Bashariyat tamaddunida uning hayotiga xavf solgan illatlar ko‘p bo‘lgan. Afsuski, bugun jamiyatimizga yetarlicha tashvish solishga intilayotgan qora kuchlarning manfur qilmishlaridan biri bu –ekstremizm balosidir. Yomon tomoni bu balo qisqa fursatda turlicha qiyofaga ega bo‘ldi. Hozirda ekstremizmning xalqaro ko‘rinishdagi nusxasi butun boshli millatlar va xalqlar orasidagi nifoq urug‘ini sepadi. Eng buyuk qadriyatlarimiz, iymon-e’tiqod va tafakkur ildiziga bolta urmoqchi bo‘lyapti. Bu zalolatga qarshi turish uchun esa avvalo insonlarning qalb ko‘zi ochiq, ma’naviy bilimlari mukammal bo‘lishi lozim.
Ayni imkoniyat kishilarni ekstremizm balosiga qarshi kurishishida immunitet vazifasini o‘taydi. Muhim jihati shuki, endilikda mamlakatimizda ushbu holatga qarshi kurashishning qonuniy asosi ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 iyunda qabul qilingan va Senat tomonidan 2018 yil 28 iyunda ma’qullangan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Resupblikasi Qonuni 5 ta bob va 24 ta moddadan iborat bo‘lib unda ekstremizmga oid asosiy tushunchalar xususida shunday deyiladi: ekstremizm –ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, hokimiyatni zo‘rlik ishlatib egallashga va uning vakolatlarini o‘zlashtirib olishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllari ifodaci deya e’tirof etilgan.
Shuningdek qonunda ekstremizmni moliyalashtirish, ekstremistik guruh, ekstremistik material, ekstremistik tashkilot kabi tushunchalarga ham mos ta’rif berilgan. Ushbu hujjatga ko‘ra mamlakatimizda ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari sirasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti kabi tizimlar kiritilgan.
Bu bilan yurtdoshlarimiz mas’uliyatini o‘z zimmasidan soqit qilishi kerak emas. Negaki, ekstremizmga qarshi kurash nafaqat vakolatli organlar, balki har bir fuqaroning asosiy vazifasi sanaladi. Negaki, insoniyat boshiga turli tashvish solayotgan eng yomon illatlardan sanalgan ekstremizm balosi bilan niqoblangan razil va manfur kimsalarning odamiylikka xos bo‘lmagan qilmishlari nafaqat oilalar, balki ayrim davlatlar, siz bilan bizning kelajagimiz uchun jiddiy xavf sanaladi. Xususan, jannatmonand yurtimizning qulay geosiyosiy hududda joylashganligi, tabiiy boyliklari, qulay iqlimi va betakror tabiatiga ko‘z tikkan qora kuchlar yo‘q emas. Shunday ekan, hammamiz bu yo‘lda sobit va xushyor bo‘laylik.
Abdulahad qori TOJIBOYEV,
Bo‘z tumani bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.
Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».
Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan