Bir kishi xotini oldingiday yaxshi eshitmayotganini payqab qoldi. Bundan tashvishga tushdi, balki qulog‘iga maxsus eshitish uskunasi taqishi kerakdir deb ham o‘yladi. Shunday mulohazalar bilan do‘xtir huzuriga yo‘l oldi. Har holda mutaxassis bilan maslahatlashgan yaxshi-da.
Uning arzini tinglagan shifokor bir sinov usulini o‘rgatdi:
– Xotiningizdan qirq qadam narida turasiz, odatdagi suhbat tovushida gapirib ko‘rasiz. Agar eshitmasa, masofani o‘ttiz qadamga qisqartirasiz. Yana bo‘lmasa, yigirma qadam. Xullas, sizni eshitguncha yaqin boraverasiz.
U bu tajribani o‘sha kun oqshomdayoq qo‘llashga kirishdi. Xotini oshxonada kuymalanib yurganini ko‘rgach, qirq odim nariga bordi-da:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz? – dedi.
Javob yo‘q. Odam masofani o‘ttiz qadamga qisqartirib, savolini qaytardi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Yana javob yo‘q. Endi yigirma metr masofada turib so‘radi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Nahotki! Yana javob bo‘lmadi-ku!
Er oshxona eshigi yaqiniga keldi-da, so‘rovini tag‘in takrorladi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Tavba-tavba! “Nima balo, ayolimning qulog‘i tom bitganmi?!” deb o‘yladi u. Bu safar xotiniga judayam yaqin keldi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Va nihoyat shu gal ayoli javob berdi:
– Dadajonisi, beshinchi marta qaytaryapman: osh damlayapman, osh.
Biz ko‘pincha muammoni qarshimizdagi kishilardan axtaramiz. Balki ayb o‘zimizdadir. Buni esa xayolimizga ham keltirmaymiz. Oqil odamning eng ustun jihatlaridan biri boshqalarning emas, o‘zining nuqsonlarini o‘ylashi va ularni to‘g‘rilashidir.
Orif Tolib
YUNЕSKO Ijroiya kengashi O‘zbekistonning “Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash chora-tadbirlari samaradorligini oshirish” to‘g‘risidagi qarori loyihasini bir ovozdan ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mazkur qaror tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohida Ijroiya kengashning 225-sessiyasi doirasida qabul qilindi. Ushbu tashabbusni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 30 oktyabr kuni Samarqandda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ilgari surgan edi.
Qabul qilingan hujjat moddiy va nomoddiy madaniy merosni iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, jadal urbanizatsiya va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar kabi zamonaviy global xavf-xatarlardan himoya qilishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Hujjatda YUNЕSKOga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xavf-xatarlarning oldini olish va ularni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, ilmiy bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish nazarda tutilgan.
O‘zbekistonning 2027 yilda Xivada YUNЕSKO bilan hamkorlikda Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash bo‘yicha xalqaro simpozium o‘tkazish haqidagi taklifi ma’qullangani asosiy natijalardan biri bo‘ldi.
Tadbir turli mamlakatlarning yetakchi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar, tadqiqot muassasalari va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirishi kutilmoqda.
Ishtirokchilar madaniy obyektlarga bo‘lgan tahdidlarning oldini olish yo‘llari, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, an’anaviy bilimlarni saqlab qolish va mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish masalalarini muhokama qiladi.
Simpozium yakunlari bo‘yicha milliy xususiyatlar va xalqaro tajribani inobatga olgan holda, madaniy merosni muhofaza qilish va boshqarish usullarini takomillashtirish yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston tashabbusi qaror loyihasiga hammualliflik qilgan YUNЕSKOga a’zo 54 ta davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ular orasida Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon hamda Osiyo, Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasining boshqa mamlakatlari bor.
Davlatlar vakillari taklifning dolzarbligi va YUNЕSKOning ustuvor yo‘nalishlariga to‘la mos kelishini qayd etdi. Ular iqlim o‘zgarishi va globallashuv bilan bog‘liq xavf-xatarlar barcha mamlakatlarga, ularning geografik joylashuvi va iqtisodiy rivojlanish darajasidan qat’i nazar, ta’sir ko‘rsatishi, shu bois hamjihatlikdagi xalqaro sa’y-harakatlarni talab etishini ta’kidladi.
Delegatsiyalar O‘zbekistonning Buyuk ipak yo‘lining tarixiy-madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Xiva shahrida simpozium o‘tkazishga tayyorligini alohida olqishladi. Ularning fikricha, ushbu tadbirning o‘tkazilishi tajriba almashish, kasbiy aloqalarni rivojlantirish va birgalikda yechimlar ishlab chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
2027 yilda Xivada bo‘lib o‘tadigan simpozium YUNЕSKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o‘tkazilgan 43-sessiyasi doirasida boshlangan ishlarni davom ettirishi hamda global xavf-xatarlar sharoitida madaniy merosni himoya qilish bo‘yicha amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish maydoniga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati