Indoneziyaning Makassar port shahrida “Asmaul Husna” masjidi joylashgan bo'lib, u 99 ta gumbazi va yuksak me'morchilik namunasi bilan sayyohlarni o'ziga jalb qilib kelmoqda.
IQNA ma'lumotlariga ko'ra, mazkur masjid diniy maskan bo'lishdan tashqari Indoneziyaning sayyohlik obidalaridan biri hisoblanadi.
Masjid 2017–2022 yillarda 2 gektar maydonda qurilgan bo'lib, u ikki qavat va erto'ladan iborat. Birinchi qavatda asosiy xonaqoh, tahoratxona va zaruriy xonalar mavjud. Ikkinchi qavati esa ayollar uchun mo'ljallangan. U 10 000 namozxonni sig'dira oladi.
Masjid qurilishida uning xonaqohi va barcha xonalari tabiiy yorug' bo'lishi uchun oynalardan keng foydalanilgan. Huddi shunday havo aylanishi ham tabiiylikka e'tibor qaratilgan. Bu esa uning energiya tejamkorligiga xizmat qilmoqda.
Masjidning rasmiy nomi Asmoul Husna, ya'ni Allohning 99 ta eng buyuk ismlariga atab qo'yilgan. Shu sababli, ushbu masjid “99 gumbazli masjid” nomi bilan tanilgan.
O'MI xodimi I.Ahmedov tayyorladi.
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati