بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Islom dini ilmu ma’rifatga targ‘ib qiluvchi ilohiy dindir. Zero, insonning dunyo va oxiratining obod bo‘lishi ilm olishi va unga amal qilishi bilan bog‘liqdir. Qur’oni karimning ko‘plab oyatlari va Payg‘ambarimiz ﷺ ning qator hadislarida ushbu ma’nolar bayon etilgan. Ilm –ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Ilm o‘rgatuvchi ustozlar bejizga “payg‘ambarlarning merosxo‘rlari” deb e’zozlanmaganlar. Qur’oni karimda o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlarning sha’ni-sharafi naqadar ulug‘ligi haqida bunday marhamat qilinadi:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ (سورة المجادلة/11).
ya’ni: “... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Payg‘ambarimiz ﷺ ham ilmli kishining ilmsiz kishidan darajasi yuqori ekanligini bir qancha hadislarida bayon qilganlar:
"فَضْلُ الْعَالِمِ عَلَى الْعَابِدِ كَفَضْلِي عَلَى أَدْنَاكُمْ" (رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: “Olimning obiddan ustunligi xuddi mening sizlardan eng quyi darajadagi kishidan ustunligim kabidir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ustozga mehr qo‘ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o‘z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta’lim oluvchi shogird ham o‘zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e’zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak. Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه o‘zidan yoshi ulug‘ bo‘lgan Zayd ibn Sobit رضي الله عنه ning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug‘lik sifatiga yetmay turib, undan faxrlanib, kibrlansa – johildir. Zero, ilm-hikmat mo‘min kishining yo‘qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli".
Muhtaram azizlar! Kishida ilm o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Albatta, buning uchun ustoz zarur. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug‘ bo‘lsa, ilm o‘rgatish, ya’ni, ustozlik qilishning fazilati undanda buyukdir. Qur’oni karimda bayon qilinishicha, insoniyatning avvali Odam Ato ham o‘z zamonasi uchun zarur bo‘lgan ilmlarga muhtoj bo‘lganidan Alloh taoloning o‘zi u zotga ta’lim berdi.
وَعَلَّمَ آَدَمَ الْأَسْمَاءَ كُلَّهَا (سورة البقرة/31).
ya’ni: “(Alloh) Odamga barcha (yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli) nomlarni o‘rgatdi” (Baqara surasi, 31-oyat).
Har bir zamonda Alloh taolo insoniyatga ilmu hikmat o‘rgatish uchun payg‘ambarlarini yuborib turdi. Jumladan, oxirzamon payg‘ambari Muhammad ﷺ ni shunday sharafli vazifa bilan yubordi.
لَقَدْ مَنَّ اللَّهُ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ إِذْ بَعَثَ فِيهِمْ رَسُولًا مِنْ أَنْفُسِهِمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ (سورة آل عمران/31).
ya’ni: “Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta’lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in’om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar” (Oli Imron surasi, 164-oyat).
Bu haqda Payg‘ambar ﷺ ning o‘zlari:
"... وَإِنَّمَا بُعِثْتُ مُعَلِّمًا" (رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ مَاجَه).
ya’ni: “Albatta, men muallim qilib yuborilganman”, – deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati). Mana shuning o‘zi ham ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanligini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, o‘zgalarga ilmu ma’rifat ziyosini tarqatish naqadar savob ish. Bu vazifaga mutasaddi bo‘lgan kishining darajasi ham mislsiz. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. Rasululloh ﷺ bu haqda shunday marhamat qilganlar:
"إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتُ فِي الْبَحْرِ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ" (رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli, hattoki, dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salovot aytadilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy imtiyozlar yaratish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy darajasi ustoz va murabbiylarga bo‘lgan munosabatga qarab baholanadi. Jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e’zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlodni barkamol va yetuk ma’rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir. O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqe’iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr kuni “Ustozlar va murabbiylar kuni” deb belgilanib, shu kunda xalqimiz bayram qilib, ustozlarga ko‘proq xurmat-izzat ko‘rsatadilar, dillariga xursandchilik baxsh etishga harakat qiladilar.
Ustozlarni qadrlash haqida so‘z ketganda, beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.
Haqiqatan ham, “ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: “Otam meni yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab, ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi”, – degan ekan.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa, arziydi.
