosh mutaxassislar yuqori ilmiy salohiyat, mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lib, bugungi kunda ularga nafaqat diniy sohada, balki davlat va jamoat tashkilotlarida ham ehtiyoj mavjud.
Shuningdek, diniy ta’lim yo‘nalishida berilgan diplomlarning davlat ta’lim tizimida to‘liq tan olinayotgani, bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani hamda sohada uzluksiz ta’lim tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Tadbirda diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritish oddiy kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik, sadoqat va fidoyilikni talab etadigan sharafli xizmat ekani ta’kidlandi. Ilm ahli zimmasida xalq ma’naviyatini yuksaltirish, ma’rifatni keng yoyish va jamiyatda ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdek ulug‘ vazifalar mujassam ekaniga urg‘u berildi.
Tadbir doirasida ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ilk 10 nafar magistr Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Maqtov yorlig‘i hamda zamonaviy planshetlar bilan taqdirlandi.
Ushbu e’tirof yosh mutaxassislarning ilm-fan yo‘lidagi izlanishlarini yanada rivojlantirish, ularning yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviy yuksalishi va farovonligi yo‘lidagi faoliyatiga munosib turtki bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati