Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Oktabr, 2026   |   8 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:20
Quyosh
06:39
Peshin
12:08
Asr
15:53
Shom
17:41
Xufton
18:55
Bismillah
19 Oktabr, 2026, 8 Jumadul avval, 1448

Idda muddatlari

03.09.2018   33573   3 min.
Idda muddatlari

 «Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» ma’nolarini bildiradi. Shariatda esa, ayol kishi erining vafotidan keyin yoki eri bilan ajrashgandan keyin boshqa yerga tegmay o‘zini  saqlashi lozim bo‘lgan muddatga aytiladi.

Idda muddatlari:

  1. Eri taloq qilgan ayol taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi.

Alloh taolo:

«Taloq qilingan ayollar, o‘zlaricha uch quru’ kutadilar. Ularga Alloh ularning rahmlarida xalq qilgan (yaratgan) narsani yashirishlari halol emas. Agar, Allohga va oxirat kuniga iymonlari bo‘l-sa», degan (Baqara, 228).

Alloh taolo ayollarning bachadonlarida yaratgan narsadan murod esa, hayz yoki homiladir. Mo‘mina-muslima ayol bu narsalarni berkitmasligi kerak. Misol uchun, yeri taloq qilgan bo‘lsa, taloqdan keyin homila aniq bo‘lsa homilasini yashirib, uch marta hayz (oy ko‘rmoq, uzrli bo‘lmoq) ko‘rdim, deb boshqa erga tegishga shoshmasligi lozim.

Hanafiy mazhabimiz ulamolari eri taloq qilgan xotin taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi, deydilar.

  1. Yoshi keksaligi yoki juda yoshligi yoki bo‘yi yetgan bo‘lsa ham umuman hayz ko‘rmaydigan ayol uch oy idda o‘tiradi.

Alloh taolo:

« Xotinlaringiz orasidagi (keksayib) hayz ko‘rishdan umid uzganlari, agar sizlar (iddalari xususida) shubhalansangiz, bas, (bilingizki) ularning iddalari uch oydir, yana (biror marta) hayz ko‘rmaganlarning (iddalari) ham», degan.  (Taloq, 6)

  1. Eri vafot etgan homilador bo‘lmagan ayol taloq qilinsa to‘rt oy o‘n kun idda o‘tiradi.

Alloh taolo:

«Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oy o‘n kun kutarlar», (Baqara, 234) degan.

Yani, Bu eri o‘lgan ayollarning idda muddatidir. Eri o‘lgan har bir ayol umr yo‘ldoshilik hurmatidan to‘rt oy o‘n kun idda o‘tirishi vojib. Eri o‘lgan homilador ayolning iddasi homilasini tug‘ishidir.

  1. Eri vafot yetgan homilali ayol homilasini tug‘ishi bilan iddasi chiqadi.

Alloh taolo:

«Homiladorlarning (idda) muddatlari homilalarini qo‘yishlari (ko‘z yorishlari)dir», degan.  (Taloq, 6)

Bundan tashqari, idda o‘tirish shart bo‘lmagan o‘rin ham mavjud. Fuqaholar bunga quyidagi oyatni dalil qiladilar:

Alloh taolo:

«Qachonki mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ng ularga (qo‘l) tegizmay turib taloq qilsangiz, siz uchun ular idda saqlash majburiyatida emaslar», degan. (Azhob, 49)

Er-xotin nikohlangandan so‘ng birga yashamay, er ayolini taloq qilgan bo‘lsa ayol idda o‘tirishi vojib emas. Chunki homila bo‘lishining ehtimoli yo‘q. Oilaviy turmush hurmati ham yo‘q.

Iddani shariatga kiritilishining bir necha hikmatlari bor:

Birinchisi, eridan ajragan ayol homiladormi, yo‘qmi aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralash-quralash bo‘lib ketishining oldi olinadi.

Ikkinchisi, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.

Uchinchisi, er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi.

 Bundan tashqari, ilm fan taraqqiy etgan hozirgi kunda boshqa hikmatlari ham aniqlanmoqda. Angliyalik olimlar bir erkak bilan yashab turib, keyin bevosita, orada tanaffus qilmay ikkinchi er bilan jinsiy hayotni davom ettirgan ayollarning bachadonlarida og‘ir kasallik paydo bo‘lishini isbot qildilar.

Alloh taolo bizlarga O‘z amri ilohilariga amal qilib hayot kechirishni nasib etsin. Zero U zot har bir narsaga qodirdir.

 

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

O‘MI matbuot xizmati

 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

15 yillik ma’rifat karvoni: «Hilol-Nashr» faoliyati sarhisob qilindi

12.10.2026   46271   2 min.
15 yillik ma’rifat karvoni: «Hilol-Nashr» faoliyati sarhisob qilindi

Toshkent shahridagi «G‘afur G‘ulom» nomidagi istirohat bog‘ida yurtimizda sof islomiy ma’rifatni yoyishda beqiyos o‘ringa ega bo‘lgan «Hilol-Nashr» matbaa-nashriyoti tashkil etilganining 15 yilligiga bag‘ishlangan tantanali ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.


Fayzli anjumanda taniqli ulamolar, ilm ahli, ziyolilar hamda ko‘p sonli kitobxonlar ishtirok etib, nashriyotning bosib o‘tgan sharafli yo‘li va ulkan muvaffaqiyatlari yodga olindi.


Raqamlarda aks etgan ma’rifat nuri:

  • 13 milliondan ziyod adadda diniy-ma’rifiy va ilmiy kitoblar chop etilib, xalqimiz xonadonlariga yetkazildi;

  • 800 dan ortiq nomdagi sara asarlar 50 dan ziyod mualliflar bilan hamkorlikda nashr yuzini ko‘rdi;

  • Mus'hafi sharif nashri: 2018 yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Qur’oni Karimni yuqori sifatda chop etish yo‘lga qo‘yilib, bugungacha 7 xil shaklda 500 mingdan ortiq nusxada mo‘min-musulmonlarga tuhfa etildi;

  • Zamonaviy texnologiyalar: «Hilol eBook» elektron tizimi orqali 600 dan ziyod elektron va audiokitoblar o‘quvchilar ixtiyoriga berildi.


Tadbirda so‘zga chiqqan ustoz Ismoil Muhammad Sodiq domla, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja, ustoz Muhammad Ayyubxon Kosoniy hamda ustoz Abror Muxtor Aliy nashriyot asoschisi — fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning boy ilmiy merosiga yuksak baho berdilar.


So‘zga chiqqanlar Shayx hazratning asarlari xalqimiz ma’naviy hayotida, sof aqidani mustahkamlash va ixtiloflarning oldini olishda mustahkam qalqon bo‘lganini, chop etilgan 13 million kitob millionlab qalblarga hidoyat nurini olib kirganini alohida e’tirof etdilar.


Anjuman doirasida nashriyot tarixi va shayx hazratlarining ibratli hayotiga bag‘ishlangan «Badr» hujjatli filmining ilk lavhalari namoyish etildi. Shuningdek, allomaning hali chop etilmagan qo‘lyozmalari ustida ilmiy ishlar davom etayotgani va ular ham bosqichma-bosqich xalqimizga taqdim etilishi xushxabar qilindi.


Tadbir kitobxonlar o‘rtasidagi viktorinalar, esdalik sovg‘alari va eng muhimi — Qur’oni Karim tilovati hamda yurtimiz tinchligi, xalqimiz ma’naviy yuksalishini so‘rab qilingan xayrli duolar bilan yakunlandi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

15 yillik ma’rifat karvoni: «Hilol-Nashr» faoliyati sarhisob qilindi 15 yillik ma’rifat karvoni: «Hilol-Nashr» faoliyati sarhisob qilindi 15 yillik ma’rifat karvoni: «Hilol-Nashr» faoliyati sarhisob qilindi 15 yillik ma’rifat karvoni: «Hilol-Nashr» faoliyati sarhisob qilindi 15 yillik ma’rifat karvoni: «Hilol-Nashr» faoliyati sarhisob qilindi
O'zbekiston yangiliklari