Muhtaram jamoat! Ustoz va talabalar amal qilishlari zarur bo‘lgan odoblar mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini bayon qilamiz. O‘qituvchiga tegishli odoblar:
Barkamol avlod va sog‘lom jamiyat oldida katta mas’uliyat sohibi bo‘lgan barcha ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sihat-salomatlik va ikki dunyo saodatiga musharraf etishini so‘rab, duolar qilib qolamiz!
Muhtaram jamoat! Mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namoz vaqtlari haqida suhbatlashamiz.
Qazo bo‘lgan namozlarni kunning barcha vaqtida o‘qisa bo‘ladi, faqat quyosh chiqish, qiyomga kelish va botish vaqtlari bundan mustasno. Bu uch vaqtda hech qanday namoz o‘qib bo‘lmaydi.
Ustozlik martabasiga yetish va uning omonatlariga rioya etish har birimizga nasib etsin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey farzand! Raqamli olam shunchaki ekranlardan iborat emas. U – erkaklarning g‘ururi va qizlarning hayosi sinovdan o‘tadigan haqiqiy imtihondir. Shuning uchun bu so‘zlarni qalbing bilan o‘qi.
Ey farzand! Google, Facebook, Twitter va WhatsApp – chuqur dengizga o‘xshaydi. Unda ko‘p insonlarning axloqi yo‘qoldi, ko‘p aqllar halokatga uchradi!
Ey farzand! Uning to‘lqinlari ko‘p qizlarning hayosini yutib yubordi va ko‘p insonlar halok bo‘ldi. Shuning uchun u yerda asalari (arilar) kabi bo‘l, faqat pok narsaga qo‘n, o‘zingga va boshqalarga foyda keltir.
Chivin (yoki pashsha) kabi bo‘lma, u qayerda kasallik bo‘lsa, o‘sha yerdan uni tarqatadi!
Ey farzand! Internet – katta bozor. Bu yerda hech kim o‘z “tovarini” bepul bermaydi. Har kim biror narsa evaziga harakat qiladi. Ogoh bo‘l!
Ba’zilar axloqni buzishni istaydi.
Ba’zilar shubhali g‘oyalarni tarqatadi.
Ba’zilar esa faqat mashhurlik izlaydi.
Shuning uchun har bir “tovarni” yaxshilab tekshirmasdan olma.
Ey farzand! Noma’lum havolalarni (linklarni) ochishdan saqlan. Chunki ularning ba’zisi tuzoq bo‘lishi mumkin: xakerlik, ma’lumot o‘g‘irlash, zarar va halokat.
Ey farzand! Latifalar va yolg‘on xabarlarni tarqatma. Harom ishlarga oid “copy-paste” qilishdan ham ehtiyot bo‘l.
Chunki sen internetda savob va gunoh bilan savdo qilayotganingni unutma.
Ey farzand! Izoh yozish yoki biror narsani ulashishdan oldin o‘zingdan so‘ra: “Bu ish Allohni rozi qiladimi yoki g‘azablantiradimi?”.
Ey farzand! Ko‘zing bilan ko‘rmagan odamingni do‘stligiga ishonma. Faqat yozganlariga qarab insonlarga hukm chiqarma. Chunki ko‘pchiligi niqoblangan! Haqiqat shuki: “Ularning suratlari soxta bo‘lishi mumkin, axloqi jozibali ko‘rinishi mumkin. Ular niqob taqadi va “rostdek ko‘rinib yolg‘on gapiradi”. Shuning uchun zohirga aldanma”.
Ey farzand! Soxta ismlardan ehtiyot bo‘l. Chunki ularning egalari ko‘pincha o‘zlariga ishonmaydi.
O‘ziga ishonmagan odamga sen ham ishonma.
Ey farzand! Seni ranjitganni sen ham ranjitma.
Chunki sen o‘z axloqingni namoyon qilasan, u esa o‘z tabiatini ko‘rsatadi.
Har bir idish ichidagi narsa bilan toshadi.
Go‘zallik javobda emas, tilingda!
Ey farzand! Yozadigan narsangni yaxshilab o‘yla. Chunki sen yozasan, farishtalar ham yozadi, Alloh esa hammasini ko‘rib, hisobini qiladi.
Shuning uchun sahifangni Qiyomat kuni senga qarshi emas, balki senga guvoh bo‘ladigan qilib yurit!
Homidjon qori ISHMATBЕKOV