Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Sentabr, 2025   |   5 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:57
Quyosh
06:16
Peshin
12:19
Asr
16:25
Shom
18:16
Xufton
19:28
Bismillah
27 Sentabr, 2025, 5 Rabi`us soni, 1447

Voqea surasi

07.09.2018   67683   4 min.
Voqea surasi

Voqea surasi Makkada nozil bo‘lgan, 96 oyatdan iborat. “Voqea” qiyomatning nomlaridan biri bo‘lib, u suraning birinchi oyatida ham tilga olingan: “Qachonki, qiyomat voqe (qoyim) bo‘lganda, uning voqe bo‘lishining yolg‘oni yo‘qdir(Voqea surasi, 1-2 – oyatlar). Shuning uchun shu nom bilan atalgan.

Sura qiyomat dahshatlari, tog‘larning titilib, to‘zonga aylanishi, yerning larzaga kelishi, odamlarning yakson bo‘lishi haqidagi tasvirlar bilan boshlanadi. U kunda odamlar uch toifaga: o‘ng va chap taraf egalari hamda peshqadamlarga ajralishi aytilgan. “Sizlar esa uch toifa bo‘lursiz” (Voqea surasi, 7-oyat).

O‘ng taraf sohiblari Arshning o‘ngida turadilar. Qiyomat kuni amallar kitobi egalariga tarqatilganda jannat ahlining kitobi o‘ng taraflaridan beriladi. “Bas, (u uchtaning birinchisi) o‘ng tomon egalaridir. O‘ng tomon egalari (bo‘lmoq) ne (saodat)dir!(Voqea surasi, 8-oyat).

O‘ng taraf egalari jannat ne’matlaridan bahramand bo‘lishlari, ularga tayyorlab qo‘yilgan inomlar haqida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: (Ular) tikansiz butazorlarda, tizilgan bananzorlarda, yoyiq soya (osti)da, oqizib qo‘yilgan suv (bo‘yi)da, ko‘plab meva (uzra)ki, (ular) tuganmas va man etilmasdir. Shuningdek, (ular) baland to‘shalgan ko‘rpachalar (usti)dadirlar” (Voqea surasi, 28-34 – oyatlar).

Yana bir guruh Arshning chap tomonida turadi. Ularning nomai a’mollari chap taraflaridan beriladi. Do‘zah ahlining aksariyati ushbu guruhga oiddir. (Ikkinchi toifa) chap tomon egalaridir. Chap tomon egalari (bo‘lmoq) ne (baxtsizlik)dir!” (Voqea surasi, 9-oyat).

Chap taraf egalari badbaxtdirlar. Ular badanni teshib o‘tuvchi shamolda va qaynoq suv ila azoblanadilar. Jahannam ahli do‘zaxning salqini yo‘q, qora tutun soyasida bo‘ladilar. Ular dunyo lazzatining ortidan ergashib, imonni, diyonatni unutdilar. Katta gunohlarni sarkashlik bilan qildilar, tavbaga shoshilmadilar. Hoyu-havasga berilib, qayta tirilishni inkor etdilar. «Yana aytar edilar: “Bizlar o‘lib tuproq va suyaklarga aylangach, rostdan ham qayta tiriltiriluvchimizmi?! Avvalgi ota-bobolarimiz hammi?!”» (Voqea surasi, 47-48 – oyatlar).

Ular o‘sha kunda jahannam giyohi bo‘lgan Zaqqum daraxtidan yeydilar. Boshqa ichadigan narsa yo‘qligidan majbur bo‘lib, o‘ta qaynoq suvni ichadilar. «...(ichganda ham) tashna tuyalar kabi ichuvchidirsiz. (Lekin tashnalik aslo bosilmas) Mana shu jazo kunidagi ularning “ziyofati”dir» (Voqea surasi, 56-oyat). Alloh taolo har bir bandasiga adolat qiluvchi zotdir.

Eng saodatli toifa uchinchi toifa bo‘lib, ular peshqadamlar, Alloh taoloning ro‘parasida turuvchilardir. (Uchinchi toifa ezgu ishlarda) o‘zib-o‘zib ketgan zotlardir” (Voqea surasi, 10-oyat). Ular Payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar qatorida bo‘ladilar.

