Xalqimiz orasida «Ustoz – otangdek ulug‘» maqoli juda ham mashhur. Ustoz namunasi sanalgan o‘qituvchilik azal – azaldan e’tiborli kasb hisoblanib kelgan. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida o‘qituvchi – murabbiylarga nisbatan alohida e’tibor qaratiladi va e’zozlanadi. Mamlakatimizda ham 1997 yildan boshlab 1 oktyabr «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» umumxalq bayrami sifatida nishonlanib kelinishi ham bu so‘zimizning tasdig‘idir. O‘qituvchilar o‘zlari ilmli bo‘lgani holda yosh avlodni ilmu ma’rifatli bo‘lishini ta’minlaydilar.
Shuningdek, «Beshikdan qarbgacha ilm izlanglar» yoki «Ilmni Xitoydan bo‘lsa ham o‘rganinglar» kabi hadisi shariflar ilmning qanchalar fazilatli ekanligiga dalolat qiladi. Qur’oni karimda ilm haqida 379 ta oyat kelgan bo‘lib, ularda biladiganlar bilan bilmaydigan barobar bo‘lmasligi, ilm ahlini Alloh taolo yuqori darajalarga qo‘tarib quyganligi aytiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi», deb marhamat qilganlar. Har bir inson uchun o‘ziga kerakli, hayoti uchun zarur ilmni, dinu diyonatni, halol-haromni bilishi, buning uchun zarur bo‘lgan narsalarni o‘rganishi farzi ayndir. Ilmsiz kishi odobli va ko‘rkam bo‘la olmaydi.
Bu yerda niyatni poklash oldingi o‘ringa qo‘yiladi. Ilm talab qilmoqchi bo‘lgan shaxs niyatini yaxshi qilishi, olgan ilmi bilan xalqqa xizmat qilib, Haqni rozi etishni ko‘zlashi kerak. O‘shanda olgan ilmi foydali bo‘ladi: dunyoga ham erishadi, oxirat savobiga ham ega bo‘ladi. Ammo niyatni molu dunyoga, riyoga bog‘lasa, oxirat savobi bo‘lmaydi, dunyo havasi ham aniq amalga oshmaydi.
Har bir yaxshilikka erishish uchun albatta ixlos kerak. Ixlossiz biror foydali ishning, xossatan, ilm olishning amalga oshishi qiyin. «Ixlos» so‘zi lug‘atda «tozalash», «to‘g‘rilash» ma’nolarini anglatadi. «Xolis bo‘ldi» degani «musaffo bo‘ldi» ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Ilm olayotgan o‘quvchi o‘z sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun eng avvalo, o‘zida, unga ta’lim berayotgan ustozida va ota-onasida ixlos bo‘lishi kerak. Uchala insonning ixlosi bir joyga jamlansa, natijasi ham shunga ko‘ra bo‘ladi, albatta.
Buning uchun o‘quvchi o‘z muallimining haqlarini mukammal tarzda ado etishi, ustozini roziligini topishga, ko‘nglida muhabbat paydo qilishga, norozi qilib qo‘yishdan, g‘azabidan saqlanishga doimo harakat qilishi lozim.
Hazrati Ali roziyallohu anhu muallimning muta’allimdagi haqlari to‘g‘risida quyidagilarni aytganlar: «Qavmga umumiy salom berib, unga alohida berishing. Uning qarshisida o‘tirishing. Huzurida qo‘llaring ila ishora qilmasliging. Ko‘zingni undan boshqaga tikmasliging. Uning gapiga xilof gap aytmasliging. Uning oldida birovni g‘iybat qilmasliging. Uning qoqilishini istamasliging. Agar yo‘ldan toysa, kechirishing. Alloh taolo uchun uni ulug‘lashing. Uning hojati bo‘lsa, boshqalardan ko‘ra oldin xizmatiga intilishing. Uning majlisida biror kishi bilan sirlashmasliging. Uning kiyimini ushlamasliging. Unga malol keltirmasliging. Suhbatining cho‘zilib ketganidan bezimasliging. U xuddi xurmo kabidir, undan tushadigan narsani poylab tur».
Yana bunga darsga kech yoki o‘ta barvaqt kelmaslik, buyurgan vazifalarini bajarish, ustozini bezovta qilmaslik, eshigini taqillatmasdan o‘zi chiqishini kutib turish, huzurida ruxsatisiz gapirmaslik, oldiga tushib yurmaslik, o‘rniga o‘tirmaslik kabi odoblar ilmning ikki dunyo manfaati uchun sabab bo‘ladi.
Ilm olishning turli bosqichlarida ilm oluvchi o‘zining yoshi yoki ta’lim bosqichi qay darajada bo‘lishidan qat’i nazar, tolibi ilm ekanini zinhor yoddan chiqarmasligi va mazkur odoblarga muntazam rioya etishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, ta’lim berayotgan muallimning ham alohida odob qoidalari mavjud. Chunki, ta’lim berish bilan ta’lim olish bir-biriga chambarchas bog‘liqdir. Birisiz ikkinchisi bo‘lmaydi. Ilm talab qilish farz bo‘lgani kabi, ta’lim berish ham farz qilingan..
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh, U Zotning farishtalari, osmonlaru yerning ahli, hattoki uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchiga salavot aytadilar», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifdagi odamlarga yaxshilikni o‘rgatuvchilar asosan muallimlardir. Bu sharafga muyassar bo‘ladiganlarga kichkintoylarga alifbe harflarini o‘rgatayotgan muallimlardan tortib, fan doktorligi ilmiy ishlariga rahbarlik qilayotgan ustozlar, ilmiy kashfiyotlarni boshqarayotgan rahbarlargacha barchalari kiradilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odam bolasi o‘lganida amali kesiladi. Illo uch narsa: joriy sadaqa, manfaat olinadigan ilm yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzand mustasno», dedilar». Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyat qilganlar.
Kishi qanday qilib o‘zidan keyin manfaat beradigan ilm qoldira oladi? Bu ish, avvalo, boshqalarga ilm o‘rgatish bilan amalga oshadi. Modomiki, shogirdlar, shogirdlarning shogirdlari o‘sha ilmni ishlatmoqdami, kishilarga manfaati yetmoqdami, ustozga savobi yozilib turaveradi.
Ikkinchisi kitob yozib qoldirish bilan bo‘ladi. Insonlarga foyda keltiradigan ilmlar bo‘yicha iymon va ixlos bilan kitob yozib qoldirgan kishiga, o‘lganidan keyin ham unga savob yetib turaveradi.
Uchinchisi ilm yo‘lida xizmat qilish bilan bo‘ladi. Misol uchun, imkoniyati bor odam tolibi ilmlarga, ustozlarga ilm yo‘lida yordam berib, ilm dargohi quradi, o‘z mablag‘idan kitob chop ettiradi, kutubxona qiladi va hokazo. Mana shunga o‘xshash ishlar ilm yo‘lida xizmat qilish hisoblanadi. Bu ishlarni qilgan odamlar vafot etib ketsa ham, savoblari uzilmay borib turadi.
Muallimlarning sharafli vazifalarini ado etish jarayonida amal qilishlari lozim bo‘lgan odoblarga ulamolar qadimdan alohida e’tibor bilan qarab va quyidagilarni bayon qilganlar:
«Ilmni lozim tutish, unga muhabbat qilish, unga butun vujudi bilan berilish va ilmini ziyoda qilish uchun doimo harakatda bo‘lish.
Ilmiga amal qilish. Zotan, haqiqiy olimning gapi ishiga teskari bo‘lmaydi. Bu gap diniy olimlarga alohida ta’kidlidir. Chunki ularning asosiy vazifalaridan biri kishilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir. Bunda esa ularning o‘zlari go‘zal o‘rnak bo‘lishlari shart.
Ilmi ziyoda bo‘lgan sari Alloh taolodan qo‘rqishi va ma’rifati ziyoda bo‘lgan sari Alloh taologa xushu’ci ortib borishi kerak.
Barchaga birday tavozeli bo‘lish. Buning uchun talabalarga shafqatli bo‘lish, ularga ta’lim berishda shoshilmaslik, talabalarga o‘z farzandidek qarash, ularning johilligini va jafosini ko‘tarish, ularni jaholat zulmatidan ilm nuriga olib chiqishga urinish, hojatlarini fahmlash va holatlarini hisobga olish, savollariga javob berish, yuzlariga kulib boqish, qalblarini ulfat qilish, ular uchun vaqt sarflash kabi ishlarni bajarish talab etiladi.
Ta’lim berishga ixlos qilish. Bunda ta’limni odamlar foydasiga ishlatishda Alloh taoloning roziligini ko‘zlash kerak.
Ilmni mustahkam egallash. Uning nozik joylarigacha va mag‘zigacha yetib borish. Ilmning bir qismi yoki qobig‘i bilangina kifoyalanib qolmaslik zarur.
Hilm, viqor, shoshmaslik va bag‘rikenglikni lozim tutish. Zotan bu sifatlar ilmning ziynatidir.
Johillarning jafosiga, hasadchilarning hasadiga, bo‘htonchilarning ig‘vosiga va dushmanlarning adovatiga sabr qilish.
Ilmni talab qiluvchilarga keragicha berish. Undan biror narsani berkitib qolmaslik ham ta’lim beruvchining asosiy vazifalaridandir.
Hujjatni e’tibor bilan tinglab, qabul qilish. Bunda xusumatchidan bo‘lsa ham, haqqa bo‘yin egish, xatoni tan olmaslikdan chetda bo‘lish talab etiladi.
Ilmni uni talab qiluvchining fahmlash qobiliyatiga qarab berish. Ustozlar ta’lim berishda insonning aqli yetmagan narsadan chetlab o‘tishini hisobga olishlari, past darajadan boshlab asta yuqorilab borishlari darkor.
Ichi va tashining go‘zal bo‘lishini ta’minlash. Zotan, haqiqiy ilm sohibi ichi boshqa, tashi boshqa bo‘lmaydi.
Yaxshi bilmagan, o‘zlashtirmagan va oxiriga yetmagan masalalarda o‘zicha hukm chiqarmaslik. Bunda bilmagan narsalarini biladiganlarga havola qilish, bilmaganini «bilmadim» deyishdan tortinmaslik maqbulroq.
Talabalarga bergan ilmini minnat qilmaslik. Zotan, bunday qilish amalni habata qiladi. Talabalarga o‘z martabasining ko‘tarilishiga sabab bo‘luvchi shaxslar sifatida qarashga intilmaslik lozim.
Muallimning odoblaridan yana biri o‘zi mutaxassis bo‘lgan ilmdan boshqa ilmlarni qoralamaslikdir. Haqiqiy olim talabalarni barcha foydali ilmlarga targ‘ib qiladi. Hamma darslarni birdek o‘zlashtirishga chorlaydi. Muallim o‘z talabasini qo‘liga topshirilgan omonat deya bilishi zarur.»
Haqiqatdan ham har bir talaba ota-onasi va jamiyat tomonidan ustozning qo‘liga topshirilgan buyuk omonatdir. Bu borada ustozning zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklatilgan bo‘ladi. Ustoz talaba shaxsiyatining shakllanishi, fikrlarining o‘sishi, nafsining tarbiyalanishi, ilm olishi, ma’rifat hosil qilishi kabi bir qancha o‘ta ahamiyatli narsalarda mas’uldir.
Muallim talabalariga go‘zal insoniy sifatlarda, odob-axloqda, ilm-ma’rifatda, muomalada, hayotning barcha sohalarida jonli namuna bo‘lishi lozim.
Xadichai Kubro ayol-qizlar madrasasi
mudarrisasi Muxamedxodjayeva S.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom dini sabr va shukrni inson hayotining asosiy ustunlaridan deb biladi. Sabr — qiyinchilik paytida bardosh qilish, gunohdan tiyilish va toatda sabotli bo‘lishdir. Shukr esa Alloh bergan ne’matlarni qadrlash, til bilan ham, qalb va amal bilan ham minnatdorlik bildirishdir. Bu ikki xislat mo‘minning imonini mustahkam qiladi.
Qur’ondan dalillar Alloh taolo aytadi: “Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Baqara surasi, 153-oyat).
Bu oyat sabrning qanchalik ulug‘ maqomga ega ekanini ko‘rsatadi.
Yana bir oyatda: “Agar shukr qilsangiz, albatta sizlarga (ne’matimni) ziyoda qilaman” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Bu oyat shukr qilish ne’matning ortishiga sabab bo‘lishini bildirmoqda.
Hadis
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vaqtida aytganlar: “Mo‘minning ishi ajoyibdir. Unga yaxshilik yetsa — shukr qiladi, bu uning uchun yaxshilik; agar musibat yetsa — sabr qiladi, bu ham uning uchun yaxshilik”.
Bu hadis sabr va shukr mo‘min hayotining har ikki holatida ham foydali ekanini ko‘rsatadi.
Sabrning turlari
Toatda sabr — namoz, ro‘za va boshqa ibodatlarda bardavom bo‘lish.
Gunohdan sabr — harom ishlardan o‘zini tiyish.
Musibatda sabr — qiyinchilik va sinovlarda sabot qilish.
Shukrning ko‘rinishlari
Qalb bilan shukr — Alloh bergan ne’matlarni tan olish.
Til bilan shukr - “Alhamdulillah” deyish.
Amal bilan shukr - ne’matni yaxshilik yo‘lida ishlatish.
Shukr qilgan insonning hayotida baraka ortadi, qalbi xotirjam bo‘ladi.
Ibratli voqea
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarida og‘ir sinovlar bo‘lgan: ochlik, ta’qib, yaqinlarining vafoti. Lekin u zot doimo sabr qilganlar va Allohga shukr aytganlar. Toif voqeasida ham dushmanlaridan ozor ko‘rganlarida, u zot duo qilib, sabr qilganlar. Bu - haqiqiy sabr namunasidir.
Xulosa
Sabr - qiyinchiliklarda qalbni mustahkamlaydi, shukr esa ne’matlarni ziyoda qiladi. Mo‘min inson hayotida ham sabr, ham shukr bilan yashashi kerak. Sabrsiz imon mukammal bo‘lmaydi, shukrsiz ne’mat bardavom bo‘lmaydi.
Sabr va shukr - jannat yo‘lidagi ikki nurdir.
Musoxon Abbasiddinov,
Namangan shahar “Boqi polvon” jome masjidi imom-xatibi.