17 avgust kuni Makkai mukarramada haj amallarini ado etishga hozirlik ko‘rayotgan yurtdoshlarimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklarida hajdan avvalgi juma namozini ado etdilar. Makka shahridagi havoning issiqligi, Harami sharifdagi izdixom va ziyoratchilar salomatligini ehtiyot qilish maqsadida, o‘zbekistonlik ziyoratchilar joylashgan muhtasham “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasining 5 ta zalida juma namozini ado etish uchun sharoitlar hozirlandi va juma namozi ado etildi.

Muftiy hazratlari juma ma’ruzalarida quyidagi pandu nasihatlarga alohida urg‘u qaratib, jumladan shunday dedilar:
– Har bir ziyoratchi hajning odoblariga amal qilgan holda, yomon so‘zlardan, fisqu-fasod ishlardan, talashib-tortishishdan saqlansa, inshoalloh, uning haj amallari Haq taboraka va taoloning dargohida qabul bo‘ladi. Ushbu banda huddi onadan yangi tug‘ilgandek, gunohdan pok bo‘ladi va yurtiga mana shunday holatda qaytadi.

Xudo nasib etsa, ertadan keyin hijriy zulhijja oyining sakkizinchi kuni ziyoratchilarimiz mehmonxonadan Mino vodiysiga talbiya aytib yo‘l olishadi. U yerda Arafa kunining bomdod namozigacha ibodatu iltijolar, zikru tasbehlar ila mashg‘ul bo‘lishadi. Arafa kuni bomdoddan keyin ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan avtobuslarga o‘tirib Arafot vodiysiga yo‘l olishadi. U yerda to quyosh botgunga qadar qalblarining eng to‘ridagi duoyu iltijolarini qilishadi, qo‘llariga tasbehlarni olib “Subhanalloh”, “Alhamdulilloh”, “Allohu akbar”, “Laa ilaha illalloh” va “Astag‘firulloh” kalimalarini zikr qilishadi, ulamolarimiz va imom-domlalarimizning va’zu irshodlarini eshitishadi. Mana shunday fayzli onlarda farishtalar Arafot vodiysida jam bo‘ladi. Shunda Alloh taboraka va taolo farishtalaridan “ushbu bandalarim nimani istashyapti”, deb so‘raydi. Shunda ular “Yo Parvardigor, o‘zing bilganing holda bizdan hujjat-dalil uchun so‘rayapsanmi, ular avvalo sening rizoingni istashyapti, ota-otalari, farzandu arjumandlari, yurtlari, yurt rahbarlari haqqiga duo qilishmoqda”, deyishadi. Shunda Alloh taolo: “Ey farishtalarim, sizlar guvoh bo‘linglar ushbu vodiydagi barcha bandlarimning duolarini qabul qildim, gunohlarini mag‘firat etdim”, deydi. Mana shunday duolar mustajob bo‘lib, gunohdan pok bo‘lgan holda yurtga qaytish juda ham chiroyli ish va go‘zal xotimadir...

Ziyoratchilarimiz mana shunday shart-sharoitlar va xushxabarlar shukronasini qilib, ibodat halovatini totib, yurtimiz, muhtaram Prezidentimiz, xalqimiz haqqiga duoi xayrlar qilishdi, bu naqadar ulkan baxt ekanini yurak-yurakdan his etdilar.
Shuningdek, shu kunlarda mamlakatimizda davlatimiz Rahbari taklifiga binoan davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon janoblarining safarlari samarali bo‘lishini so‘rab duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
Kalomulloh – Qur’oni karimning muborak oyati karimalaridan
va
Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan
Ustoz ulamoi kiromlarimiz aytadilar:
“Juda oz bo‘lsa ham,
kuniga sadaqa qilishni odat qiling!"
Chunki "SADAQA – RADDI BALO".
ILOHO MЕHRIBON PARVARDIGORIMIZ O‘ZI buyurgan,
Janobi PAYG‘AMBARIMIZ SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM tavsiya etgan,
o‘tmishda O‘TGANLARIMIZNING ruhlari shod bo‘ladigan,
XALQIMIZ xursand bo‘ladigan,
OTA-ONALARIMIZ rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohimjon domla Inomov