Bu toifa oxiratdagi eng saodatli bandalardir. Ular Alloh taoloning ibodati va toatida boshqalardan ko‘ra peshqadam bo‘lganlar. Tavbada, yaxshilik va savobli amallarda o‘zib ketganlar. Ular orasida avval o‘tgan musulmonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo bu maqomga keyingi avlodlardan, ya’ni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ummatlaridan ozchilik sazovor bo‘lar ekan. (O‘zib ketganlar) avvalgi (ummat)lardan ko‘pchilik, keyingilar (Muhammad ummatlari)dan esa ozchilikdir” (Voqea surasi, 13-14 – oyatlar).

Peshqadamlar jannatda tilladan dur va yoqutdan to‘qilgan so‘rilarda yonboshlab rohatlanib yotadilar. “Ustilarida esa mangu yosh bolalar aylanib (xizmatda) yururlar...” (Voqea surasi, 17-oyat).

Ular jannat ahli ixtiyor qilgan mevalarni va ishtahalari tusagan narsalarni keltiradilar. “oqar chashmadan olingan (may to‘la) qadahlar, ko‘zalar va kosalar bilan. U (may)lardan ularning boshlari ham og‘rimas, mast ham bo‘lmaslar” (Voqea surasi, 18-19 – oyatlar).

Peshqadamlarga berilgan mazkur ne’matlar va oliy maqomlar ularning dunyo hayotida qilgan solih amallarining mukofotidir. «Ular u joyda behuda va gunoh (so‘z)ni eshitmaslar, faqat (bir-birlariga aytadigan) “Salom-salom” so‘zinigina (eshiturlar)» (Voqea surasi, 25-26 – oyatlar).

Shuningdek, surada Allohning borligi, yagonaligi va cheksiz qudrati, insonni yaratishdagi, o‘simliklarni o‘stirishdagi, yomg‘ir yog‘dirishdagi va boshqa ishlardagi ajoyib tadbir hamda hikmatlari haqida ham so‘z ketadi. Alloh taolo ularga tafakkur ko‘zi bilan qarashga buyuradi: Sizlar ekayotgan ziroatlaringiz haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?!” (Voqea surasi, 63-oyat); “Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?!” (Voqea surasi, 68-oyat); “Sizlar yoqayotgan olovni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?!” (Voqea surasi, 71-oyat).

Alloh taolo barchamizni yaxshiliklarda peshqadam bo‘lgan, oxiratda O‘zining ro‘parasida turuvchi bandalaridan qilsin.

Robiya SAIDXONBALOVA,

Xadichai kubro ayol-kizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Qur’onni unutishning gunohi

26.09.2025   1081   1 min.
Qur’onni unutishning gunohi

Savol: Bir hadisda Qur’oni karimni yod olib, keyin uni unutib yuborsa, qattiq gunohkor bo‘lishi haqida o‘qidim. Unutib yuborishni qanday tushunamiz?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda Qur’oni karimni unutishning gunoh ekani haqida hadislar kelgan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga ummatimning savoblari, hatto kishi masjiddan chiqarib tashlagan xas-cho‘pning savobi ham ko‘rsatildi. So‘ng menga ummatimning gunohlari ko‘rsatildi. Men bir kishiga Qur’ondan bir sura yoki bir oyat berilib, uni unutib qo‘yganidan ko‘ra kattaroq gunohni ko‘rmadim”, dedilar (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyati).


Yana bir hadis Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Kim Qur’onni o‘qib, so‘ng uni unutib yuborsa, qiyomat kuni Alloh taologa qo‘li kesik holda yo‘liqadi, dedilar.

Abu Dovud va Dorimiy rivoyatlari. Ulamolar mazkur ma’nodagi barcha hadislarni o‘rganib, hadisda qoralangan unutishlikdan murod o‘qigan yoki yod olgan suralarni mus'hafga qarab ham o‘qiy olmaydigan darajaga tushib qolishlik, deganlar.


Demak, musulmon inson doimiy ravishda Alloh taoloning kalomini o‘qib turishi lozim bo‘ladi. Ana shunda hadisi sharifda aytilgan og‘ir gunohga yo‘l qo‘ymagan bo‘ladi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Qur’on sohibi huddi tushovlangan tuya sohibiga o‘hshaydi. Agar undan xabardor bo‘lib tursa uni tutib turadi. Agar tek qo‘ysa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.