Zulhijja so‘zi qanday ma’noni anglatadi? “Haj egasi” degan ma’noni bildiradi.
Zulhijja oyi qanday oy? Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri, hijriy-qamariy taqvimning oxirgi oyidir.
Zulhijja oyi qanday fazilatlarga ega? Haj ibodati ado etiladigan, qurbonlik qilinadigan, Arafa va Qurbon hayiti nishonlanadigan oy. Bu oyda, ayniqsa uning dastlabki o‘n kunida qilingan ibodatlar Alloh taolo uchun eng sevimli amallardan sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh dargohida Zulhijjaning o‘n kunidan afzal kun yo‘q”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati)
Bu oyda tutilgan ro‘za ulug‘ ajrlarga musharraf etadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Arafa kunining ro‘zasi o‘zidan avvalgi bir yil va o‘zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Zulhijja oyini Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zulhijja oyining dastlabki to‘qqiz kunida, Ashuro kunida va har oydan uch kunda – oyning avvalgi dushanbasi bilan ikki payshanbasida – ro‘za tutardilar (Imom Ahmad rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloni yanada ko‘proq zikr qilardilar va: “...Bu kunlarda tahlil (La ilaha illalloh Muhammadur Rasululloh), takbir (Allohu akbar) va tahmid (Alhamdulillah) aytishni ko‘paytiringlar!” derdilar (Imom Ahmad, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Bugun, 30 aprel kuni O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi Diniy idora raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisining o‘rinbosari, akademik Rafiq Muxametshovich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yangi ochilgan oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda Qur’on kurslari faoliyati alohida e’tirof etildi.
O‘z navbatida, akademik Rafiq Muxametshovich Qozon islom universiteti diniy ta’lim yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish, xususan, o‘quv dasturlari va adabiyotlarini almashish yuzasidan muhim takliflarini ilgari surdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro aloqalarni tizimli va bosqichma-bosqich rivojlantirishga kelishib oldilar.
Do‘stona uchrashuv yakunida o‘zaro hadyalar almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati