Tarixan qisqa davr ichida, mustaqillik yillarida o‘z kuchimiz va salohiyatimizga tayangan holda muqaddas qadriyatlarimizni, tilimiz va dinimizni qayta tiklab, bugungi kunda har sohada har tomonlama mustaqil taraqqiyot yo‘lidan rivojlanib borayotgan erkin, demokratik davlatga aylandik. Ma’lumki, tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga in’om etilgan eng ulug‘ va oliy ne’matdir. Muqaddas dinimiz ham tinchlik tushunchasini o‘zining bosh g‘oyasiga aylantirgan, desak, xato qilmaymiz. Alloh taolo Qur’oni karimning “Baqara” surasida bayon qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Barchangiz yoppasiga tinchlik ichiga kiringiz”. Islom dinining ikkinchi manbasi bo‘lmish Payg‘ambar (s.a.v.)ning muborak hadisi shariflarida: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matki, bundan ko‘p odamlar bebahradirlar”,- deyilgan.
Haqiqatdan ham Alloh taoloning bu ne’matidan hamma ham barobar bahramand emas. Barchaga ayonki, dunyoning turli burchaklarida terrorchilar tomonidan nohaq qon to‘kishlar sodir etilmoqda. Islom dinini niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirayotgan tuban kimsalarga qarshi doimo sergak va hushyor bo‘lish zarur. Zero, Qur’oni karimning “Moida” surasida: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz”, deb marhamat qilingan.
Mustaqillik sharofati bilan xalqimizning ma’naviyati va milliy qadriyatlari qayta tiklandi. Mustabid tuzum davomida qatag‘on qilingan yuzlab yurtdoshlarimiz, vatanimizning fidoyi farzandlari xotirasi abadiylashtirildi. Eng ulug‘ va eng aziz – Mustaqillik bayrami yaxshilikning umri abadiy ekanligi haqida o‘ylashga undaydi.
O‘zbekiston Respublikasiining marhum Birinchi Prezidenti I.A. Karimov: “Biz uchun bebaho boylik – tinchlik va osoyishtalikni, jamiyatimizdagi mehr-oqibat, fuqarolar va millatlararo totuvlikni ta’minlash,uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash har doim diqqat-e’tiborimiz markazida turishi lozimligini aslo unutmasligimiz kerak”, degan edilar. Darhaqiqat, qaysi bir yurtda tinchlik va osoyishtalik hukm surar ekan, o‘sha yerda taraqqiyot bo‘ladi. Biz erishayotgan yutuqlar zamirida ham ana shunday tinchlik va osoyishtalik yotadi. Mustaqillikning o‘tgan yillariga nazar tashlasak, poytaxtimiz, barcha viloyat hamda shaharlarda, qishloqlarimiz, hatto yurtimizning chekka hududlarida ham katta o‘zgarishlar ro‘y berayotganiga guvoh bo‘lamiz. Yurtimizdagi xotirjamlik va barqarorlik tufayli xalqimizning har kuni to‘yu-tomoshalar, bayramu shodiyonalar bilan o‘tmoqda. Bu ne’matlarga chin ma’noda shukrona qilish va ularning qadriga yetish kerak.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq jamiyatimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, fuqarolarning tinchligi hamda osoyishtaligini asrash asosiy vazifalardan biriga aylandi. Shu ma’noda xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi, uni orzu-intilishlari va ezgu niyatlari ro‘yobining muhim kafolati deb biladi.
Darhaqiqat, dinimiz ham tinchlikni, mustaqillikni bebaho ne’mat deb ulug‘laydi. Shuning uchun ham Qur’oni karim oyatlarida ko‘p bora tinchlikka da’vat etilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar, yoppasiga tinchlik ichiga kirishingiz”. Tafsir kitoblarida keltirilishicha, ushbu oyat bir tomondan barcha insonlar ahillikda tinchlik yo‘lini tutishlari kerakligini anglatsa, ikkinchi tomondan esa uni barqaror qilish uchun barcha hissa qo‘shishi zarurligini bildiradi. Mustaqil, tinch, osoyishta, har kuni xursandchiligu to‘y-tomosha bo‘lgan yurtda yashash esa katta baxtdir. Alloh taolo yurtimizning mustaqilligi va tinchligini bardavom aylasin.
“Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti ma’naviyat va
ma’rifat ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari Roxat Mamadshoyeva
Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.
Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.
Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.
Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.
Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.
Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.
Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.
Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.
Abdulg‘afur domla Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi